Breaking News

Xitoy kvant texnologiyalarini harbiy sohaga jalb qilishi mumkin


Xitoy armiyasi harbiy paradi, Pekin, Xitoy, 2009-yil, 1-oktabr
Xitoy armiyasi harbiy paradi, Pekin, Xitoy, 2009-yil, 1-oktabr

Tahlilchilarning aytishicha, Xitoy so’nggi yillarda kvant kompyuter texnologiyalari sohasida katta yutuqlarga erishmoqda va bu uning qurolli kuchlariga yangi ustunlik berishi mumkin. Xitoy allaqachon dunyoda uchinchi eng qudratli harbiy kuch hisoblanadi.

Kvant kompyuterlari oddiy qurilmalar uchun juda murakkab bo’lgan hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi.

1980-yilda amerikalik fizik Richard Feynman tomonidan kashf etilgan bu konsepsiya ikkita jihati bilan harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin, deydi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlil markazi 2019-yilda chop etgan maqolada. Tadqiqotda aytilishicha, kvant kompyuterlari shifrlangan xabarlarning kodini ochish va boshqa xavfsiz aloqa zanjirlarini uzish uchun kriptografik kalitlarni yuborishi imkoniyatini yaratadi.

"Menimcha, muammo asosan Xitoyning ikki tomonlama fuqarolik-harbiy strategiyasida; bunda hukumat xususiy sektorni harbiy modernizatsiya dasturiga jalb qiladi, - deydi Daniel K. Inouye nomidagi Osiyo-Tinch okeani xavfsizlik tadqiqotlari markazi professori Aleksandr Vuving. - Shuningdek, Xitoy hukumati tadqiqot va ishlanmalarga ko'p pul sarflaydi."

IBM tadqiqot markazidagi kvant kompyuteri, Nyu-York, AQSh, 2018-yil, 27-fevral
IBM tadqiqot markazidagi kvant kompyuteri, Nyu-York, AQSh, 2018-yil, 27-fevral

Axborot texnologiyalari bo’yicha konsalting firmasi “Booz Allen Hamilton” chiqargan hisobotga ko’ra, kelasi oʻn yil ichida Xitoy kvant simulyatorlari yordamida yangi iqtisodiy qiymatga ega materiallar, farmatsevtika va kimyoviy moddalarni kashf qilish imkonini beruvchi maʼlumotlarni toʻplashga muvaffaq bo’ladi.

Xitoy faol harakatda

Xitoylik tadqiqotchilar kvant hisoblash sohasida qanchalik ilg‘orlashgani noma’lum, biroq Pentagonning 2021-yilda Xitoy bo‘yicha Kongressga bergan hisobotida aytilishicha, Osiyo qudrati “katta harbiy salohiyatga ega asosiy texnologiyalarda yetakchilikka intilishda davom etmoqda”.

Xitoyning 14-Besh yillik rejasi kvant texnologiyasini boshqa yangi sohalar qatorida birinchi o'ringa qo'yadi, deya qo'shimcha qilinadi Kongress hisobotida. Unga ko’ra, Pekin 2030-yilgacha sun'iy yo'ldosh orqali ishlaydigan, global "kvant-shifrlangan aloqa qobiliyatini" o'rnatish niyatida.

Kvant boshqa "harbiy transport vositalari" qatorida suv osti kemalari va yashirin samolyotlarni aniqlashga yordam berishi mumkin, deydi AQShning Massachusets shtatidagi IDC bozor tadqiqot kompaniyasining katta tadqiqotchisi Xizer Uest.

Kvant kompyuterlari boshqa davlat harbiy sirlarini qo’lga kiritish uchun “klassik algoritmlar”ni buzish qobiliyatiga ega, deya qo’shimcha qiladi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Nature” ilmiy jurnalining yozishicha, o‘tgan yili Xefey shahridagi Xitoy Fan va Texnologiya Universiteti “klassik kompyuterlarda juda sekin bo‘ladigan” hisob-kitoblar uchun kvant mexanikasidan foydalanishning birinchi “aniq namoyishini” o‘tkazdi. “Google” va NASA ham 2019-yilda “kvant ustunligi”ni qo’lga kiritganini daʼvo qilgan edi.

