Breaking News

Amerika bayramlari: Xellouin


Nyu-Jersidagi qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiradigan “Eastmont Orchards” fermasida oktabr oyida oshqovoqlarning bozori chaqqon bo’ladi.

Nega? Chunki amerikaliklar oktabr oyining kirib kelishi bilan Xellouin bayramiga tayyorgarlikni boshlab yuborishadi.

Amerika bayramlari: Xellouin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:24 0:00

Xellouin ommaviy bayramga aylanarkan, amerikalik oilalarning oktabr oyida oilaviy kadi terishga fermalarga chiqish an’anasi ham tobora mustahkamlanib bormoqda.

Xellouinda bunday oshqovoqlardan xilma-xil taomlardan tortib, bezaklargacha tayyorlanadi. Qovoqlardan o’yiladigan qo’rqinchli qiyofalar har yili 31-oktabrda nishonlanadigan bu bayramning asosiy belgilaridan biridir.

Zamonlar o’zgarib Qo’shma Shtatlarda avvalida diniy sana sifatida nishonlangan Xellouin endi barcha bolajonlarning yil davomida orziqib kutadigan bayramiga aylangan.

Shuning uchun bayramning madhiyasi sanaladigan “Trick or treat” she’rini amerikalik har bir bolakay yoddan biladi.

Bayram arafasida ko'chalar, uylar ana shunday qo'rqinchli obrazlar bilan bezatiladi
Bayram arafasida ko'chalar, uylar ana shunday qo'rqinchli obrazlar bilan bezatiladi

Bunga yana bir sabab, 31-oktabr kuni uni yoddan aytgan bolaning idishi shirinlikka to’lishidir. “Shirinlik bilan siylaysizmi yoki qo’rqitaymi?” deb kelgan bolajonlarni O’zbekistonda “Boychechak”, “Ramazon” she’rini aytib eshik taqillatgan bolalarga o’xshatsa bo’ladi.

“Bu bayramda “Shirinlik bilan siylaysizmi yoki qo’rqitaymi” deb nomlangan she’r aytilib qo’ni-qo’shnilar eshiklari taqqilatiladi. Uning ma’nosi shirinlik bermasangiz oyog’imni hidlang degani”,- deya kulib qo’yadi 12 yashar Romina.

Bundan, ayniqsa bolajonlar xursand. Karantin choralari yengillashishi ortidan amerikaliklarda ham an’anaviy Xellouin bayramini azaldagidek nishonlash imkoni tug’ilgan.

“Xellouin bayramini biz 31-oktabrda nishonlaymiz. Shu kuni barcha eng yaxshi ko’rgan kostyumlarini kiyadi. Yana shu kuni ko’p shirinliklar tarqatiladi”- deydi bu qizaloq.

“Mana qovoqlarni ko’rdik, keyinchalik shirinlik olamiz, hamma qo’rqinchli bo’ladi bayramda”,- deydi jajji Sabrina.

Bu bayramda bolalar uyma-uy yurib, shirinlik yig'adi
Bu bayramda bolalar uyma-uy yurib, shirinlik yig'adi

Shu kunlarda Nyu-Yorkda Xellouin shukuhini payqash qiyin emas. Shaharda ko’chalar, uylar, savdo markazlari va idoralar qo’rqinchli obrazlar bilan bezatilgan. Do’konlarda bayram kiyimlari sotuvi avjida.

Nyu-Yorkda shaharliklar va mehmonlar Xellouin kunlari sevib ziyorat va tomosha qilishga odatlangan joylar ham bor. Ularning biri Bruklinning Dayker Xeyts mahallasidagi mana bu uy.

Kechki payt Bruklinning 10-Avenyusi va 84-ko’chasi burchagida joylashgan bu xonadon atrofi oktabrning boshidan bayram tugaguncha doim ziyoratchilarga to’la bo’ladi.

Pulitser mukofoti sohibi, dramaturg va ssenarist Devid Lindsi-Eber va uning turmush o’rtog’i mashhur aktrisa Kris Lindsi-Eberning Bruklindagi hovlisi esa Xellouin arafasida Nyu-Yorkdagi eng diqqatga sazovor joyga aylanishga ulgurgan. Kinodramaturgning “Albemarle va Argyle” ko’chalari burchagida joylashgan uyi tashqarisini bezashini odamlar har yili intiqlik bilan kutishadi. 2013-yildan buyon Bruklinning Ditmas parki yonidagi bu xonadon bayram arafasida Xellouinning yana bir belgisi “Ruhlar qasri”ga aylantiriladi.

Xellouin Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni ko’p ming kishini Manxettenda yig’adigan an’anaviy Xellouin paradi bilan yakunlanadi. Ungacha shaharning turli muassasalarida, bog’ va turli ko’ngilochar maskanlarida, ayniqsa yosh bolalar ishtirokida bayram tadbirlari uyushtiriladi.

Ommaviylasha borar ekan, Xellouin endi nafaqat nasroniy xalqlar, balki Qo’shma Shtatlardagi barcha xalqlar farzandlarini birlashtiruvchi qadriyatga ham aylanmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG