Breaking News

Eron yadroviy muzokaralar orqali sanksiyalardan xoli bo'lmoqchi


Eron 2015-yilda imzolangan yadroviy bitimni jonlantirishga qaratilgan muzokaralarga noyabr oxirigacha qaytishini bildirmoqda. Xalqaro sanksiyalar va koronavirus pandemiyasidan holsizlangan Eron muzokaralar orqali sanksiyalardan xalos bo’lishga va iqtisodiyotini tiklashga umid qilmoqda.

Xalqaro hayot – 2-noyabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:26 0:00

Eron 2015-yilda imzolangan, biroq keyinchalik to’xtab qolgan xalqaro yadroviy bitimga doir muzokaralarga noyabr oxirigacha qaytishini bildirdi. So’nggi paytlarda Rossiya va Yevropa Ittifoqi Tehronga bosimni kuchaytirib, undan Venada olti mamlakat ishtirokidagi muzokaralarga qaytishni so’ragan.

Oq uy Eronning bu bayonotini olqishladi.

“Biz diplomatik yo’ldan borish tarafdorimiz. Muloqotning keyingi davrasi qachon bo’lishini muzokarachilar hal qilsin. Eron bitimga amal qilsa, biz ham unga amal qilamiz. Keyingi qadam qanday bo’lishini yevropaliklar va muzokarachilarimiz belgilasin”, - dedi AQSh prezidentining matbuot kotibi Jennifer Psaki.

“Atlantika Kengashi” eksperti Barbara Slavinning aytishicha, muzokaralardan tez natija kutmaslik kerak.

“Ko’p tomosha bo’ladi, AQSh sha’niga ko’p ma’ruza eshitamiz. Muzokara yuzma-yuz bo’ladi degan umiddaman. Amerikaliklar bilan bir xonada o’tirishga rozi bo’larmikan ular? Yoki oldingiday telefon o’yini bo’ladimi? Buni bilmaymiz hozircha. Ammo ko’p e’tiroz va shikoyat bo’lishi aniq. Umid qilamanki, oxir-oqibatda Erondagi hatto hozirgi konservativ hukumat ham jiddiy muzokara qilishga qaror qiladi”, - deydi tahlilchi.

Eronning yangi tashqi ishlar vaziriga ko’ra, agar Vashington yadroviy muzokaralarni davom ettirish istagida bo’lsa, Prezident Jo Bayden samimiy ishora qilishi kerak.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Aleks Vatankaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tehron sanksiyalarning amalda bekor qilinishini xohlaydi.

“Ular sanksiyalardan qog’ozda emas, amalda xoli bo’lishni istaydi. Xorijiy banklarda muzlatilgan milliardlab dollar pullarining Eronga qaytarilishini xohlaydi. Qisqa muddatda konkret natijalarni ko’rishni, pulning Eronga qaytarilib, Eron nefti eksportiga yo’l ochilishini xohlashadi”, - deydi Vatanka.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2018-yil mayida bitimni bir tomonlama tark etgan. Aksariyat respublikachi qonunchilar Eron bilan imzolangan kelishuv xato bo’lganiga haligacha amin ekan, AQSh Tehronga ishonmasligi kerak deb hisoblaydi.

“Eron AQShning bitimga munosabati mamlakatda qaysi partiya hukmron ekaniga bog’liqligidan xavotirda. Ya’ni AQSh bitimga qaytib, sanksiyalarni bekor qilsayu va Eron iqtisodiyoti shunga moslashib olsayu, uch yildan keyin Amerikada prezidentlikka respublikachi kelib, sanksiyalarni qayta joriy etsa. Eron bunday beqarorlikdan xavotirda”, - deydi Vashingtonda sobiq prezident Jon Kvinsi Adam nomidagi tahliliy institut mutaxassisi Trita Parsi.

Aksariyat tahlilchilarga ko’ra, Tehron yadroviy bitimni tezroq jonlantirib, dunyo bilan savdoni qayta yo’lga qo’yishni, sarmoyadorlarni mamlakatga qaytarib, iqtisodiyotni tiklab olishni istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG