Xitoyda 2022-yil fevraliga rejalangan Pekin Qishki Olimpiadasiga tayyorgarliklar avjida ekan, ayrim mamlakatlar va inson huquqlari faollari musobaqani boshqa mamlakatga ko’chirishni talab qilmoqda.
“Akropolda o’zligimizni ifoda etuvchi Tibet va Gonkong inqilobiy bayroqlarini osib qo’ydik. Tibet, Xitoy, Gonkong, Sharqiy Turkiston va Janubiy Mongoliyada buning imkoni bo’lmas edi”, - deydi 22 yashar tibetlik-amerikalik faol Tsela Zoksang.
Huquq faollari Gretsiyaning ilk Olimpiya o’yinlari bo’lib o’tgan ko’hna Olimpiya shahrida o’tgan hafta Olimpiya mash’alini yoqish marosimiga halaqit berishga harakat qildi.
Iyul oyida Yevropa Parlamenti rezolyutsiya qabul qilib, hukumatlarni Olimpiya o’yinlarini boykot qilishga chaqirdi. Yevroqonunchilar Xitoyning Gonkong xavfsizligiga doir qonuni doirasidagi hibsga olishlarga shu tariqa munosabat bildirdi.
May oyida esa AQSh qonunchilari Olimpiadani boshqa mamlakatga ko’chirishga da’vat etdi.
"Agar Yozgi Olimpiya o’yinlari pandemiya sabab bir yilga kechiktirilgan bo’lsa, nega endi bu Olimpiada qatliom sabab qoldirilmasin? Shunda Xalqaro Olimpiya qo’mitasida musobaqalarni vahshiyliklar sodir etilmaydigan davlatga ko’chirishga vaqt bo’ladi”, - degan edi demokrat kongressmen Jim Makgovern.
Inson huquqlari tashkilotlari Pekinni ozchilikdagi uyg’urlarni ommaviy ravishda lagerlarda saqlayotganlikda ayblab keladi. Pekin bu ayblovlarni inkor etarkan, uyg’urlar qashshoqlikka qarshi kurash maqsadida hunar o’rganayotganini da’vo qiladi.
"AQSh va G’arb bilan inson huquqlari bo’yicha tortishuvimizning inson huquqlariga aloqasi yo’q. Ular bizni ezish uchun bu mavzudan shunchaki bir tayoq sifatida foydalanmoqchi”, - deydi Xitoy rasmiylaridan biri.
Pekin nazarida, Olimpiya o’yinlariga qarshi noroziliklar ortida siyosiy sabablar bor. Biroq Tsela Zoksang kabi faollarning aytishicha, inson huquqlarining poymol etilishi va qatliom siyosiy masala emas.
Facebook Forum