Tolibon Afg’onistonni boshqarayotganiga bir oy bo’lganiga qaramay, bu mamlakatdagi ayollar maqomi hanuz mavhum. Yuqori sinf o’quvchi qizlari va davlat oliy o’quv yurtlarida tahsil olgan talaba qizlarga o’qishga qaytishga hozircha ruxsat yo’q. Xususiy universitetlarda ayrim talabalar o’qishini davom ettirgan, biroq sinfda qizlar yigitlardan alohida o’tirishi shart.
Tolibon qizlarning xavfsizligi ta’minlanishi va o’qishga borib-kelishi tashkil etilishi ketidan o’qish jonlanadi deb aytmoqda.
Mahbuba Siroj kabi faollar eski kunlar qaytishidan xavotirda.
"Tolibon hokimiyatga ilk kelganida qizlar uchun maktablar yopiladi deb aytishmagan edi. O’shanda ham hozirgiday “qizlar uchun sharoit yaratishimiz kerak” deb bahonalar qilishgan edi. Afg’on ayollari olti yil kutdi, sharoit yaratilmadi”, - deydi Siroj.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken sentabr oyida Kongressdagi tinglovda qatnashib, xodimlaridan birini afg’on ayollari bilan bog’liq vaziyatni nazorat qilish uchun mas’ul etib tayinlashini qonunchilarga aytgan edi, biroq haligacha bunday bo’lmadi.
Vakillar palatasiga Demokratik partiyadan saylangan Meri Gey Skanlonning aytishicha, iste’dodli odamlar va ayollar hissalarini inobatga olmaydigan jamiyat rivojlanmaydi.
“Tolibon ayollar huquqlari va xalqaro qonunlarni hurmat qilmasa, AQSh Afg’onistonning muzlatilgan pullarini qaytarmaydi”, - dedi qonunchi.
Afg’onistonda ayollar kichik sonli namoyishlar uyushtirib, qizlarni maktabga qaytarishni talab qilmoqda.
Facebook Forum