Breaking News

AQSh raketa hujumidan ogohlantiruvchi sun’iy yo’ldoshini uchirdi


Fazo yangiliklari: Sun’iy yo’ldoshlar, Xitoy marsoxodi, SpaceX
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

Shu hafta AQSh Kosmik kuchlarining harbiy sun’iy yo’ldoshi biriktirilgan raketa osmonga ko’tarildi. “United Launch Alliance” kompaniyasi raketaning suyuq kislorod tizimidagi nosozlik tufayli parvozni biroz kechikib amalga oshirdi.

SBIRS GEO-5 apparati - infraqizil geosinxron sun’iy yo’ldoshlar missiyasining bir qismidir va raketa hujumidan erta ogohlantirish uchun mo’ljallangan. Bu missiyaga qo’shilgan beshinchi kuzatuv tizimidir.

“Lokxid Martin” kompaniyasi yaratgan 1 milliard dollarlik yangi sun’iy yo’ldosh infraqizil sensorlari yordamida dunyoning istagan nuqtasida raketalarni va ularning parvoz trayektortiyasini aniqlaydi, AQSh va ittifoqchilariga hujumga tayyorlanish imkoniyatini beradi.

“SBIRS tizimlariga ehtiyoj har qachongidan jiddiy. Ballistik raketa texnologiyasi tahdidi butun dunyoga tarqalmoqda”, - deydi “Lokxid Martin” vakili Tom Makkormik.

SBIRS sun’iy yo’ldoshlari 2020-yilda dunyo bo’ylab 1000 dan ortiq raketalar uchirilishini aniqlagan va kuzatgan.

SBIRS GEO-5 sun'iy yo'ldoshi biriktirilgan raketa
SBIRS GEO-5 sun'iy yo'ldoshi biriktirilgan raketa

Shu hafta AQSh Fazo agentligi NASA “Black Brant 12” nomli suborbital raketani ham uchirdi. Missiya olimlarga fazoning magnit maydoni bilan bog’langan qismlarini o’rganishga yordam beradi.

Tadqiqot doirasida atrof-muhitga bariy bug’i chiqariladi. NASAning bildirishicha, bu ekologiya va aholi salomatligi uchun zararsiz. Keyingi parvoz 26-mayga belgilangan.

Xitoy esa Marsga qo’nayotgan apparat videosini namoyish etdi. Marsoxod sayyorada tadqiqotlar olib boradi. Nomi “Chjurong”, olov xudosiga atab qo’yilgan. Shu tariqa Xitoy AQSh va sobiq Sovet Ittifoqi qatorida Marsga robot qo’ndira olgan uchinchi davlatga aylandi. AQSh - bu ishni bir necha bor muvaffaqiyatli amalga oshirgan yagona davlat.

Yerga qaytadigan bo’lsak, “SpaceX” xususiy kompaniyasi bu yili “Falcon 9” raketasida 15 ta missiyani yakunladi. “Starlink” dasturi doirasida yana 52 ta sun’iy yo’ldosh uchirilgan.

Astronomlarga ko’ra, bu uskunalar fazodagi manzarani kuzatishga halaqit beradi. “SpaceX” esa ushbu sun’iy yo’ldoshlar orqali yuqori tezlikdagi internetni yo’lga qo’ymoqchi.

Yana bir yangilik – agar hammasi rejadagidek amalga oshsa, yaqin orada ekologik jihatdan eng toza sun’iy yo’ldosh uchiriladi. Finlyandiyalik dizaynerlar uni faneradan yasab, bu material fazoda qanchalik chidab berishini sinab ko’rishmoqchi.

“Bu apparat orqali imkoniyatlarni o’rganyapmiz. Fazoda yog’ochga nima bo’lishini ham kuzatamiz. Bu hech qachon katta biznesga aylanmaydi, lekin bu turdagi materiallarning o’z o’rni bor”, - deydi loyiha rahbari Yari Makinen.

Dizaynerlarning aytishicha, metall o’rniga yog’och ishlatish orqali an’anaviy sun’iy yo’ldoshlarni ishlab chiqarish jarayonidagi zararli gazlarni, shuningdek, fazoda chiqindini kamaytirsa bo’ladi. “Woodsat” yo’ldoshini shu yil oxirida uchirish rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG