Breaking News

Markaziy Osiyo Rossiya "nazorati" ostidami?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining virtual anjumanida qatnashmoqda, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 16-sentabr.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining virtual anjumanida qatnashmoqda, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 16-sentabr.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining xavfsizlik bo’yicha NATOga qo’ygan shartlari orasida harbiy alyansning sobiq ittifoq davlatlari, jumladan, Ukraina va Gruziya hisobiga kengayishiga yo’l qo’ymaslik, shuningdek, Markaziy Osiyoda Rossiya bilan kelishmasdan turib harbiy hamkorlik loyihalarini o’tkazmaslik kabi bandlar mavjud.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin loyihada ko’rsatilgan bu shartlarni ultimatum emasligini, ammo G’arbdan xavfsizlikka doir aniq javoblar kutilayotganini, aks holda Rossiya bir tomonlama harbiy texnik choralar ko’rishini aytdi.

Bu hujjat e’lon qilinishi ortidan Ukraina vaGruziya darhol mamlakat xavfsizlikka oid hamkorlarni mustaqil ravishda tanlashi haqida keskin raddiya bilan chiqdi.

Markaziy Osiyo, xususan, Rossiya bilan harbiy ittifoqda bo’lgan mintaqa davlatlari esa NATO bilan harbiy mashg’ulotlar, harbiy texnik hamkorlik olib bormaslik haqidagi Rossiya talabiga biror munosabat bildirilgani yo’q.

O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq – Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga a’zo emas, ammo Rossiyaning harbiy strategik hamkori sanaladi.

Rossiya va O’zbekiston mudofaa vazirligi o’rtasida 2025-yilgacha mo’ljallangan harbiy strategik hamkorlik dasturi shu yil aprel oyida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Buxoroga qilgan amaliy safari davomida imzolangan edi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Rossiya bilan strategik hamkorlik dasturiga ega emas, ammo ular Moskva yetakchiligida harbiy ittifoq Kollektiv xavfsizlik shartnomasi a’zolari hisoblanadi.

Sharhlovchilar Rossiya tomonidan olg’a surilgan xavfsizlik shartnomasiga doir loyihada Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlar Rossiya manfaati ostida ko’rsatilayotgani, ularning NATO bilan hamkorligi taqiqqa olinayotganini keskin norozilikka loyiq hisoblashmoqda.

Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodovga ko’ra, Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston Rossiya tortayotgan “qizil chiziqlar” doirasidagi mintaqa emas.

“Rossiya yana bir bor Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston ham uning manfaatlariga so’zsiz itoat qilishiga ishora bermoqda. Agar O’zbekiston misolida olsak, bu birinchi emas, avval ham shunday bayonotlar bo’lgan. Deylik, Rossiya Afg’onistondan qochqin qabul qilishni taqiqlashi, Putinning O’zbekiston prezidenti saylovlari haqidagi fikrlari. Toshkent bu bayonotlarga biror raddiya berishga jur’at topmadi. Buni Moskva o’zicha talqin qilmoqda, so’zsiz itoat sifatida tushunmoqda. Qolaversa, bu yerda hukumatdagi mulozimlarning, xususan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiya bilan jiddiy bog’langanini ham hisobga olish kerak. Bundan Mirziyoyev oilasi xoli emas, agar uning rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan aloqalarini nazarda tutsak. Ammo gap bu yerda mamlakat xavfsizligi, mustaqilligi haqida ketmoqda. Markaziy Osiyo xavfsizlik masalasida kim bilan hamkorlik qilishni, kim bilan mashg’ulotlar o’tkazishni o’zi mustaqil hal etishi kerak. Bu Rossiya vakolati doirasidagi vazifa emas. Mintaqa davlatlari bunga sukut bilan qaramasligi kerak. Hech bo’lmaganda, norozilik notasi bildirishi mumkin”, - degan fikrda mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodov.

Rossiya va NATO o’rtasidagi ziddiyat markazida Ukrainadagi vaziyat turibdi.

Rossiya Qrimni egallashi, Ukraina sharqidagi ayirmachi hududlarni qo’llab-quvvatlashi ortidan bu taranglik yanada kuchaygan.

Ayni paytga kelib Rossiya Ukraina bilan chegaralar atrofida minglab qo’shinlarini joylashtira boshlagani Ukrainaga nisbatan urush ochilishi mumkinligi, Rossiyadan kelayotgan tahdid qamrovi Yevropaga yoyilishiga doir xavotirlarni kuchaytirgan.

NATO, mazkur blokka a’zo AQSh, Yevropa davlatlari Rossiya surayotgan shartlarni, xususan, Ukraina va Gruziyani blokka qo’shmaslikka doir ultimatumni inkor etmoqda, ammo muloqot muhimligini ta’kidlashmoqda.

AQSh Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi amalga oshsa, buning natijalari Rossiya uchun keskin yakunlanishidan ogohlantirgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya bilan yuzaga chiqqan ziddiyat, xususan, Rossiya tomoni surayotgan “qabul qilib bo’lmas” shartlar bo’yicha diplomatik muloqotlar davom etishiga umid bildirgan.

Rossiyaning NATO bilan xavfsizlikka doir taklif etayotgan shartnoma loyihasi, asosan, Yevropa, Ukrainadagi vaziyatni nazarda tutsa-da, bu loyihada Markaziy Osiyo davlatlarining Moskva ogohlantirayotgan “qizil chiziq” hududiga tushayotgani Rossiya 30 yil avval mustaqillikka erishgan mintaqa davlatlarini hamon o’z manfaati, nazorati ostidagi davlatlar sifatida ko’rayotganini ham anglatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG