Xitoy va Rossiya G’arb mamlakatlariga qarshi birlashib, o’zaro harbiy va strategik aloqalarini mustahkamlashga qaror qilgan.
Moskva va Pekin Amerika va Yevropadagi raqiblarining “GPS” hamda “Galileo” navigatsiya tizimlariga raqobatbardosh sistemani yaratish ustida hamkorlikni boshlagan.
Joriy yil avvalida Xitoy o’z hududida Rossiyaning “GLONASS” navigatsiya tizimining yerdan boshqariladigan monitoring stansiyasini joylashtirishga ruxsat bergan edi. Natijada, Rossiya navigatsiya tizimining masshtabini kengaytirib, global miqyosda aniqlik bilan ishlashini kafolatlagan edi. Biroq ko’plab G’arb va Amerika ekspertlari, bu qadamni global xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid sifatida baholamoqda.
O’z navbatida, Moskva ham Rossiya hududida Xitoyning “BeiDou” navigatsiya tizimining yerdan boshqariladigan stansiyasi faoliyatiga imkon yaratgan.
“Tomonlar o’rtasidagi kelishuvlar o’zaro ishonch va hamkorlikning tobora kuchayib borayotganini anglatadi. Ikki mamlakat iqtisodiy jihatdan ham bir-birini to’ldiradi. Rossiya tabiiy resurslarga boy, Xitoyda esa bu resurslarni qayta ishlash uchun kapital va texnologiya bor”, - deydi ekspert Aleksandr Gabuyev.
Sun’iy yo’ldoshlar 21-asrda harbiy salohiyatni oshirish borasida muhim vositaga aylandi. O’tgan oy Rossiya o’z sun’iy yo’ldoshiga qarshi raketani sinovdan o’tkazdi. Vashington bunday sinov Xalqaro fazo stansiyasidagi astronavtlar hayotini xavf ostida qoldirishini aytib, Moskva qarorini qoraladi.
“Bunday sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat uchun yirik tahdid uyg’otmoqda. Strategik barqarorlikka putur yetkazmoqda”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 17-noyabr kuni muxbirlar bilan suhbatda.
Rossiya, Xitoy va AQSh tovush tezligidan besh karra yuqori sur’atda atmosferaning yuqori qatlamlarida harakatlanadigan raketalarga ega oz sonli mamlakatlardan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva va Pekin o’rtasida imzolangan fazo bitimiga Vashington qo’shilmaganini tanqid qildi.
“AQSh bir necha yildan beri Rossiya va Xitoyning fazoda qurollanish poygasini nazorat qilishga doir bitimni tuzish tashabbusini inkor etib keladi. Ular buni shunchaki rad etib, o’rniga allaqanday universal qoidalarni joriy qilishga chaqirmoqda”, - deydi diplomat.
Facebook Forum