Mashhur qo‘rboshi Shermuhammadbekning nabirasi Muhammad Usmon Bek hozir Turkiyaning Adana shahridagi Turkistonliklar jamiyatini boshqaradi.
“Biz Turkistondan ketmaganmiz, uni tashlab ketishga majbur bo‘lganmiz. Bizning ota-bobolarimiz butun Turkiston hududida Rossiya mustamlakachiligiga qarshi kurash olib borgan. Toshkentda, Farg‘ona vodiysida, O‘shda, Xo‘jandda. Biz har doim bir bo‘lganmiz, birga bo‘lganmiz. Xudo ko‘rsatmasin, hozir kimningdir boshiga kulfat tushsa, boshqa turkistonliklar darrov yordamga keladi. Shuning uchun jamiyatimizni ham Turkistonliklar deb ataganmiz. Xudoyilar, xatmi Qur’on, hayitlar, bayramlarni o‘zbek, qozoq, qirg‘iz birga o‘tkazamiz”, - deydi u.
Muhammad Usmon Bekka ko‘ra, hozirgi kunda turkiy davlatlar birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishi kerak, “chunki chegaralarni qo‘shib yuborishning endi iloji yo‘q”.
U nazarda tutayotgan birdamlikni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, qisqacha aytganda, Turkiy Kengash ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Turkiyaning Istanbul shahri ushbu kengashning navbatdagi sammitiga mezbonlik qilyapti. Sammit “tarixiy” deb atalmoqda, chunki unda kengashga a’zo davlatlar rahbarlari bir qator muhim masalalarni muhokama qiladi.
Xo‘sh, Turkiy Kengash madaniy va tarixiy aloqalardan tashqari turkiy davlatlarning iqtisodiy va siyosiy integratsiyasi hamda turkiy davlatlarning birgalikda rivojlanishi uchun chinakam platformaga aylana oladimi?
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li bu savolga “ha” deb javob bergandek. U sammit arafasida Istanbulda turkiy davlatlardan kelgan hamkasblari bilan uchrashib, Turkiy Kengash a’zolari kelajakka birga qadam tashlashi kerakligini aytdi.
“Ham global, ham mintaqaviy masalalarda ko‘proq maslahatlashishimiz kerak. Hodisalar bizni boshqarmasin, biz hodisalarni boshqaradigan bo‘laylik”, - deydi diplomat.
Shuningdek, turk vaziri Turkiy Kengash a’zolari iqtisodiyotlarini bir-biriga bog‘lash uchun transport va logistika bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish kerakligiga e’tibor qaratdi.
Sammitda Turkiy Kengash nomi Turkiy Davlatlar Tashkiloti deb o‘zgartirilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish haqidagi qaror va tashkilot doirasidagi Oqsoqollar Kengashining yangilangan nizomi qabul qilinadi.
Yana bir muhim masala: turkiy davlat hisoblansa-da, shu paytgacha masofa saqlab kelayotgan Turkmaniston Turkiy Kengashda kuzatuvchi davlat maqomini oladi. Ashxabodning “turkiy oila”ga qo‘shilishi kerakligi haqida, ayniqsa, Anqara bot-bot aytib kelayotgan edi.
Mevlut Chavusho‘g‘li turkiy davlatlarni bir daraxtning shoxlariga qiyoslab, bu mamlakatlar rivojlanish sari birgalikda qadam tashlashi kerakligini ta’kidladi.
“Hamkorligimiz yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashimiz kerak”, – deya fikr bildirdi vazir.
12-noyabr kuni “Raqamli davrda yashil texnologiyalar va aqlli shaharlar” shiori ostida o‘tadigan sammitda Turkiy Kengash doirasidagi hamkorlikning 2040-yilgacha bo‘lgan konsepsiyasi ham muhokama etiladi.
“Birlashish – bu zarurat”
Ayni paytda Istanbulda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik taniqli adib Nurulloh Muhammad Raufxon turkiy xalqlarning birlashishi zarurat ekanglini aytadi.
“Turkiy xalqlarning birlashishi, uyushishi o‘tmishda muhim bo‘lgan, hozir ham shunday, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Albatta, bu intilishlardan, yangi katta siyosiy kuchning paydo bo‘lishidan xavotirga tushadigan davlatlar bor. Avvaldanoq turkiy davlatlarga ko‘zini tikkan Rossiya bor, Yevropa davlatlari, hatto AQSh ham shunday, ayniqsa, Xitoy. Ular imperiyachilik, ekspansiya siysosatiga qarshi chiqa oladigan kuchning paydo bo‘lishidan norozi bo‘ladi, albatta. Qarshi tashviqotlar olib borishi mumkin. Ular o‘z manfaatini ko‘zlagan holda turkiy xalqlarning birlashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi der ekan, shundan ham xulosa qilish mumkinki, biz birlashishimiz zarur. Aks holda, ularga yem bo‘lishimiz aniq. Endi avvalgiday bir mamlakatni egallash uchun qurollar bilan bostirib keladigan davr emas. To‘g‘ri, hozir ham urushlar bor, lekin asosiy e’tibor siyosiy va iqtisodiy usullar bilan qaram qilishga urinish bo‘lyapti. Masalan, Xitoy singari kuchli davlatlar kuchsiz davlatlarga katta-katta qarzlar berib, o‘ziga siyosiy-iqtisodiy jihatdan qaram qilib olyapti. Turkiston hududi juda rivojlanib ketmagan, u yerga yirik sarmoyalar kiritib, qarzdor qilib qo‘ymoqd”, – deya tushuntiradi yozuvchi.
Nurulloh Muhammad Raufxonga ko‘ra, Turkiy Kengashga Turkiya boshchiligidagi tashkilot deb qaramaslik kerak. “Chunki Rossiya boshchilidagi har xil tashkilotlardan shundoq ham charchaganmiz. Kimdir boshchilik qilmasin, hamma teng huquqli bo‘lsin. Hammaning holati, manfaatlari hisobga olinsin, – deydi u. – Turkiy Kengash Turkiyaning boshchiligidagi tashkilot emas, lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, to‘g‘ri tushunish kerak: Turkiya iqtisodiy, harbiy qudrat bobida bizdan kuchli. BMTda, dunyoda soְ‘zi o‘tadigan davlat. Rossiya boshchilik qilsa rozi bo‘lamiz-u, Turkiya boshchilik qilsa, nega rozi bo‘lmasligimiz kerak?”
Turkiy Kengashga 2009-yilning oktabrida Ozarbayjonning Naxchivon shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asos solingan. Biroq bundan oldin ham turkiy davlatlarning hamkorligi bor edi, sammitlar o‘tkazilar edi. Turkiya 1990-yillarning boshida, Sovet Ittifoqi tarkibidagi turkiy davlatlar mustaqillikka erishgandan keyin yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanishni va bu davlatlarni birlashtirishni istagan edi. Biroq bu borada ham tajriba, ham moddiy imkoniyatlar yetishmadi. Qolaversa, Turkiya tashqi siyosatida Markaziy Osiyo yangi yo‘nalish edi. Anqara uchun, ayniqsa, O‘zbekiston bilan aloqalar nisbatan og‘ir kechdi. Avvaliga turkiy tilli davlatlar sammitlarida qatnashgan O‘zbekiston 2000-yillardan keyin ishtirokini butkul to‘xtatdi. Adib Nurulloh Muhammad Raufxon nazarida bu katta xato edi.
“Turkiy davlatlar uchrashuvlaridan, Turkiyadan o‘zimizni uzoq tutish bilan turkiy birdamlik hissini yo‘qotdik. Yuragimizni yana Rossiyaga ochdik. Bu uzoqlik millatimizning mentalitetiga ta’sir qildi, albatta. Asosiy najotkor sifatida yana Rossiyaga qaraydigan bo‘lib qoldik. O‘tgan vaqt davomida Turkiya bilan aloqalarimiz yaxshi bo‘lganida edi, bu davlatdan ko‘p narsani o‘rgangan va muhimi, asta-sekin dunyoga o‘z ko‘zimiz bilan qarashni o‘rgangan bo‘lardik. Biz hali ham Rossiyaning mafkuraviy doirasidan chiqib ketganimiz yo‘q. Dunyoda sodir bo‘lgan qandaydir hodisani Rossiya televideniyesi orqali o‘rganyapmiz. Bizning mafkuramiz, tilimiz, tariximiz mustaqil bo‘lmadi. Islom Karimovning shaxsiy adovati dastidan qilgan qilmishini unutib bo‘lmaydi. Turkiyani qo‘ya turaylik, hatto qo‘shni davlatlar bilan ham urushtirib qo‘ydi bizni. Chegaralarga minalar qo‘yib tashladi. Buning oqibatida bizda ham, qo‘shnilarimizda ham millatchilik rivojlandi”.
“O‘zbekiston Turkiy Kengashni mustahkamladi”
Anqara universiteti tadqiqotchisi, Turkiya radio va televideniye oliy kengashi mutaxassisi Ahmet Akalin O‘zbekistonning 2019-yilda Turkiy Kengashga rasman qo‘shilishi bilan katta bo‘shliq to‘lganini aytadi.
“Endilikda o‘zbek jamoatchiligida “turkiy dunyo”, “turkiy tilli davlatlar” tushunchalari keng yoyila boshladi. Samarqanddagi Ipak yo‘li turizm universiteti Turkiy Kengashga a’zo davlatlardan kelgan talabalarga grant ajratilishini e’lon qildi. Bu juda muhim yangilik. Menimcha, O‘zbekiston global tijoratda faol bo‘lish, dengizga chiqish uchun eng amaliy va eng to‘g‘ri yo‘lni Turkiy Kengashda ko‘radi”, – deydi u.
Akalinga ko‘ra, O‘zbekistonning Tukiy Kengashga a’zo bo‘lishi tashkilotning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirdi, “zero, Samarqand, Buxoro, Qo‘qonsiz turkiy dunyoni tasavvur qilib bo‘lmaydi, O‘zbekistonning a’zoligi Turkmanistonning kuzatuvchi davlat maqomini olishiga ham turtki berdi”.
“O‘zbekiston vakillarining Turkiy Kengash tarkibida ishlay boshlashi tashkilot faoliyatini ham boyitadi, ham ularni jadallashtiradi. Zero, o‘zbek davlatchiligi tajribasi sovet davrida turg‘unlikka uchragan bo‘lsa-da, lekin tarixi Alp Er To‘ngaga, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburga borib taqaladi.
Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Afshona qishlog‘ini turkiy dunyoning tibbiyot markaziga aylantirish mumkin. Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Qo‘qonda saqlanib qolgan tarixiy yodgorliklar, me’morchilik an’analari orqali O‘zbekiston shaharsozligi Turkiy Kengashga a’zo davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin.
Turkiy Kengash ana endi chinakamiga amaliy qadam tashlayapti. Avvalo, iqtisodiyotda, ta’lim, turizm sohalarida hamkorlikni allaqachon kuchaytirish kerak edi. Masalan, O‘zbekiston diniy turizm nuqtai nazaridan katta salohiyatga ega.
Shuncha paytdan beri “turkiy davlat” atamasi ko‘p ham ishlatilmas, ham ilmiy, ham siyosiy maydonda bu davlatlar til va madaniyat orqali ifodalanib, “turkiy tilli davlatlar” deb tilga olinardi. Hozir esa, dadil qadam tashlanib, birinchi marta “turkiy davlatlar” deb atalyapti”, – deya tushuntiradi tadqiqotchi.
Ahmet Akalin Turkiy Kengash qaysidir davlatlarga qarshi tuzilgan emas, shuning uchun uning kuchayishi Rossiyani bezovta qiladi deb hisoblamaydi.
“Hududiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, Turkiy Kengashga a’zo davlatlar Rossiyaga qarshi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tahdidlarga nisbatan“tabiiy qalqon” vazifasini bajaradi. Turkiy Kengashning rivojlanishi Rossiyaning janubiy chegaralarida barqarorlikning ortishi demakdir”.
Facebook Forum