Kolorado shtatining tog’ bag’rida joylashgan Boulder shahri Amerikadagi eng sog’lom, eng farovon shaharlardan biri hisoblanadi. Aholisi 330 ming atrofida. Boulder dunyoning 10 shahri bilan birodar rishtalar o’rnatgan, jumladan Tojikiston poytaxti Dushanbe bilan. Boulderda tojik choyxonasini ham topish mumkin.
30 yildan oshibdiki, Boulder va Dushanbeni birodarlik rishtalari bog’lab turadi. Ikki shahar nomiga atalgan ko’rkam choyxona 13-ko’chada joylashgan. 1987-yilda Tojikiston xalqidan qilingan tuhfa.
“Hammasi 1982-yilda, qariyb 40 yil oldin boshlangan. Ikki-uch ayol dunyoda tinchlikni targ’ib qilishni maqsad qilib, buning eng yaxshi yo’li boshqa shaharlar bilan birodarlashish degan xulosaga kelishgan. 1987-yilda Dushanbe meri Boulderga tashrif buyurib, o’rtada kelishuv imzolandi. Mer sizga choyxona qurib beramiz deb ketdi”, - deya hikoya qiladi Boulder-Dushanbe birodar shaharlar tashkiloti prezidenti Rett Ertl.
Keyingi ikki yil davomida choyxona avvalo Dushanbeda qurilgan. So’ngra demontaj qilinib, qurilish materiallari Boulderga jo’natilgan va bu yerda qayta qurilgan. Uzoq jarayondan so’ng choyxona nihoyat 1998-yilda mehmonlarga eshiklarini ochdi.
“1998-yilda choyxona tojik rassomlari va hunarmandlari yordamida ochildi, ularning mehnati bilan qad ko’tardi. O’shandan buyon muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda”, - deydi Ertl.
Shahnoz Benazirni Boulderdagi markaziy osiyoliklar shoira sifatida tanishadi. U har hafta do’stlari bilan bu yerda ko’rishadi. Choyxonada tojik an’analari mujassam ekanidan mamnun.
“Dushanbe shahri tojik xalqining hunarmandchilik namunasini choyxona shaklida Boulder ahli bilan baham ko’rishga qaror qildi. Boulder-Dushanbe choyxonasi o’ziga xos, AQShda qurilgan ilk tojik oshxonasi. Boulder va Dushanbe orasidagi do’stlik 30 yildan oshiq boy tarixga ega. San’at va boshqa yo’nalishlarda hamkorlik borasidagi hujjat 1990-yillarda imzolangan”, - deydi u.
Muyassara Vahobova – jamiyatning faol a’zolaridan biri. Har yili choyxonada Navro’z bayramini tashkillashtiradi.
“Koloradoda tojikistonliklar jamiyati borligidan faxrlanamiz. Maqsadimiz do’stlikni targ’ib qilish ekan, bu shtatda markaziy osiyoliklar jamiyatini ham tuzdik. Unda Qirg’iziston, Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikistondan vakillar bor. Eron va Afg’onistondan do’stlarimiz ham bizga qo’shilgan. Har yili birgalashib Navro’zni nishonlaymiz”, - deydi Vahobova.
Tojik choyxonasi global do’stlik va madaniy almanishuv ramzi hamdir. Mamlakatning turli burchaklaridan har yili minglab sayyohlar bu yerga tashrif buyuradi, xususan, 2000 yillik me’morchilik an’analari aks etgan imoratni ko’rishga kelishadi. Loyiha ustida ishlagan hunarmandlarning ismlari imorat shiftida bitilgan.
“Choyxona menejerlaridan biriman. Bu yerda ish boshlaganimga uch yildan oshdi. Sayyohlar yog’ilib keladi. Kimdir choyxona rasmini ko’rgan yoki do’stlaridan eshitgan. Kimgadir “Boulderga sayohat qilsang, albatta choyxonaga kirib o’t” deb tayinlashgan. Ichkariga kirishganida ko’pincha hayron qolishadi, chunki haqiqiy an’anaviy choyxona bo’lishini kutishmagan. Navro’z bayrami odatda shu yerda nishonlanadi, tashqarida raqs va qo’shiqlar. birodar shaharlar tashkilotidan mehmonlar keladi. Choyxonani bezatamiz, maxsus taomlar tayyorlab, menyuga kiritamiz. Choyxona shunisi bilan ajoyibki, amerikaliklar bu yerda tojik madaniyati va taomlari bilan tanishadi. Xalqaro menyumiz ham bor”, - deydi choyxona menejeri Shennon Viver.
“Choyxonamizga yozda ham, yil davomida ham odam ko’p keladi. Boshqa shaharlar va mamlakatlardan ham. Nazarimda, xorijiy taomlar ularni jalb qiladi. Yevropa yoki Osiyoga sayohat qilish uchun hammada ham pul yo’q”, - deydi oshxona xodimi Sem Tellent.
Choyxona egalari Lenni va Sara Martinelli hamda markaziy osiyoliklar jamoasi urf-odatlarni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilishadi.
“Boulder aholisiga mana shu ajoyib imoratni qurib bergan va hadya qilgan tojik hunarmandlariga ko’rsatgan e’tibori va mehmondo’stligi uchun minnatdorchilik bildiraman”, - deydi Vahobova.
Facebook Forum