Breaking News

Xitoy Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirish harakatida


Xitoy va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, 2021-yil, 11-may
Xitoy va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, 2021-yil, 11-may

Xitoyning Sian shahrida Xitoy va Markaziy Osiyo hamkorligiga bag'ishlangan xalqaro anjuman ish boshladi. Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi ikki kunlik “Xitoy-Markaziy Osiyo” uchrashuvi ko’p tomonlama hamkorlik formatida o’tishi belgilangan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirli Abdulaziz Komilov mazkur muloqot doirasida O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni ham muhokama qilgan.

Komilovning Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan o’tgan muzokarasida tomonlar o’rtasida iqtisodiy hamkorlik ko’rsatkichlarini yanada oshirish, turli yo’nalishdagi o’zaro munosabatlarni kengaytirish, shuningdek, Afg’onistondagi vaziyat masalasida ham gaplashilgan.

Xitoy mintaqaning eng yirik iqtisodiy hamkori, jumladan, O’zbekiston uchun ham. Xitoy O’zbekistonning asosiy savdo iqtisodiy sherigi bo’lib kelgan Rossiya o’rnini egallaganiga bir necha yillar bo’ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan marhum Islom Karimov xavotir bilan qarab kelgan Xitoy sarmoyasi uchun mamlakat eshiklarini keng ochdi.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonning tashqi qarzi, shuningdek, xorijiy sarmoyalar bo’yicha ulushning asosiy hajmi Xitoy hisobiga to’g’ri kelmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bu ko’rsatkich bir necha barobarga yuqori.

Tojikiston, Qirg’iziston kabi davlatlarning Xitoy oldidagi qarzi tobora yuksalib borayotgani jo'g’rofiy siljish, ayrim hududlarini Xitoy tasarrufiga o’tishi bilan kuzatilmoqda. Mintaqaning yana bir davlati Qozog’iston ham Xitoy bilan chegaradosh, yirik iqtisodiy aloqalarga ega. Xitoy Qozog’iston energetik bozoridagi faol ishtirokchilardan hisoblanadi.

Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishtiroki so’ngi o’n yillik davomida muntazam o’sib bordi. Bu hatto mintaqaning ayrim davlatlarida jiddiy aksilxitoy kayfiyatini ham yuzaga chiqardi. Qozog’iston va Qirg’izistonda Xitoy ta’siriga qarshi norozilik namoyishlari kuzatildi.

Qozoq ekspertlaridan biri Ermek Narimboyga ko’ra, bugunga kelib Xitoy Qozog’iston, butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun asosiy sarmoyadorga aylangan; mintaqa davlatlari Xitoy sarmoyasi uchun o’zaro raqobatga kirishmoqda.

“Asosiy xatar Xitoyning jo'g’rofiy jihatdan Markaziy Osiyoga qarab siljishidir. Qirg’iziston, Tojikiston kabi kichik davlatlar allaqachon garovdagi davlatlarga aylanishdi. Ular o’z iqtisodlarini Xitoy sarmoyasisiz tasavvur etmaydigan vaziyatga kelishdi. Qozog’istonning asosiy savdo hamkori ham Xitoy, gaz-neft sohasida jiddiy ulushlarga ega. Xitoy sirtdan qaraganda mamlakat siyosatiga aralashmaydi, inson huquqlari bilan ishi yo’q, ammo allaqachon siyosiy elitani sotib olgan, shuning hisobiga iqtisodiy ishtiroki yuksalishda davom etmoqda” - deydi ekspert.

Markaziy Osiyoda Xitoy ishtiroki o’sib borayotgani mintaqa hukumatlarining Pekinga nisbatan xayrixohligi, sarmoya oqimi tufayli boshqa xatarlarga, jumladan, Xitoydagi qardosh uyg’urlar taqdiriga ham ko’z yumayotgani bilan ham izohlanadi.

Ayni paytda xalqaro miqyosda Pekinga nisbatan kuchaygan tanqidlar inson huquqlari, Sharqiy Turkistondagi musulmonlar, minglab uyg’urlar, boshqa turkiy elatlarning Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotgani, ularning haq-huquqlari keskin toptalishi bilan bog’liq.

Xitoydagi mahalliy uyg’urlar, qozoq, qirg’iz va o’zbeklar bilan azaldan tarixiy aloqalarga ega bo'lgan Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat sukutda, balki Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) doirasida Pekin bilan terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashda jiddiy hamkorlik qilib keladi.

Bu kurash Markaziy Osiyodagi uyg’ur faollari taqdirini ham og’irlashtirdi. Xitoy talabiga ko’ra, mintaqa hukumatlari uyg’urlar ustidan nazoratni kuchaytirgan; tazyiqlardan qochgan uyg’urlarni Xitoyga qaytarish boshlandi.

Xitoyda, Sharqiy Turkistonda miilionlab uyg’urlar, boshqa turkiy elatlar azaldan yashab keladi. Pekin Sharqiy Turkistonda xitoylashtrish siyosatini boshlashi, bunga qarshilik qilgan uyg’urlarga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirishi ortidan minglab uyg’urlar qochqinga aylandi.

Qochqinlikdagi uyg’urlar Dunyo uyg’urlari Kongressiga asos solgan. Kongress xalqaro hamjamiyatni, dunyo davlatlarini, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarini Xitoy zulmiga qarshi turishga, haq-huquqlari toptalayotgan milliy ozchilik himoyasiga chiqishga chaqirib keladi.

Xorijdagi uyg’ur faollaridan biri Abdurahim Porachning aytishicha, Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirayotgan Markaziy Osiyo hukumatlari sukuti mintaqa uchun qimmatga tushishi mumkin.

“Xitoy Sharqiy Turkiston bilan cheklanmaydi; muttasil ravishda Turkiston tomonga siljib bormoqda. Afsuski, Markaziy Osiyo davlatlari bu tahdidni anglaganda ancha kech bolishi mumkin”, - deydi u.

Markaziy Osiyo tashqi vazirlari ishtirokida boshlangan “Xitoy - Markaziy Osiyo” uchrashuvi 12-may kuni, Xitoy tomonidan tashkil etilgan “Ipak yo’li” xalqaro ko’rgazmasida ishtirok etish bilan yakunlanishi xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG