Breaking News

"Yangi O'zbekiston"da qanday yangi qonunlar qabul qilinmoqda?


Saylov yaqinlashayotgan O’zbekistonda hokimiyat himoyasi kuchaytirilmoqda. Hokimiyat vakiliga qarshilik qilgan shaxs uch yilgacha qamalishi mumkin.

O’zbekistonda ommaviy tartibsizlik, namoyishlarga da’vat etganlik uchun qamoq jazosi belgilanishidan ko’p o’tmay hokimiyat vakiliga qarshilik uchun ham jazo chorasi kuchaytirilmoqda.

28-iyun kuni Qonunchilik palatasida o’tgan fraksiya yig’ilishida Jinoyat kodeksining 219-moddasiga o’zgartirishlar kiritish muhokama qilingan.

Hokimiyat vakiliga qarshilik qilganlik uchun jarima miqdorini 50 barobardan 100 barobarga ko’tarish, ozodlikdan cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolarini esa bir yildan uch yilgacha belgilash taklifi ma’qullangan.

Loyiha “Milliy tiklanish” fraksiyasi tomonidan taqdim qilingan. Ta’kidlanishicha, hokimiyat vakiliga qarshilik uchun jazo choralarining kuchaytirilishi davlat idoralari vakillari himoyasini mustahkamlaydi.

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov so’nggi paytda aholi o’rtasida huquq tartibot idoralari vakillariga nisbatan tajovuz kayfiyati ortayotgani, ko’rsatkichlar oshganini ta’kidlagan.

Avvalroq ommaviy tartibsizliklarga, namoyishlarga da’vat etganlik uchun besh yilgacha qamoq jazosini joriy etish bo’yicha qabul qilingan o’zgarishlar ham aynan “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan edi.

Hokimiyat vakiliga, huquq tartibot idoralariga qarshilik ko’rsatganlik uchun jazo chorasini kuchaytiruvchi o’zgarishlar hozircha faqat fraksiya yig’ilishida ma’qullangan. Ammo loyihaning shu tartibda yalpi majlisda ham tasdiqdan o’tishi shubha uyg’otayotgani yo’q.

So’nggi paytda namoyishlar o’tkazish, ommaviy tartibsizliklarga ijtimoiy tarmoqlarda da’vat qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik qilish bo’yicha qonunchilik, jazo choralari jiddiy keskinlashtirilgani kuzatilmoqda.

Xalqaro huquq tashkilotlari, jumladan, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ham, qonunchilikka kiritilgan so’nggi o’zgarishlarni fuqarolik jamiyati rivojiga to’sqinlik qiluvchi qadamlar sifatida baholagan edi.

Mahalliy faollar so’nggi o’zgarishlarni mamlakatda kutilayotgan prezidentlik saylovlari bilan ham bog’laydi. Ayniqsa, ommaviy namoyishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi da’vatlar uchun javobgarlikning keskin kuchaytirilgani yig’ilish va namoyish o’tkazishni deyarli imkonsiz qilgan.

“Hukumat saylov arafasida har qanday yig’ilishlarni taqiq ostiga olishni rejalagan. Ayniqsa, gap siyosiy tanlov, saylash masalasida bo’lsa. Norozilik namoyishlari o’tkazish nari tursin, bir necha kishi yig’ilib saylov haqida ochiq gaplashish ham mumkin bo’lmay qoldi. Siyosiy harakatlarning biror tadbir o’tkazish imkoniyati avval ham taqiqda edi. Hozir ham bu taqiq o’zgarmadi”, - deydi huquq himoyachisi A’zam Turg’unov.

O’zbekistonda aholining favqulodda norozilik chiqishlari, yo’l to’sishlar istisno qilinsa, fuqarolik jamiyati tomonidan rejali namoyishlar o’tkazish deyarli kuzatilmagan.

Buning sababi namoyishlar, aksiyalar o’tkazishga ruxsat berish vakolati mahalliy hokimiyatlarga berilgani, so’nggi paytga kelib esa, ommaviy namoyishlar uchun javobgarlik jinoiy tus olganiga bog’liq ko’riladi.

Mamlakatdagi faollardan biriga ko’ra, O’zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy partiyalar tuzishga doir urinishlar hokimiyatning jiddiy bosimi ostida qolganiga qaramasdan, yetakchilar bu bosimlarga qarshi norozilik namoyishlari o’tkazishga jazm qilmagan. Buning ortidan tazyiqlar yanada kuchayishi, yangi ayblovlar bilan yuzlashishdan ehtiyot bo’lgan.

Ayni paytda O’zbekistonda qonuniy tarzda norozilik aksiyalari, namoyishlar uyushtirish imkoniyati keskin cheklangan. Tashkilotchilar esa bu haqda sal kam bir oy oldin mahalliy hokimiyatni ogohlantirishi, ruxsat olishi zarur.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlardan aholining favqulodda norozilik aksiyalariga chiqishi ko’payayotganini kuzatish mumkin. Davlat idoralariga nisbatan qarshilik ko’rsatish holatlari oshgani ham ehtimol bilan shu bilan bog’liq.

O’zbekiston parlamenti bu vaziyatda hokimiyat vakiliga nisbatan qarshilik ko’rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishini maqsadga muvofiq topayotgan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG