Dunyo bo’ylab, xususan, AQShda yahudiylarga qarshi hujum holatlari ko’paygani xabar qilinmoqda. 2019-yil AQShda antisemitizm eng kuchaygan yil sifatida tarixga kirgan.
Xavfsizlik kamerasi orqali tasvirga olingan bu lavhalarda bir kishi Nyu-Yorkning Riverdeyl mahallasidagi sinagogaga tosh otayotgani aks etgan. U bu bilan kifoyalanmay, shu atrofdagi boshqa yahudiy binolarini ham toshbo’ron qilgan.
Sinagoga a’zosi va qo’riqchilaridan biri Jonatan Bornsteyn hujumlardan biriga shaxsan o’zi guvoh bo’ldi.
“Uning bunchalik oshkoraligi, guvohlar borligiga ham parvo qilmagani uning qanchalik xavfli ekanini ko’rsatadi”, - deydi u.
Bir hafta ichida uchta sinagogaga hujum uyushtirilgan. Bir marta hujum qilgan shaxs hatto binoning ichiga ham kirgan.
“Jamoamizdagi bir nechta ibodatxonalarga hujum bo’ldi. Bu narsa yahudiy jamiyatiga va an’analariga hujumdek ko’rinyapti”, - deydi Riverdeyl yahudiy markazi yetakchilaridan biri Joshua Shlenger.
Amerikada yahudiylarga qarshi hujumlar yangilik emas. Tuhmatga qarshi liga ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili 50 shtatning 47 tasida antisemitizm holati qayd etilgan.
“Antisemitizm dunyodagi eng qadimiy nafrat. Uning qaysidir shakllari har doim biz bilan”, - deydi Shlenger.
2019-yilda yahudiylarga qarshi jinoyatlar 2100 tani tashkil etgan. Bu shu paytgacha kuzatilgan eng katta raqam ekani aytilmoqda. Pandemiyaga qaramay, 2020-yilda ham hujumlar soni kamaymagan.
“Jamiyatimiz bo’lingan va qutblashgan davrda yashayapmiz. Mavhumlik hukmron jamiyatda odamlar aybdor qidiradi”, - deydi Tuhmatga qarshi liga rasmiysi Skot Richman.
Pandemiya davrida nafratga asoslangan hujumlar internetga ko’chdi. O’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, jami qatnashchilarning 41 foizi va yahudiylarning 36 foizi o’tgan yili internetda tahqirlarga duchor bo’lganini aytgan. “Zoom” orqali muloqotlarni buzish holatlari ham ko’paygan.
“Nafratni yoyishda ijtimoiy tarmoqlar qo’l kelyapti. U odamlarga birlashib, o’z so’zini boshqalarga yetkazish va nafratini bemalol aytish imkonini beryapti”, - deydi Richman.
“Facebook” va “Twitter” kabi kompaniyalar noto’g’ri yoki nafratga asoslangan ma’lumotlarni o’chirib, ui tarqatganlarni bloklaydi. Shunga qaramay, yahudiylarga qarshi onlayn hujumlar yildan yilga ko’payib bormoqda.
“Xavotirim shuki, onlayn nafrat, kiber nafrat va “Zoom”dagi xurujlar biz bilan saqlanib qoladi. Normal hayot boshlansa, pandemiyadan oldingi darajaga qaytamiz”, - deydi Richman.
May boshida Nyu-York politsiyasi 29 yoshli Jordan Burnetni hibsga oldi. U nafrat jinoyatiga aloqador 42 holat bo’yicha ayblanmoqda. U sudgacha garov evaziga qo’yib yuborilgan. Bu esa jamaotchilikni yanada xavotirga soldi.
“Undan, uning erkin yurishiga ruxsat bergan huquqiy tizimdan xavotirdamiz”, - deydi yahudiylar vakili Jonatan Bornsteyn.
So’nggi so’rovga ko’ra, odamlarning 11 foizi yahudiylarga qarshi fikrini ichida saqlagan. Ekspertlarning aytishicha, vaziyatni o’zgartirish uchun ta’lim muhim ahamiyatga ega.
Facebook Forum