Breaking News

Tojikiston Afg'oniston bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirmoqda


Badahshon viloyatiga safarbar qilingan qo'shimcha kuchlar, Afg'oniston, 4-iyul, 2021.
Badahshon viloyatiga safarbar qilingan qo'shimcha kuchlar, Afg'oniston, 4-iyul, 2021.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 5-iyul kuni Afg’oniston bilan chegarada xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 20 ming askarni safarbar qildi. Bir kun avval mingdan ziyod Afg’oniston harbiylari Tolibon hujumidan qochib, Tojikistondan panoh topgani ortidan chegarada vaziyat yanada keskinlashgan.

Siyosiy murosaga erishilmagan va sulh muzokaralari to’xtab qolgan Afg’onistonni xorijiy kuchlar tark etar ekan, jang maydonlarida Tolibonning qo’li baland kelmoqda.

Tojikiston rahbari Afg’oniston va mintaqadagi vaziyatni muhokama qilish hamda kollektiv choralar ko’rish borasida xalqaro miqyosda muhim chaqiriqlar bilan chiqdi. Mamlakatda yirik harbiy bazaga ega bo’lgan Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan ham xavfsizlik masalasini muhokama qildi.

Putin favqulodda vaziyatlarda Moskva Tojikistonni dastaklashini ma’lum qilgan. Kreml bergan bayonotga ko’ra, Rossiya Tojikistonni to’g’ridan-to’g’ri hamda mintaqaviy xavfsizlik bloki vositasida qo’llab-quvvatlaydi.

Tojikistonda Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan bo’lib, tanklar, vertolyotlar va raketalar bilan qurollangan qo’shinga ega.

“Reuters” agentligi Dushanbedagi manbalariga tayanib bergan ma’lumotga ko’ra, hukumat Afg’onistondan kirib kelish ehtimoli bo’lgan qochqinlar uchun chegara yaqinida maxsus lager tashkil etishni rejalamoqda.

Tolibon Afg’onistonning shimoliy hududlarida hujumlarni kuchaytirar ekan, yuzlab hukumat askarlari 4-iyul kuni qo’shni Tojikistonga qochishga majbur bo’lgan. Voqea AQSh kuchlari mamlakatdagi asosiy aviabazasi bo’lgan Bagramni tark etganidan ikki kun o’tib yuz bergan.

Tolibon mamlakat shimolida Tojikiston va Xitoy bilan chegaradosh Badahshon viloyatidagi muhim olti tumanni egallab olishga muvaffaq bo’ldi. Ayovsiz hujumlardan qochib, panoh istab kelgan hukumatning 1037 nafar harbiysiga Tojikiston o’z hududiga kirishga ijozat bergan.

4-iyul kuni Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani Emomali Rahmon bilan voqealar rivojini telefon orqali muhokama qilgan.

Dushanbe bergan bayonotga ko’ra, Rahmon chegaradagi vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirda ekanini Afg’oniston rahbariga ma’lum qilgan.

Tojikiston rahbari vaziyatni, shuningdek, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart Tokayev bilan ham muhokama qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG