Breaking News

Xitoyda uyg'urlar ustidan nazorat yumshadimi?


Shinjondagi qamoqxonaning qo'riqchilik minorasi, 2021-yil, 21-mart
Shinjondagi qamoqxonaning qo'riqchilik minorasi, 2021-yil, 21-mart

Rasmiylar tomonidan uyushtirilgan press-turda qatnashgan xorijlik jurnalistlarning xabar berishicha, Xitoyning, asosan, uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyatida keskin nazorat choralari yumshatilgan.

Davlat binolari atrofidagi simto’rlar, uyg’ur mahallalarini kezib yuruvchi zirhli harbiy texnikalar g’oyib bo’lgan. Shuningdek, ko’plab kuzatuv kameralari yo’qolgani, tez-tez yangrab turadigan xavfsizlik sirenalari ovozi ham o’chgani xabar qilinmoqda.

Pekin bundan to’rt yil avval uyg’urlarga qarshi keskin tazyiq siyosatini boshlab, millionlab ozchilik musulmon elatlarni qayta tarbiyalash lagerlariga majburan ko’chirgan edi. Bu xalqaro hamjamiyatning keskin e’tiroz va tanqidlariga sabab bo’ldi. So’nggi oylarga bu choralar yumshatilgani, lagerlarning aksariyati yopilgani aytilmoqda.

Qashqardagi masjid, 2017-yil, 4-noyabr
Qashqardagi masjid, 2017-yil, 4-noyabr

Ammo mahalliy aholidagi qo’rquv va diniy amallar ustidan nazorat hanuz yumshagani yo’q.

O’tgan yillarda Shinjondagi ko’plab tarixiy obidalar buzildi, hatto namoz uchun azon chaqirishga taqiq qo’yildi. Qashqardagi masjidlardan biri qahvaxonaga aylantirildi. Yana birida sayyohlar uchun hojatxona tashkil etildi. Uyg’urlar ustidan nazorat qiluvchi lavozimlarga, asosan, xan etnik guruhiga mansub xitoylar tayinlangan.

Xitoyning so’nggi oylarda nazoratni nega yumshatganining aniq sababini bilish qiyin. G’arbning keksin tanqidlari, siyosiy va tijoriy sanksiyalar ish bergan bo’lishi mumkin, deydi ba’zi kuzatuvchilar. Yoki Pekin uyg’urlarni jamiyatga integratsiya qilish bo’yicha maqsadlarga erishilgani haqida xulosa qilgan bo’lishi ham mumkin, deydi boshqalar.

Xorijdagi uyg’ur faollari Xitoy hukumatini genotsidda ayblaydi. Ularga ko’ra, millionlab uyg’urlar va boshqa ozchilik etnik guruhlar majburan konsentratsion lagerlarga tashlangan. So’nggi yillarda Shinjon hududida ommaviy qamoqqa olish holatlari ko’paygan. Ayni paytda tug’ruqlar soni ham kamaygani aytiladi.

Uyg’urlar madaniyatining ajralmas qismi bo’lgan diniy amallar taqiqqa uchragani ham keskin tanqidlarga sabab bo’lgan edi.

Xorijlik jurnalistlarga ko'z-ko'z qilinayotgan uyg'ur madaniyati, 2021-yil, 19-aprel.
Xorijlik jurnalistlarga ko'z-ko'z qilinayotgan uyg'ur madaniyati, 2021-yil, 19-aprel.

Xitoy hukumati ekstremizmga qarshi kurashayotganini, uyg’urlar madaniyati asrab-avaylanayotganini da’vo qiladi. Pekin uyg’urlar madaniyatining zohiriy ko’rinishini ko’rgazma sifatida sayyohlar uchun tijoriylashtirishga urinmoqda; aslida esa bu madaniyat yo’qolib ketish xavfi ostida, deydi faollar.

Uyg’ur etnik siyosati bo’yicha taniqli tadqiqotchi Jeyms Leyboldning aytishicha, Shinjonda uyg’ur madaniyati “muzeylashtirilmoqda”. Xitoy rasmiylari esa bu jarayonni progress deb ataydi.

Pekin 13 milliondan ortiq odam yashovchi Shinjon mintaqasini Xitoy tarkibiga integratsiya qilishda qiyinchiliklarga uchrab keladi. 1949-yil Xitoy Kommunistik partiyasi Shinjon ustidan nazorat o’rnatgandan beri Pekindagi yetakchilar maydoni Hindistonning yarmiga teng ulkan mintaqada qanday siyosat yuritish masalasida turli qarashlarga ega bo’lgan.

Xitoyning repressiv siyosatiga qarshi bosh ko’targanlar ham bor. Mintaqada bir necha pichoqbozlik holatlari yuz bergan. O’zaro to’qnashuvlarda yuzlab etnik xitoy va uyg’urlar halok bo’lgan.

2012-yil hokimiyatga Si Zinpin kelishi bilan uyg’urlarga nisbatan tazyiq siyosati kuchaydi. Minglab uyg’urlar va boshqa etnik ozchilik guruh vakillari hibsga olinib, “terrorchi” tamg’asi bosildi. Uzoq yillarga qamalganlar, o’limga hukm etilganlar ko’p.

Bugun ko’chalarga o’rnatilgan ko’plab tekshiruv punktlari tugatilgan bo’lsa-da, mintaqada xanlar va uyg’urlar orasidagi irqiy bo’linish mavjudligi hanuz ko’zga tashlanadi.

Xitoy yilida yozilgan propaganda shiorlari, Xotan, Shinjon, 2021-yil, 22-mart.
Xitoy yilida yozilgan propaganda shiorlari, Xotan, Shinjon, 2021-yil, 22-mart.

Shinjonda uyg’urlarning erkin harakatini cheklovchi ko’zga ko’rinmas tizim mavjud. Ularning pasport olishi, xorijga chiqishi cheklangan. Shinjondan uchayotgan samolyot yo’lovchilarining aksariyati etnik xanlar.

Boshqa viloyatlarda yashovchi uyg’urlar mahalliy politsiya ro’yxatidan o’tishi va muntazam o’zi haqida ma’lumot berib turishi kerak.

Shinjon haqidagi barcha ma’lumotlar senzurada o’tadi. Davlat matbuoti mintaqani xavfsiz va turislar uchun ekzotik mintaqa sifatida tasvirlaydi. Natijada boshqa viloyatlardagi xitoylar Shinjondagi real voqelikdan, uyg’urlar taqdiridan bexabar. Aholi orasida Pekinning uyg’ur siyosatini qo’llovchilar ko’p ekani sabablaridan biri ham shu.

Din ustidan nazorat hanuz kuchli. Ko’plab masjidlar yopilgan. Ochiqlari ham cheklangan soatlarda ishlaydi. Masjidda, asosan, keksalar ko’zga tashlanadi.

Imomlar davlatning keskin nazorati ostidagi diniy dargohlarda ta’lim oladi.

“Diniy erkinlik Xitoy konstitutsiyasida ta’minlangan. To’liq erkinmiz”, - deydi Shinjondagi imomlar tayyorlanadigan maktab talabasi Umar Odilabdulla rasmiylar uyushtirgan press-turda.

Mintaqada mahalliy tildan foydalanishga ham cheklov qo’yilgan. Oddiy aholi orasida uyg’ur tili keng qo’llanilsa-da, maktablarda barcha fanlar xitoy tiliga o’tkazilgan. Ko’chalardagi yozuvlar ham, asosan, xitoycha.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG