Breaking News

Doxada AQSh va Tolibon vakillari nimani muhokama qildi?


Tolibon delegatsiyasi vakillari, Doxa, Qatar, 2021-yil, 12-avgust
Tolibon delegatsiyasi vakillari, Doxa, Qatar, 2021-yil, 12-avgust

Afg'onistonda hukmronlik qilayotgan Tolibon va Qo'shma Shtatlar rasmiylari seshanba kuni Qatarda ikki kunlik uchrashuvni yakunladi. Islomiy guruh vakillari AQShdan Afg’onistonning xorijda muzlatib qo’yilgan mablag’larini qaytarishni so’ramoqda.

Uchrashuv xalqaro donorlarga yordam guruhlari orqali Afg'onistonga moliyaviy yordam ko'lamini oshirish bo'yicha murojaatlar kuchayib borayotgan bir paytda bo'lib o'tdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, aholining yarmidan ko'pi bu yil qishda ocharchilik bilan yuzlashishi mumkin.

Qatar poytaxti Doxada boʻlib oʻtgan muzokaralarda AQShning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Uest va Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy oʻz delegatsiyalariga boshchilik qildi.

Tolibon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Qahhor Balxiyning aytishicha, tomonlar siyosiy, iqtisodiy, sog’liqni saqlash, ta’lim, xavfsizlik va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashgan.

“Afgʻon tomoni ularga xavfsizlik ta’minlanishini ta’kidladi, muzlatilgan afgʻon zaxiralarini zudlik bilan qaytarishga, sanksiyalar va qora roʻyxatlarga barham berishga hamda gumanitar masalalarni siyosiy masalalar bilan bog’lamaslikka chaqirdi, - deb yozdi Balxiy “Tvitter”dagi sahifasida. - Umuman olganda, muloqot ijobiy ruhda o’tdi va ikkala tomon ham bunday uchrashuvlarni davom ettirishga kelishib oldi".

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays seshanba kuni e'lon qilgan bayonotida shunday dedi:

"Qo'shma Shtatlar Afg’oniston oddiy fuqarolarining AQSh hukumati va xalqaro hamjamiyatdan gumanitar yordam olish imkoniyatini cheklamaslik ahdida sodiq qoladi; shu bilan birga sanksiyaga yo’liqqan tashkilotlar va shaxslarga mol-mulk berishdan bosh tortadi".

“G‘aznachilik departamenti Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami va boshqa asosiy ehtiyojlarni ta’minlaydigan faoliyat turlari davom etishini qo’llab-quvvatlovchi choralarni ko’rmoqda”, — dedi Prays.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Tolibon Afg‘oniston tuprog‘idan biron bir davlatga qarshi tahdid yuz berishiga yo‘l qo‘ymasligi, AQSh fuqarolari va AQSh bilan birga ishlagan afg‘onlarning mamlakatni xavfsiz tark etishiga imkoniyat yaratib berishi lozim. Afg'onistonning barcha fuqarolari, shu jumladan, ayollar, qizlar va ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish va 2020-yilda Afg'onistonda g'oyib bo'lgan amerikalik qurilish muhandisi Mark Frerichni topish va ozod qilish bo’yicha ham talablar yangragan.

Vashington Doxadagi uchrashuv arafasida terrorizmga qarshi kurash, AQSh fuqarolari va xavf ostidagi afg‘onlarni xavfsiz olib chiqish, gumanitar yordam va mamlakatning iqtisodiy ahvoli muzokaralarda asosiy mavzu bo‘lishini aytgan edi.

Dunyo oziq-ovqat dasturidan yordam olish uchun odamlar navbatda turibdi, Kobul, Afg'oniston, 2021-yil, 17-noyabr
Dunyo oziq-ovqat dasturidan yordam olish uchun odamlar navbatda turibdi, Kobul, Afg'oniston, 2021-yil, 17-noyabr

Xorijdan keladigan yordam uzilishi oqibatida Afg'oniston iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutdi. Davlat sektorida ishlovchi xodimlar, shu jumladan, sog'liqni saqlash va ta'lim sohasidagilar maoshlarini olmayotgani xabar qilinmoqda. Tashqi dunyo bilan savdo faoliyati deyarli to'xtagan.Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham Kobulga moliyaviy yordam ko‘rsatish dasturlarini to‘xtatdi.

Tolibon iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinmasa va afg‘on aktivlari qaytarilmasa, chuqurlashib borayotgan iqtisodiy inqiroz butun dunyoda ommaviy qochqinlar oqimining oshishi muammosiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Tolibon muvaqqat hukumatini hanuz tan olgani yo’q. Bunga mamlakatda hali inklyuziv hukumat tuzilmagani, inson huquqlari himoyasi to’la ta’minlanmagani hamda terrorizm bilan bogʻliq muammolar mavjudligi sabab qilib koʻrsatilmoqda.

Islomiy guruh esa oʻz maʼmuriyati qisqa vaqt ichida Afgʻonistonning aksariyat qismida tinchlik va xavfsizlik oʻrnatganini va qashshoqlikdan qiynalayotgan mamlakatni iqtisodiy barqarorlik sari harakatlantirish uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga bel bogʻlaganini taʼkidlamoqda.

Ammo tanqidchilar Tolibon kuchlari tomonidan sobiq amaldorlarning qasos olish maqsadida o‘ldirilgani va ayollarning afg‘on teledasturlarida ishtirok etishiga cheklovlar kiritilgani haqidagi xabarlarga tayanib, bu kafolatlarga shubha bilan qarashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG