1991-yilning avgustida Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov sovet respublikalari bilan SSSRni suveren davlatlar konfederatsiyasiga aylantirish to’g’risida muzokara olib borayotgan edi.
20-avgust bu boradagi kelishuvni imzolash kuni edi. Ammo bir kun qolganda reformalarga qarshi bo’lgan bir guruh kommunist rahbarlar favqulodda holat e’lon qiladi.
“Ittifoq qulaydi, Sovet Ittifoqi tugaydi degan gaplar to’ntarishga turtki bergan. Sotsializm emas. Fitnaga boshchilik qilganlar uchun sotsializm “hokimiyatda qolish” degani edi xolos. Ularni ruhlantirgan omil va, umuman, Rossiyada aksil-demokratik to’lqinlar ortida doimo imperiya masalasi yotadi”, - deydi Tashqi siyosat institutidan tahlilchi Stiven Blank.
19-avgustda Davlat xavfsizlik qo’mitasi, KGB, Mixail Gorbachyov va uning oilasini Qrimdagi qarorgohida ushlab turadi, tashqi dunyo bilan aloqa qilishiga yo’l qo’ymaydi. U qamoqqa olingani haqida gap tarqaladi.
Ammo Sovet rahbari dachada kichik radio orqali nimalar bo’layotgani, Moskva ko’chalarida tanklar yurgani, fuqarolar namoyish qilayotgani haqida xabar topgan.
Favqulodda vaziyat bo’yicha davlat qo’mitasi qarorlarini Rossiyaning yangi saylangan prezidenti Boris Yeltsin qoralab chiqadi. Tank ustiga chiqib u fuqarolarga murojaat qiladi, konstitutsiya qo’pol ravishda buzilganini ta’kidlaydi.
Aylin Okonor 1991-yilda “CNN” telekanalining Moskvadagi muxbiri edi. Yeltsinning siyosiy karyerasini kuzatgan, saylov kampaniyasini yoritgan.
“Uning ishlari men bilgan Yeltsinning tabiatiga monand edi. Islohotga moyil, cho’rtkesar, ba’zida impulsiv lider bo’lgan. O’sha holatda shunday xislatlar kerak edi”, - deydi jurnalist.
Fitna boshida turganlar o’sha kuni ilk bor matbuot anjumani o’tkazadi. GKChP, ГКЧП- Государственный комитет по чрезвычайному положению ) nomini olgan qo’mita yetakchisi, SSSR Vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev o’z chiqishida Sovet Ittifoqi parchalanishi haqida ogohlantirgan.
“To’ntarish muvaffaqiyatsiz tugagani ayon edi. Televizorni tomosha qilib turib, agar bu haqiqiy to’ntarish bo’lsa nega ko’rsatishyapti, nega hech narsa bo’lmayapti deb so’raganim esimda”, - deydi Stiven Blank.
Moskvadagi voqealarni Vashingtonda yaqindan kuzatishgan. AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi Rossiyada harbiy to’ntarish ehtimoli borligi haqida prezidentga maxfiy hisobot bergani keyinchalik ma’lum bo’ldi.
Sovet Ittifoqi shaharlarida minglab odam davlat to’ntarishini qoralab namoyishga chiqqan. Ayrim harbiy bo’linmalar namoyishchilar tarafiga o’tgan. 21-avgust tongida Gorbachyovni hokimiyatdan chetlashtirish harakati natija bermagani ayon edi. Ammo u Qrimdan qaytganida Yeltsin siyosiy yulduz sifatida maydonga chiqib bo’lgan edi.
“Boris Yeltsin saylov yo’li bilan Rossiya Federatsiyasi prezidenti bo’lib, mamlakatdagi eng katta etnik guruh ko’zi oldida legitimlikka erishgan. Mixail Gorbachyov esa hech qachon aholi tomonidan saylanmagan. 1991-yil avgust voqealari shuni ko’rsatadiki, xalq ovozini va quvvatlovini olish o’ta muhim. Gorbachyovning eng katta xatosi shu”, - deydi Yevrosiyo bo’yicha ekspert Pol Gobl.
To’ntarishdan so’ng respublikalar birma-bir ittifoqni tark etishini e’lon qilgan. Ekspertlarning aytishicha, avgust voqealari Sovet Ittifoqi parchalanishining sababi emas, balki bunga turtki bergan, sovet imperiyasi qulashini tezlashtirgan.
Facebook Forum