“China Daily” davlat nashri veb-sayti sentabr oyida mamlakat kvant texnologiyasida bir qator yutuqlarga erishgani, jumladan, dunyodagi birinchi kvant sun'iy yo'ldoshi, Pekin va Shanxay o'rtasida 2000 km kvant aloqa liniyasi va dunyodagi birinchi optik kvant hisoblash mashinasi prototipi yaratilgani haqida yozgan edi. Maqolada ushbu kashfiyotlarning harbiy maqsadlarda ishlatilishi haqida ma’lumot yo’q.

Garchi hozir dunyo bo'ylab kvant texnologiyalari hanuz boshlang’ich bosqichda bo’lsa-da, ko'plab davlatlar peshqadamga aylanish uchun poygaga kirishgan. Ekspertlar Xitoydan tashqari AQSh, Hindiston, Yaponiya va Germaniya bu yo’lda faol izlanishlar olib borayotganini aytadi.

Mamlakatlar xavf ostidami?

“Booz Allen Hamilton” hisobotida aytilishicha, ko'plab tashkilot rahbarlari va axborot xavfsizligi bo'yicha mutasaddilar "kvant hisoblashning amaliy ahamiyati va unga bog'liq xavflarni qanday boshqarish haqida tushunchaga ega emas".

"Ular texnologiya qanday va qachon foydali bo'lishi mumkinligini bilmaydi hamda dunyo bo'ylab hukumat va tijorat tashkilotlarining doimiy kiber raqibi va kvant-hisoblash texnologiyasining yirik ishlab chiqaruvchisi bo'lgan Xitoy kabi tahdid subyektlarining xatti-harakatlariga bu texnologiya qanday ta’sir qilishi mumkinligidan bexabar", - deyiladi hisobotda.

“GlobalFirePower.com” ma'lumotlar bazasiga ko'ra, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi AQSh va Rossiyadan keyin dunyodagi uchinchi eng kuchli armiya hisoblanadi. Yaponiya, Tayvan va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, ayniqsa, Xitoy dengiz flotining bahsli dengiz hududlarida faollashganidan xavotirda. Vashington ham Xitoy faoliyatini kuzatish uchun 2019-yildan beri xuddi shu dengizlarda harbiy hozirlikni oshirgan.

"Agar himoya uchun mustahkam kvant kriptografiyasiga ega bo'lmasa, Tayvan, Qo'shma Shtatlar yoki Yevropa Ittifoqi Xitoyning kvant hisoblash hujumlari uchun ehtimoliy nishon bo’lishi mumkin", - deydi Tayvandagi Tamkang universiteti professori Chen Yi-fan.

Xitoy allaqachon o'zini o'zi boshqaradigan Tayvan oroliga qarshi kiberhujumlar uyushtirganlikda gumon qilinmoqda; uni Pekin o'z hududining bir qismi deb hisoblaydi.

Kvant kompyuterlari, shuningdek, Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSh o'rtasida sentabrda e’lon qilingan AUKUS harbiy texnologiyalarni almashish shartnomasining bir qismini tashkil qiladi. Pekin bu bitimga o’z e’tirozlarini bildirgan.

2020-yil avgust oyida Oq uy, Milliy fan jamg‘armasi va Energetika vazirligi kvant ilmiy-tadqiqot ishlari uchun besh yil davomida 625 million dollar ajratishini e’lon qildi.

Singapur va Tayvandagi tadqiqotchilar ham kvant texnologiyasini o'rganishda davom etmoqda.

Kichikroq davlatlar Xitoyning kvant hisoblash resurslari bilan raqobatlasha olmaydi, deydi Avstraliyadagi Yangi Janubiy Uels universitetining siyosat bo‘yicha faxriy professori Karl Tayer.

Ularga muhandislar, texniklar va pul kerak bo'ladi, deydi u.

"Bu ish puli, qudrati va bilimi bor kattalar uchun. Boshqa davlatlar ham urinib ko’rishlari mumkin, ammo ular uzoqqa borishiga ko’zim yetmaydi", - deya qo’shimcha qiladi Tayer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG