Tolibon Afg’onistonda hukmronligini o’rnatar ekan, guruh 90-yillarda qo’l urgan jinoyatlar qayta takrorlanishi mumkinligidan xavotirlar kuchli. 23 yil avval Tolibon Mozori Sharifda minglab odamlarni qatl qilgan edi. Bu ko’pchilikning yodidan ko’tarilgani yo’q.
Huquq faoli va Afg’onistondagi hazora ozchilik elati vakili 26 yoshli Hadya Essazoda o’tgan yili dekabrda vatanini tark etib, AQShdan boshpana oldi.
U 1998-yil 8-avgust kuni Tolibon Mozori Sharifni egallab olgandan so’ng amalga oshirgan qatliomda omon qolganlardan.
Uning o’sha payt 13 yoshda bo’lgan akasi Ahmad ham Tolibon qo’lida halok bo’lgan.
“Qaysi qonunda, qaysi diniy kitobda 13 yashar bolani mashinaga bog’lab, ko’chalarda sudrab o’ldirish mumkin, deb yozilgan?” – deya so’raydi Hadya Essazoda.
AQShning 2001-yilgi hisobotiga ko’ra, Tolibon Mozori Sharifni egallashi ortidan kamida 2000 fuqaroni qatl etgan.
Xalqaro huquq tashkilotlari esa o’limlar soni aslida bundan bir necha mingga ko’p ekanini aytadi.
AQShga ko’ra, 1998-yilgi qatliom hazora va o’zbek kuchlari tomonidan 1997-yil 2000 tolib asirining o’ldirilishiga javob sifatida amalga oshirilgan.
Toliblar qo’lida o’ldirilganlarning aksariyati ozchilik shia mazhabiga doxil hazoralar bo’lgani aytiladi.
Mozori shariflik yana bir hazora ayol Ma’suma ham o’sha mash’um qatliomda o’z yaqinlarini yo’qotgan.
Shahar yaqinda Tolibon qo’liga o’tishidan bir kun oldin “Amerika Ovozi”ga gapirgan bu ayolning aytishicha, toliblar turmush o’rtog’ini uning ko’zi oldida otib tashlagan.
Shuningdek, Mas’uma o’g’li g’oyib bo’lganini va uni o’shandan beri ko’rmaganini aytadi.
“O’g’lim uyga qaytishini hanuz kutyapman. Agar tirik bo’lmasa, uni ham Tolibon o’ldirgan. Lekin uni haligacha kutaman”, - deydi ona.
Tolibon mamlakatda yana hukmronligini o’rnatar ekan, o’tmishda yo’l qo’ygan xatolarini takrorlamaslikka va’da bermoqda.
Essazodaning aytishicha, agar o’z so’zida tursa, u Tolibonni kechirishga tayyor.
“Oddiy fuqarolar ortiq o’ldirilmasligi, bolalar, qizlar maktabdan to’silmasligi kerak. Mening boshimdan o’tganini boshqa biror afg’on qizi ko’rishini xohlamayman”, - deydi u.
Bostonda yashovchi tarixchi Zahro Lutfining aytishicha, Tolibon o’z qarashlarini o’zgartirganiga ishonish qiyin.
“O’tgan yillar davomida Tolibonning hazoralarga nisbatan tutgan siyosati ularni bitta-bitta topib o’ldirish bo’lgan”, - deydi u.
Ma’suma qiz farzandlarining kelajagidan tashvishda.
“Aytishlaricha, Tolibon yosh va chiroyli qizlarni majburlab o’zlariga xotinlikka olar ekan. Bolalarni esa kechasi olib chiqib ketib, o’ldirisharkan. Ayollar ham, erkaklar ham xavfdan xoli emas. To’rtta qizim bilan endi qayerga boraman?” – deydi u.
G’arb ommaviy axborot vositalarining yozishicha, so’nggi paytlarda Tolibon nazoratiga o’tgan hududlarda ayollarni majburlab nikohga uzatish holatlari kuzatilmoqda.
Facebook Forum