Breaking News

Pandemiya davrida o'zbekistonlik ziyoli Nyu-Yorkda kitob yozdi


Asliddin Qamarzoda AQShdagi samarqandliklar haqida kitob yozdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:13 0:00

Asliddin Qamarzoda - Qo’shma Shtatlarda yashayotgan samarqandlik immigrantlar hayotini kitob qilayotgan o’zbekistonlik. Uning uchinchi kitobi koronavirus pandemiyasi davrida yozildi.

Asliddin Qamarzoda Qo’shma Shtatlarga 3 oyga kelib, bir yildan oshiq vaqtga qolib ketdi. Samarqandlik olim va yozuvchi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Qamarzoda 2015-yildan buyon AQShga safarlar qilib, bu yurtda yashaydigan hamshaharlari hayotini o’rganib keladi. U 2015-yilgi safari ortidan “Samarqandliklar Amerikada” va 2017-yili esa “Amerika daftari” safarnomalarini yozgan.

Asliddin Qamarzodaning 2020-yilgi safari mundarijasi pandemiya tufayli o’zgargan.

“Mening Amerikaga navbatdagi safarim o’tgan yil 31-yanvardan boshlangandi. Bu galgi safardan ham maqsad uch oylarcha mamlakat bo’ylab aylanish, Amerikada hali ko’rmagan shahar qishloqlarni, yodgorliklarni ko’rish edi. Lekin baxtga qarshi butun dunyoni qamrab olgan koronavirus degan bir balo barcha ishlarni paysalga soldi. Oqibatda o’zim ham Amerikaga bir yildan oshiq vaqtga qolib ketdim”,- deydi Asliddin Qamarzoda.

Pandemiya va karantinda yozuvchi ko’p qatori uydan chiqmay qoladi. Kelgusi kitobi qahramonlari bilan uchrashuvlar ham bekor bo’lgan. Uning o’zbekistonlik vatandoshlaridan eshitgani Qo’shma Shtatlarning 42 shahrida o’rnashgan samarqandliklarni ziyorati ham qoldirilgan. Endigi suhbatlar telefon va internet orqali kechardi.

“Lekin uyda o’tirgan bo’lsam ham men ko’pincha ijod bilan shug’ullandim. O’zbek tilidan tojik tiliga, tojik tilidan o’zbek tiliga tarjimalar qildim. Amerikada yashaydigan do’stlar, samarqandliklar to’g’risida kitob yozish maqsadida ancha material yig’dim. “Samarqandliklar Amerikada” nomli kitobim uchun materiallar to’pladim. Do’stlar bilan muloqotda bo’ldim, ularning Amerikadagi kayfiyati, vatanga qaytish niyatlari borligi va shunga o’xshash boshqa mavzularda suhbatlar qildik. Yana bir qilgan barakali ishimiz, Amerikaga kelib yashab mehnat qilib yurgan ba’zi ijodkorlarimiz bor. Ularning asarlarini to’plab “Muhojir ijodkorlar tazkirasi” nomi bilan katta bir kitobni tayyorlab nashriyotga topshirdim. Unda Amerikada muhojirlikda yashab ijod qilayotgan shoirlar, yozuvchilar, hatto bir ikkita rassomlarning ham asarlarini to’plab nashrga tayyorladim. Bu kitob vatanga bu yerdagi muhojirlarning bir sovg’asi sifatida esdalik bo’lib qolar degan maqsadim bor”,- deya tushuntiradi Qamarzoda.

Asliddin Qamarzoda Amerikadagi yurtdoshlari hayotini o'rgandi
Asliddin Qamarzoda Amerikadagi yurtdoshlari hayotini o'rgandi

Yozuvchi izlanishlari so’nggi yillarda O’zbekistonning Samarqandidan Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelganlar orasida ziyolilar ham oz emasligini ko’rsatgan.

“Men o’z tazkiramda 15ga yaqin shoir yozuvchilar va rassomlarning asarlari kiritilgan”,- deydi Qamarzoda.

Olim karantin pallasida asosiy vaqtini Bruklinda yashaydigan farzandi uyidagi ish stoli va kompyuter oldida o’tkazdi.

