AQSh-Xitoy savdo munosabatlaridagi ziddiyatning yumshashi global ta’minotdagi uzilishlarni kamaytirishi kutilyapti, ammo bu so’nggi yillarda shu ziddiyat tufayli katta sarmoyalar oqimini qo’lga kiritgan Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uchun yaxshi xabar bo’lmasligi mumkin.
2018-yildan beri Xitoyning ko’plab mahsulotlari uchun amalda bo’lgan savdo tariflari bekor qilinishi mumkin. Bu esa elektronika kabi yuqori qiymatli mahsulotlar uchun ehtiyot qismlarini yetkazib berish zanjirini qayta tiklab, bizneslarning yana o’sishiga turtki beradi, deydi tahlilchilar.
Lekin xalqaro sarmoyalarning yana Xitoyga qaytishi Indoneziya, Filippin, Tailand, Vyetnam kabi Osiyo davlatlarini bezovta qilmoqda. Chunki AQSh-Xitoy ziddiyatidan bu mamlakatlar iqtisodiyoti foyda ko’rgan edi.
Tariflardan qutilish maqsadida ishlab chiqarish tarmoqlarini Xitoydan olib chiqqan kompaniyalarning bir qismi Tayvanga ko’chgan. Ayniqsa, yuqori qiymatli elektronika va chip ishlab chiqaruvchi korxonalarning kirib kelishi Tayvan iqtisodiyotining o’sishiga sezilarli hissa qo’shdi.
AQSh savdio tariflarini kamaytirmoqchi
Savdo bo’yicha AQSh vakili Ketrin Tay 5-oktabr kuni aytishicha, AQSh Xitoyga qo’yilgan ba’zi tariflarni bekor qilish jarayonini boshlamoqchi.
Ammo bu bayonot sobiq prezident Donald Tramp davrida avj olgan savdo ziddiyatlarining tugaganini bildirmaydi.
“Tariflarni bekor qilish jarayoni AQSh-Xitoy savdo aloqlalarini o’z maqsadlarimiz atrofida qurishga hamda Amerika ishchilari va bizneslari uchun foydali savdo muhitini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli Baydan-Harris ma’muriyati strategiyasining muhim qismidir”, - dedi Tay.
Xitoy AQShning bu qarorini olqishladi.
“AQSh sog’lom va barqaror savdo hamda iqtisodiy aloqalarni o’rnatish yo’lida Xitoy bilan birga ishlashidan umidvormiz”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin.
Savdo ziddiyati 550 milliard dollarlik mahsulotlarni o’z ichiga olgan. Ularing 350 milliard dollarlik qismi Xitoydan keladigan tovarlarga oid.
Tayning aytishicha, Xitoy bilan savdo bo’yicha erishilgan “birinchi bosqich kelishuvi” natijalari endi o’rganiladi. Tramp davridagi bu bitimga ko’ra, Xitoy AQShdan ko’proq qishloq xo’jaligi mahsulotlari sotib olishi evaziga Vashington tariflarni yumshatishga so’z bergan edi.
“Tariflarning bekor qilinishi barcha uchun foyda”
Tariflarning kamaytirilishi elektronika, ishlab chiqarish hamda transport texnikasi savdosini jonlantiradi, deydi tadqiqotchi Jayant Menon.
Savdo ziddiyatlari boshlanishidan oldin 2017-yil Xitoyda qo’shimcha qiymatga ega 3,7 trillion dollarlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Ularning katta qismini yuqori qiymatli texnika va elektronika tashkil etadi, deydi Menon.
Savdo tariflaridan televizor, aqlli spiker, dron kabi elektronika mahsulotlari ko’p aziyat chekdi. Ehtiyot qismlarini, asosan, Xitoydagi zavodlardan oluvchi “Apple” kompaniyasi ham narxlarning oshishidan zarar ko’rdi.
“Ikki mamlakat o’rtasida aloqalar yaxshi bo’lishi hamma uchun yaxshi. Suv ko’tarilsa, o’zi bilan hamma kemalarni ko’taradi. Demak, AQSh va Xitoy yaxshi munosabat qursa, bundan hamma foyda ko’radi”, - deydi bozor strategiyasi bo’yicha mutaxassis Jonatan Ravelas.
Tayvan, Vyetnam kabi davlatlar ko’p narsa yo’qotmaydi
Xitoy bilan ziddiyat boshlangandan beri kiyim-kechak, poyafzal, oddiy iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Xitoydagi zavodlarini Janubi-sharqiy Osiyoga ko’chirishni boshladi. Mintaqa davlatlari ularni arzon ishchi kuchi va zarur infratuzilma bilan ta’minlay oladi, deydi Menon.
“Agar AQSh-Xitoy o’rtasidagi savdoda nimadir qiyinchilik yuz bersa, bundan, shubhasiz, Filippin kabi yaqin atrofdagi davlatlar foyda ko’radi”, - deydi Ravelas.
Vyetnamda ishlovchi advokat Frederik Burkega ko’ra, ayniqsa, Vyetnam ko’plab Amerika kompaniyalarini o’ziga jalb etmoqda.
“Hanuz Vyetnamni o’rganayotgan mijozlarimiz bor. Ular bunga uzoq muddatli reja sifatida qaramoqda. “Kovid-19” baribir tugaydi. Ular imkon borida bu yerga kirib olmoqchi. Vyetnam bu yil ham ijobiy o’sishga erishishi kutilyapti”, - deya qoshimcha qiladi u.
Xitoyda ishchi kuchi narxi va ekologiya bo’yicha talablar oshib borishi tufayli ko’plab kompaniyalar savdo ziddiyatlaridan oldin ham boshqa davlatlarga ko’chish haqida o’ylashni boshlagan edi.
AQSh-Xitoy munosabatlaridagi iliqlashuv yarimo’tkazgichlar savdosidan katta daromad ko’radigan Tayvanga jiddiy ta’sir qilmasligi kutilyapti.
“Chiplar uchun talab hanuz mavjud va sanoat o’zgarishi ortidan tabiiy o’sish kuzatilyapti. Raqobat kuchayishi mumkin, lekin hali juda erta. Kelasi yil haqida so’rasangiz, Tayvan yarimo’tkazgichlar sektorida hanuz kuchli maqomda bo’ladi”, - deydi tadqiqotchi Lian Kuo-yuan.
Facebook Forum