Turk lirasi qadrsizlanishda davom etarkan, mahalliy tadbirkorlar xavotirda.
“Bozor tamoman o’lgan. Ortiq ish yurita olmaymiz”, - deydi bir do’kon egasi.
Un, yog’, shakar kabi asosiy mahsulotlar qimmatlagan.
“Non narxini 21 foizga ko’tarishga majbur bo’ldik. Ammo xarajatlarimiz 40 foizga ko’paydi. Ro’zg’orni tebratishga harakat qilyapmiz”, - deydi Husayn Sag’ir ismli novvoyxona egasi.
Lira kursining tushib ketgani qurilishga ham salbiy ta’sir qilmoqda, chunki qurilish materiallari dollarga sotib olinadi.
“Natijada qurilish sohasidagi pudratchilar ishini sekinlashtirishga majbur bo’ldi. Savdomizning tushgani ularning ham ishiga ta’sir qildi”, - deydi qurilish mollari savdosi bilan shug’ullanuvchi bir tadbirkor.
Mutaxassislarning aytishicha, Prezident Rajab Toyib Erdog’anning foiz stavkalarini qisqartirmoqchi ekani haqidagi bayonoti liraning yanada qadrsizlanishiga sabab bo’ldi.
Markaziy bank sentabr oyidan beri Erdog’an ko’rsatmasiga ko’ra foiz stavkalarini uch marotaba tushirishga ulgurgan.
"Yuqori foiz stavkalariga xushim yo’qligini dunyo biladi. Foiz tarafdori bo’lmaganman hech qachon. Bundan keyin ham bo’lmayman”, - dedi Erdog’an.
Uning nazarida, yuqori foiz stavkalari inflyatsiyaga sababdir. Ularni tushirish iqtisodiy o’sishni rag’batlantiradi.
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, inflyatsiya darajasi 21 foizdan oshgan bir paytda Erdog’anning qarashlari noan’anaviydir.
"Masala iqtisodiy emas. Buning sababi boshqa narsada. Iqtisodiyotga aloqasi yo’q. Chunki iqtisodiyotda pul massasini oshirsangiz, inflyatsiya oshadi, eng oxirida foiz stavkalari ham. Bir-biriga bog’liq ketma-ketlik. Erdog’anda esa buning teskarisi”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida iqtisodiyot professori Stiv Xenk.
Joriy yilda lira qiymati salkam 45 foizga tushgani bilan rasmiy manbalarga ko’ra, Turkiya iqtisodiyoti uchinchi chorakda 7,4 foizga o’sgan.
Erdog’an buni o’z siyosatining yutug’i deb biladi. Biroq mutaxassislar nazarida, liraning qadrsizlanishi va narxlarning o’sishi iqtisodiy taraqqiyotni to’xtatib qo’yishi mumkin.
“Agar hukumat siyosatini o’zgartirmasa, lira tushishda, inflyatsiya darajasi ko’tarilishda davom etadi. Jamiyatda ziddiyatlar kuchayadi”, - deydi Xenk.
Ayrim shaharlar, jumladan Istanbulda norozilik namoyishlari kuzatilgan. Namoyishchilar hukumatni iste’foga chaqirdi, bunga javoban politsiya xaloyiqni tarqatdi.
Muxolif partiyalar erta saylov o’tkazishga chaqirmoqda, biroq Erdog’an saylov belgilanganidek 2023-yilda o’tishini aytadi.
Facebook Forum