Komil Latipov Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelganiga 16 yil bo’ldi. Taekvondo yo’nalishida karyerasini 2000-2005 yillarda Tojikiston terma jamoasiga qabul qilinganidan keyin boshlagan. Markaziy Osiyo o’yinlarida ikkinchi o’rinni, ko’plab xalqaro musobaqalarda ham g’oliblikni qo’lga kiritgan.
Komil Latipovni eng muvaffaqiyatli muhojirlardan deyish mumkin. Denver shahrida u o’z sport klubini yuritadi. Shogirdlari AQShda va xorijiy turnirlarda birinchi o’rinlarni egallab kelmoqda.
“Tojikistonning Dushanbe shahrida yashaganman. O’sha yerda 5 yoshimdan sportga qatnaganman. Rahmatli otam meni sambo va kikboksing to’garaklariga olib borgani yodimda. So’ng taekvondoni tanladim, chunki bu Olimpiya o’yinlarida bor. Tojikistonda yuridik fakultet talabasi edim. 2005-yilda Nyu-Yorkka keldim. 2007-yilda Koloradoga ko’chib o’tib, Denverda jang san’ati maktabini ochdim”, - deydi u.
Latipov doim ham sevimli, ham daromad keltiradigan ish bilan shug’ullanishni xohlagan.
“Bu klubni nega ochdim, bilasizmi? Chunki ushbu sport turini yaxshi ko’raman. AQShda bunday sportzal ochib, uni yuritish uncha qiyin emas. Bir jihatdan, butun umr shu ish bilan shug’ullanganman”, - deydi Latipov.
“Salom, meni ismim Alana Shamanova. Qariyb besh yildan buyon taekvondoga qatnayman. Bu yerga kelishimning sababi, boshqa davlatlardan bolalar bilan muloqot qilaman, ulardan o’rganaman, do’st orttiraman”, - deydi o’quvchilardan biri.
“Qatnayotganimga deyarli bir yil bo’ldi. Yaxshi ko’rganim – sparring. Boshqalar bilan jang qilish mahoratimni oshirishga, diqqatimni bir joyga jamlashga yordam beradi”, - deydi yana bir o’quvchi, Shahriyor Junaydullayev.
Komil Latipovning aytishicha, uning jang san’ati bo’yicha maktabi - Amerikada eng yaxshilaridan.
“Chempionlarimiz ko’p. Pandemiyadan oldin oltita shunday zalimiz bor edi. Hozirda shulardan bittasi ochiq va unga 120-130 o’quvchi qatnaydi. Shogirdlarimiz juda tajribali, ulardan biri jahon chempioni. AQShda chempion bo’lganlari ham anchagina. Taekvondodan tashqari kurash va kikboksing turnirlarida ham qatnashamiz”, - deydi u.
“7-8 yildan beri taekvondo bilan shug’ullanaman. Yaqinda Las-Vegasda ikkinchi o’rinni oldim. Sportzalimizga qatnaydiganlar orasida Markaziy Osiyodan kelgan bolalar ko’p, markaziy osiyolik murabbiylar ham bor”, - deydi o’quvchi Malika Latipova.
“Taekvondo mashg’ulotlarini boshlaganimda taqriban 13 yoshda edim. So’ng tashlab qo’yib, 6 yil oldin oilam bilan Amerikaga kelganimdan keyin qayta boshladim. O’g’lim va qizim ham qatnaydi. Uch yildan beri shu yerga kelamiz”, - deydi murabbiylardan biri Azim G’ulomiy.
Taekvondo – bu hayot tarzi va fikrlash uslubidir, deya tushuntiradi murabbiylar. Hayotining eng mashaqqatli pallasida ham ushbu trening o’quvchilarga teran fikrlashga yordam beradi.
Shogirdlarim, deydi Komil Latipov, kuchli va maqsadga erisha oladigan insonlar bo’lib yetishadi. Biznesda esa, unga ko’ra, muvaffaqiyat kaliti o’zingizga yoqqan ish bilan shug’ullanish va chekinmaslikda.
“Vatandoshlarga maslahatim shuki, Amerikada biznes boshlash uchun qattiq mehnat qilish lozim. O’z biznesim bo’lsin desangiz, kuchli xohish kerak. Amerikaga kelib, orzuimni amalga oshirganimdan xursandman. Imkoniyatlar o’lkasi bu”, - deydi Latipov.
Facebook Forum