Breaking News

Koloradoda o'z stomatologiyasini yuritayotgan tojikistonlik shifokor


Kolorado: Tojikistonlik stomatolog "Doktor Aziz"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:02 0:00

Aksar amerikaliklar har olti oyda bir marta stomatologga ko’rinadi. Ushbu sohada narxlar baland, hammaning ham cho’ntagi ko’tarmaydi. Kolorado shtatining Denver shahrida tojikistonlik bir mutaxassis o’z stomatologiya klinikasini yuritadi.

Denver atrofida yashovchi markaziy osiyoliklarning deyarli hammasi uni taniydi. “Cozy Dental” stomatologiya klinikasi rahbari - Aziz Rasulov. U Amerikaga grin karta bilan 1996-yilda kelgan.

Tojikistonda stomatolog bo’lib ishlaganman, ammo AQShda bu yo’nalishda ish boshlashim oson bo’lmadi, chunki o’qib litsenziya olish kerak, deydi Rasulov. To’rt yil stomatolog assistenti bo’lib ishladi, Nyu-Yorkda o’z sohasi bo’yicha o’qishni tamomlab, Koloradoga qaytdi.

“O’z biznesimni ochish oson bo’lmadi, nimadan boshlashni bilmas edim. Shuning uchun Denverdagi bolalar stomatologiya klinikasiga ishga kirib, 7 yil ishladim, o’rgandim, tajriba orttirdim. Ozmi-ko’pmi tayyor bo’lgach, biznesga kirishdim. Maqsadim oilaviy klinika ochish edi”, - deydi Rasulov.

Uning aytishicha, ushbu biznesda professionallik, mijozlar bilan ishlay olish o’ta muhim.

“Mijozlarimning 70 foizi amerikaliklar, qolganlari sobiq ittifoq respublikalaridan, shuningdek, Afg’oniston va Erondan. Ingliz, rus va tojik tillarida gaplasha olishim ko’plab mijozlarni jalb qiladi. Qo’l ostimda ishlaydiganlar ham kamida ikki tilni biladi. Hozirda 36 xodimim bor. 2016-yilda klinikamizni kengaytirdik”, - deydi shifokor.

AQShda biznes yuritish boshqa joylarga qaraganda osonroqmi?

“Oson yoki qiyin demagan bo’lardim, ammo o’z qiyinchiliklari bor. Biznesni ochayotganda ruxsatnoma, litsenziya, sug’urta olish, kerakli xodimlarni yollashdan tashqari stomatologiya uskunalari, asbob va jihozlarni olish haqida ham o’ylash kerak. Ancha vaqt va mehnat talab qiladi. Yaxshigina komandangiz bo’lishi lozim. Buxgalterdan tortib ko’chmas mulk agentigacha”, - deydi Aziz Rasulov.

Deylik, Tojikiston bilan taqqoslaganda stomatologiya sohasi AQShda boshqacha ishlaydi, deydi suhbatdosh. Davolanish xarajatlarining bir qismini sug’urta qoplaydi, qolgani cho’ntakdan.

“Amerikaliklar tishi o’griguncha kutib o’tirmaydi, har olti oyda stomatologga ko’rinadi. Chunki davolanishdan ko’ra profilaktika yaxshiroq. Yana bir farqi – uskunalar. Bu yerda eng zamonaviy jihozlardan foydalanamiz, har bir xonada rentgen apparatlar. Demakki, shifokor bemorning ahvoli haqida yaxshiroq tasavvurga ega va sifatli yordam ko’rsatadi”, - deydi suhbatdosh.

Asli tojikistonlik Farhod Sanginov “Cozy Dental” klinikasining doimiy mijozlaridan biri.

“2018-yilda Amerikaga, Denver shahriga ko’chishga tayyorgarlik ko’rayotganimdayoq Aziz Rasulovni menga tavsiya qilishgan, ajoyib mutaxassis deb ta’riflashgan, – deydi Sanginov. – Denverda uni topib oldim, mijoziga aylandim. O’zim reklama-dizayn sohasida ishlaganim uchun rus tilidagi jurnalimizda ham u haqida maqola chiqardik”.

“Cozy Dental” - turli xil sug’urtalarni qabul qiladigan klinikalardan biri. Bemorlarga moliyaviy ahvoli qanday bo’lishidan qat’i nazar yordam berishga harakat qilamiz. Biz uchun xizmat sifati juda muhim. Doktor Aziz ham bolalar bilan, ham qariyalar bilan ishlay oladigan shifokor”, - deydi klinika xodimi Nigina Rasulova.

“O’zimdan bilamanki, biz sobiq ittifoqda ulg’aygan odamlar - hammamiz mehnatsevarmiz. Vaziyatni o’rganib, ta’lim olib, puxta tayyorgarlik bilan biznes boshlaganlar ijobiy natijaga erishadi”, - deydi Aziz Rasulov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG