Breaking News

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Qozog'istonga missiya yuboradi


Politsiya mashinasi yonmoqda, Almati, 5-yanvar, 2022
Politsiya mashinasi yonmoqda, Almati, 5-yanvar, 2022

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti raisi, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga ko'ra, olti davlat a'zo organ norozilik namoyishlari davom etayotgan Qozog'istonga tinchlikparvar kuchlarini yuboradi. Bu missiya Qozog'iston barqarorlashgunicha u yerda qoladi, deydi Pashinyan.

Missiya safarbar etilishini Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev iltimos qilgan.

Namoyishchilarni terrorist deb atayotgan To'qayev deydiki, ular imoratlar, infrastruktura va qurollarni qo'lga kiritish payida.

Almati xalqaro aerportini egallagan namoyishchilar hatto chel el samolyotlarini ham bosib olgan, deydi To'qayev.

Bu odamlar, deya tasvirlaydi prezident, mamlakatning hududiy yaxlitligiga tahdid solmoqda.

"Xalq bizdan tinchlikni ta'minlashni kutmoqda va biz buni uddalaymiz".

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Qozog'istondan tashqari Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg'iziston a'zo.

Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarni politsiya va xavsizlik xizmatchilariga tinimsiz hujumlarda ayblamoqda. Kamida 200 odam hibsga olingan. O'nlab rasmiy avtomobillarga o't qo'yilgan.

Namoyishchilar esa ularning talabi aniq ekanini aytadi: amaldagi siyosiy tizim yangilanishi va rahbarlar o'zgarishi lozim, ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlarga qarshi konkret choralar ko'rilishi kerak, Qozog'istonda adolat ta'minlanishi zarur.

Kecha To'qayev hukumat yangilanishini e'lon qildi, bosh vazirni o'zgartirdi. Milliy xavfsizlik kengashi raisi endi prezidentning o'zi, elboshi Nursulton Nazarboyev emas. Yuqori lavozimlarga boshqa odamlar tayinlangan. Biroq namoysishlar tinmagan.

Qozog'istonda internet va mobil aloqa cheklangan. Axborot oqimiga to'siqlar qo'yilgan.

BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti, shuningdek, AQSh, O'zbekiston, Rossiya va boshqa hukumatlar Qozog'istondagi beqarorlik tinch yo'l bilan barham topadi degan umidda. G'arb namoyishchilarning erkinliklari hurmat qilinishi kerak, deya eslatmoqda.

AQSh uchun Qozog'iston ishonchli va qadrli sherik, deya bayon qiladi Davlat departamenti.

"Biz zo'ravonlikni va mulkni vayron qilishni qoralaymiz. Hukumat va namoyishchilar bundan tiyilishi zarur. Biz Qozog'istonning barcha fuqarolaridan konstitutsion tiizmni himoya qilishni, inson huquqlari va matbuot erkinligini e'zozlashni so'raymiz. Internet aloqani tiklashga chaqiramiz. Barcha tomonlarni bu favqulodda vaziyatni tinch hal etishga undaymiz", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays.

Hukumat ular bilan muloqotda ekanini ta'kidlaydi, ammo To'qayevning ogohlantirishicha, davlat idoralari va xizmatchilariga hujum qilish jinoyat va jinoyatchilar jazolanadi.

Namoyishchilar fikricha esa avvalo Qozog'iston xalqi va uning haqqini o'marib kelayotgan hokimiyatdagilar, korrupsion tizim, o'z qilimishlari uchun javob berishi kerak.

BMT va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti islohotlar qilishda va vaziyatni o'nglashda yordam berishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG