Breaking News

AQShda iqlim o'zgarishi tufayli tabiiy ofatlar ko'paymoqda


Iqlim o'zgarishi: to'fonlar muntazam tus olmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Jahon banki ma’lumotiga ko’ra, 2050-yilgacha iqlim o’zgarishi tufayli yuz beradigan tabiiy ofatlar natijasida 200 million odam o’z uyini tashlab ketishga majbur bo’ladi. AQShning Luiziana shtatida allaqachon buning ta’siri sezilmoqda. So’nggi to’qqiz oy ichida bu yerda to’rtta yirik tabiiy ofat yuz berdi.

Kleyr Marsousning uyi 2020-yil avgustda yuz bergan Lora to’fonida vayron bo’ldi. Oradan bir yil o’tib u haqda o’ylash hanuz og’riqli.

“Erim gi’shtlarni yig’ishni boshladi. Boshqa nima ham qilardingiz. Ta’mirlash uchun biror narsa qolmagan. Xuddi hech qachon bu yerda uy bo’lmagandek”, - deydi u.

2020-yil avgustda Luiziana sohillariga urilgan Lora to’foni 19 milliard dollarlik zarar keltirdi.

Oradan olti hafta o’tib, Delta to’foni yuz berdi. Keyin fevralda qahraton sovuq, mayda esa bir kunda 30 santimetrlik yomg’ir yog’di.

Bu ofatlar oqibatlari Leyk-Charlz shahrida hanuz seziladi.

“Agar mendan 10 yil oldin iqlim o’zgarishi haqida so’raganingizda ehtimol buni o’ylab topilgan narsa deb aytgan bo’lardim. Bugun unday deb o’ylamayman”, - deydi shahar meri Nik Hanter.

Hanterning aytishicha, Lora to’fonidan bir yil o’tib hanuz minglab odam uysiz.

Iqlim o’zgarishi butun dunyoda turli falokatlarga sabab bo’lmoqda. Jamiyatga buning qanday ta’sir qilishini Leyk-Charlz shahri misolida ko’rish mumkin.

Lora va Delta to’fonlari bu yerdagi uylarning yarmini vayron qildi.

Joys Nesh tashlandiq uylar joylashgan ko’chada yashaydi.

“Qo’shnilarim qaytib kelishmadi, chunki uylari yashash uchun yaroqli emas”, - deydi u.

Ko’plab fuqarolar avvalgi ish joyiga ham qaytmadi.

“Ishlariga qayta olmaydi, chunki bu yerda yashaydigan joylari yo’q”, - deydi Nesh.

Shaharda uy-joy muammosi ishchilar yetishmasligiga ham sabab bo’ldi.

Keysi Vidrin dengiz taomlari tortiq qilinadigan mashhur restoran egasi. To’fondan avval uning 50 ta ishchisi bo’lgan.

“Menga 30 ta ishchi kerak. Kimga ish kerak bo’lsa, keksa yoki 15 yosh bo’lsa ham, ishga olamiz. Uyini yo’qotgan ikkita ishchim bor edi. Ulardan biri ota-onasi bilan yashayapti. Ko’chib ketganlar juda ko’p”, - deydi u.

“Ishchilar yetishmayapti. Hamma ko’chada, hamma biznesda shunday”, - deydi mutaxassis Beki Frenks.

Frenks xodim topish bilan shug’ullanuvchi “Manpower” kompaniyasida ishlaydi. Unga ko’ra, hozir butun shahar iqtisodiyoti qiynalmoqda.

“Jamiyatni qayta oyoqqa qo’yishga urinyapmiz, lekin bizneslar ochilmasa, bu qiyin”, - deydi u.

Luiziana xalqi sabr-bardoshli ekani bilan faxrlanadi. Ammo ketma-ket tabiiy ofatlar ularning sabr-kosasini to’ldirmoqda.

“Har safar to’fon kelganda, aholining sabri kamayib bormoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi tushkunlikdan chiqish uchun hali ko’p vaqt kerak”, - deydi Luiziana davlat universiteti eksperti Kreyg Kolten.

Kleyr Marsous oilasi bilan yangi uy qurish niyatida. Iqlim o’zgarishi buni yanada qiyinlashtirganini yaxshi tushunadi, lekin uyini tashlab ketish niyati yo’q.

“Iqlim o’zgarishi tufayli qochoqqa aylanish niyatim yo’q. Qaysidir darajada allaqachon shunday bo’ldi ham. Lekin biz yolg’iz emasmiz. Bu global inqiroz va faqat bu yerda emas”, - deydi ayol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG