“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi o’z faoliyatini tugatdi. Rasman ro’yxatdan o’ta olmagan bu partiya baribir jamoatchilik uchun ma’lum bir missiyani bajardi deyish mumkin.
Follarga ko’ra, partiya avvalo iqtidordagi islohotchi hukumatning ham muxolifatga chidash bermasligi, barcha turdagi bosimlarni ishga solishi mumkinligini ko’rsatdi. Ikkinchidan, jamoatchilik o’z siyosiy huquqi, tanlovi uchun kurashga tayyor emasligini ham isbotladi. Ikki mingdan oshiq fuqaro partiya uchun berilgan o’z imzosini qaytarib olish bo’yicha Adliya vazirligiga murojaat qilganini boshqacha izohlash qiyin.
Ayni paytda mamlakatda yangi siyosiy partiyalar tuzish tashabbusi haqidagi bayonotlar ko’paygan. Jumladan, faoliyati yakunlangan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi o’rnida ham. Bu mazkur partiyaning bir yildan oshiq davom etgan harakati jamoatchilikka ayrim umidlar bergani bilan ham bog’liq.
Maxsus xizmatlar, ichki ishlar, sud va mahalla tizimidan bosim sifatida foydalanilganiga qaramasdan, mamlakatda muqobil siyosiy tanlov uchun imzo bergan minglab fuqarolar, yoshlar, keksalar borligi ko’rindi.
Avvalroq Adliya vazirligi 20 mingta imzo to’play olmagan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tashkiliy qo’mitasi tugatilishi, partiya uchun imzolar yig’ishni to’xtatish haqida ogohlantirish bergan edi. Buning ortidan partiyaning bir guruh faollari partiya faoliyati yakunlanganini e’lon qilib, ishonch oqlanmagani uchun jamoatchilikdan uzr so’rab chiqdi.
“Haqiqat va taraqqiyot” faollarining yangi siyosiy partiya tuzish rejasi kelajak masalasi. Ammo so’nggi yillarda ilk bor qayd qilingan mustaqil siyosiy partiya tuzish harakatining yo’qqa chiqishi jiddiy mulohazaga undaydigan mavzu. Ayniqsa, siyosiy tanlov imkoniyati jamoatchilikka Karimovning chorak asrlik diktaturasidan keyingi islohotlar shiori ostidagi so’nggi besh yillikda ilk bor taqdim etilgani inobatga olinsa.
Facebook Forum