“O’zbekistonlik shoirimiz Shukur Dadashning hadislar to’g’risidagi (Hadis - hayot shamchirog’i) she’riy kitobini o’zbek tilidan tojikchaga tarjima qildim. Shuningdek afg’onistonda xizmat qilgan bir do’stimiz, Abdug’afur Izkandarning “Afg’on fig’oni” degan qissasini tarjima qildim. U yerda kitob muallifi Afg’oniston urushining butun mohiyatini, u afg’on urushi emas aslida Afg’oniston Amerika va Sovet Ittifoqi uchun bir poligon sifatida xizmat ko’rsatgan yaxshi bir asar. Keyin Tojikiston xalq shoiri, mashhur Sherali Loyiqning “Hayyom Jomiy” degan ruboyilar turkumini, 400 ga yaqin ruboyilarini o’zbek tiliga tarjima qildim. Bulardan tashqari sevimli yo’nalishim muxammas janrida 100 ta muxammas yozib ularni ham nashriyotga topshirdim”,- deya karantinda o’z vaqtini samarali o’tkazganini qo’shadi Asliddin Qamarzoda.

“Yana tazkira, yangi “Samarqandliklar Amerikada” degan kitobda 50 ga yaqin samarqandliklar o’zlarining hayotiy yo’llari, biografiyasi, tarjimai holi, Samarqandda nima ish qilgani-yu bu yerda nima ish qilishi, ikkovining farqi qanday, u yerdagi hayot va maosh, tirikchilik bu yerdagi bilan solishtirganda qanday. Paradokslari bilan keltiriladi. Suratlar bilan bezatilgan juda bir qiziq kitob bo’ladi. Menga Chikagodan, Ogayodan, Baltimordan, Filadelfiyadan, Amerikaning turli shaharlaridan ma’lumotlarga qaraganda, Amerikaning 42 shahrida samarqandliklar yashab mehnat qilib kelishyapti”, - deydi olim.

Nyu-York
Nyu-York

Qo’shma Shtatlarda istiqomat qilayotgan hamshaharlari safi yildan yilga kengayayotganini aytadi olim. Ular orasida hozir kimlarni uchratmaysiz deydi suhbatdosh. Ularning aksariyati esa bu yerdagi hayotini yangidan boshlashmoqda, ammo vatan bilan aloqa uzilmagani aniq.

“Hatto shahar, viloyat hokimi bo’lganlari ham bor yoki katta-katta idoralarning rahbarlari bo’lganlar bor. Bu yerga kelib taqdir taqozosi bilan, birinchidan tilni yaxshi bilmaganlaridan oddiyroq ishga, mutaxassisligiga teng kelmaydigan joylarda ishlayotganlari ham bor. Ularning asosiy maqsadi tirikchilikni o’rnidan qo’zg’atish. Ular ochiq aytishyapti, bu yerda bir kunda topdaganini u yerda bir oyda topolmaydilar. Yoki bir haftada topadiganlarini u yerda bir oyda topolmaydi. U yerda esa bola-chaqalari bor. Yana bir tomoni shundaki ko’pgina vatandoshlarimiz shu yerdan turib ham vatanga xizmat qilyaptilar. Pullarini u yerga jo’natyaptilar. Men hazillashib aytamanki, bir kishi bu yerdan turib Samarqandda 20-40 ta qozonni qaynatayotganlar bor. Chunki bittasi pul yuboradi u yerda o’g’limi qizimi uy quryapti. O’sha uy qurayotganda betonini quygandan tortib tomdagi tunukasini urgangacha hammasi bu yerning puli bilan qilyapti. Demak bu yerdagi bir kishi u yerdagi 20 qozonni qaynatyapti degan xulosa chiqadi”, - deya uqtiradi Asliddn Qamarzoda.

Nyu-Yorkda yana hayot qayta o’z iziga tushayotganini atrofidagi odamlar va vatandoshlari kayfiyatidan payqayotganini gapirib berdi suhbatdosh.

Olim, oradan bir yildan oshiq vaqt o’tib nihoyat shum xabarlar o’rnini Navro’z sayllari kabi quvonchli xabarlar egallayotganidan mamnun.

“O’tgan yil Navro’z qanday keldi, bahor keldimi, ketdimi, yoz qanday bo’ldi, kuz qanday bo’ldi, hech narsani bilmasdan o’tkazdik.Endi bu yil Xudo xohlasa hammasi bahordan boshlanyapti. Eshityapmiz har-har joyda Navro’z tantanalari o’tkazilyapti. Xudo xohlasa endi hammasi yaxshi bo’ladi degan niyatdamiz”,- deydi Asliddin Qamarzoda.

Pandemiya tufayli o’zining 80 yoshlik yubileyini ham Qo’shma Shtatlarda nishonlagan Asliddin Qamarzoda 2021-yilning aprelida Nyu-Yorkda ahvol o’nglanib shaharda boshqa 65-yoshdan oshgan keksalar qatori koronavirusga qarshi emlangach O’zbekistonga qaytdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG