Afg’onistonda minglab amerikaliklar va afg’onlarni evakuatsiya qilishda yordam berish uchun Kobulga qo’shimcha bir necha yuz AQSh askari borgan.
“Ularni mamlakatdan chiqaramiz. 5000 ga yaqin odam evakuatsiya qilindi hozircha. Ishni jadallashtiramiz”, - dedi AQSh Qurolli kuchlari armiya generali Mark Milli.
Aeroport tashqarisini Tolibon nazorat qilarkan, jangarilar mamlakatdan chiqmoqchi bo’lganlarning yo’lini to’sayotgani haqida xabarlar bor. AQSh harbiylari Tolibon bilan bu masalada kelishishga majbur.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning muxbirlarga aytishicha, harbiylar jangarilar bilan to’qnashmaydi, aeroport xavfsizligini ta’minlash bilan shug’ullanadi.
Olomonning to’poloni va vahimasi sabab dushanba kuni aeroportning parvozlarni boshqarish markazi bir necha soatga ishini to’xtatgan, tashqarida otishma yuz berib, o’lganlar bor.
“Aeroport tashqarisini ham nazoratga olish uchun yetarlicha salohiyatga ega emasmiz”, - dedi Ostin.
Mamlakatdan qochgan Prezident Ashraf G’ani yurtdoshlariga “Facebook” orqali murojaat qildi.
“Qon to’kilishlari va Kobulning vayron bo’lishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida shaharni tark etishga majbur bo’ldim”, - dedi u.
G’ani ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida.
AQSh evakuatsiya ishlarini 31-avgustgacha tugatamiz degan, biroq bunga aslida ko’proq vaqt kerak bo’lishi mumkin.
“Qancha vaqt berilgan bo’lsa, shu vaqt ichida imkon qadar ko’proq ishni uddalashga harakat qilamiz. Ikki hafta bo’ladimi yoki undan ko’proq, iloji boricha berilgan vaqtdan unumli foydalanamiz”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
“ABC” telekompaniyasiga bergan intervyusida Prezident Jo Baydenning bu boradagi javobi evakuatsiyani kutayotgan afg’onlarni umidsizlantirgan bo’lishi mumkin.
Prezident Bayden: - Evakuatsiyani 31-avgustgacha tugatishga harakat qilishimizni amerikaliklar tushunishi kerak.
"ABC" boshlovchisi Jorj Stefanopulos: - Ulgurmasak, qo’shinlarimiz qoladimi?
Prezident Bayden: - Kim qolganiga qarab hal qilamiz.
"ABC" boshlovchisi Jorj Stefanopulos: - Innakeyinchi?
Prezident Bayden: - Amerika fuqarolari qolgan bo’lsa, askarlarimiz ular chiqarilmaguncha qoladi.
18-avgust kuni Jalolobod shahrida mahalliy aholi Tolibon boshqaruviga qarshi namoyish boshlashi ketidan Afg’onistonning boshqa shaharlarida ham Tolibondan norozi odamlar ko’chaga chiqmoqda. Xususan, bugun 19-avgustda – Afg’onistonning Britaniya mustamlakasidan mustaqil bo’lgan kun kobulliklar poytaxt ko’chalari orqali uzun milliy bayroqni olib o’tdi.
Ayrim joylardagi namoyishlarda odamlar Tolibonning oq bayrog’ini yirtib tashlagani xabar qilinmoqda. Sharqdagi Asadobod shahrida esa jangarilar namoyishchilarni o’qqa tutib, bir nechtasini o’ldirgan.
Namoyishlar oz sonli bo’lgani bilan Kobul aeroporti tashqarisida mamlakatni tark etish umidida to’plangan minglab odamlarni hisobga olganda Afg’onistonda hamma ham Tolibon kelganidan xursand emasligini ko’rsa bo’ladi.
Xorijiy kuchlarning Afg’onistondan chiqarilishi islomiy harakatning harbiy yutuqlarini tezlashtirib yubordi. Tolibon siyosati mo’tadilroq bo’lishini, qizlar va ayollarga ta’lim olishga va ishlashga ruxsat berilishini, toliblarga qarshi jang qilgan afg’onlarga nisbatan amnistiya e’lon qilinishini aytmoqda, biroq hamma ham ularning bu so’zlariga ishonayotgani yo’q.
Ayniqsa afg’on ayollari. Kobuldan qochishga muvaffaq bo’lgan rejissor Sahro Karimiy yaqingacha Afg’oniston davlat kinokompaniyasini boshqargan ilk ayol edi. Tolibon Kobulga kirishi bilan u aka-ukalari va jiyanlarini olib, mamlakatdan chiqib ketdi.
Ukraina poytaxti Kiyevda “Reyter” muxbiriga kechinmalari haqida so’zlagan ayolga ko’ra, unga Turkiya va Ukraina hukumatlari yordam bergan.
"Tolibon san’at va madaniyatni qo’llab-quvvatlamagan, bundan keyin ham qo’llab-quvvatlamaydi”, - dedi Karimiy.
Rejissorning “Xava, Maryam, Oysha” deb nomlangan kartinasi 2019-yilda Venetsiya kinofestivalida namoyish etilgan edi. 36 yashar san’atkorning aytishicha, toliblar afg’on kinosi va ayollari huquqlarini barbod qiladi.
Afg’oniston davlat teleradiokompaniyasida televizion yangiliklar ko’rsatuvi boshlovchisi Shabnam Davronning bayonoti bunga yaqqol bir misol. Kanalda 6 yil ishlagan jurnalist ayolning aytishicha, Tolibon hokimiyatni qo’lga olishi bilan unga ishga chiqmaslikni tayinlagan.
"Tuzum o’zgardi. Uyingga bor, bu yerda ortiq ishlamaysan” deyishdi menga”, - deydi u.
Biroq “Shamshod Nyus” telekanaliga ko’ra, kecha Hirotda yuqori sinf o’quvchi qizlari maktabga qaytgan. Kadrlarda qizlarning maktab hovlisida bemalol yurganini, sinfxonalarda o’tirganini ko’rish mumkin.
Facebook Forum