2021-yilning oxirida “Amerika Ovozi” Qashqadaryo viloyatiga safar qilib, Qarshi tumanidagi Xonobod qishlog’iga borib, u yerdagi vaziyat bilan tanishgan edi. 20 yil oldin O’zbekistonning bu qismida AQSh o’z havo bazasiga ega bo’lgan, 2001-2005 yillarda. Baza qo’shni Afg’onistondagi harbiy harakatlarda muhim rol o’ynagan, strategik vazifalarni bajargan, bu yerdan Afg’onistonga va Afg’onistondan yuk va askar olib o’tilgan.
2003-2004 yillarda bu bazada xizmat qilgan Mark Jekson hozirda Florida shtatida faoliyat yuritadi, hamon qurolli kuchlar safida. Lekin bir paytning o’zida bir necha xastalik bilan kurashadi, xususan suyak, oshqozon va nafas yo’llari bilan bog’liq. Xizmatda ekani bois tibbiy sug’urtasi deyarli barcha muolajalarni qoplaydi.
Biroq u yetakchilik qilayotgan Stronghold Freedom Foundation deb nomlangan nohukumat tashkilotga ko'ra, Qarshi-Xonobod havo bazasida xizmat qilgan minglab zobitlar bunday imkoniyatlardan mahrum, chunki bu baza AQSh hukumati tomonidan xavfli zonalar ro’yxatiga kiritilmagan. Harbiy faxriylar masalalari bilan shug’ullanadigan vazirlik u yerda xizmat qilganlarga ko’plab imtiyozlarni shu bois ham rad etadi. Bu degani, jumladan nafas va asab xastaliklaridan azob chekayotgan faxriylar, saraton orttirgan amerikaliklarning dardiga hukumat befarq, deydi Jekson.
Ular hukumat orqali zarur muolajalarni olishi uchun Faxriylar masalalari bo’yicha vazirlik Qarshi-Xonobodni inson salomatligi uchun xavfli hudud deya qayd etgan bo’lishi kerak. Shundagina u yerda xizmat qilgan faxriylarning ahvoli u yerdagi muhitga bog’liq deb ko’riladi.
Mark Jekson va uning safdoshlari sa’y-harakatlari tufayli o’tgan 2-3 yil ichida AQSh Kongressi va hukumat bu masalaga jiddiy ko’z bilan qaray boshladi. Oq uy buyrug’i bilan hozirda Jons Xopkins universiteti Qarshi-Xonobod harbiy bazasida xizmat qilganlar salomatligi yuzasidan yirik izlanish olib bormoqda. Tadqiqot natijalari 2023-yilga borib e’lon qilinishi kutiladi.
AQSh Mudofaa vazirligi endilikda oshkor etgan hujjatlarga ko’ra, Pentagon 2001-2004 yillardayoq Qarshi-Xonobodni Sovet davridan qolgan zaharli materiallar mavjud zona deb baholagan, lekin bundan u yerda xizmat qilayotgan voqif bo’lmagan.
Mark Jekson va uning safdoshlari aviabazaga borganidan ko’p o’tmay nafas yo’llari kasallangani, turli dorilar bilan o’zlarini davolab yurishganini aytadi.
Xo’sh, bu faxriylarning qo’lida Qarshi-Xonobod haqiqatan ham toksik maskan bo’lganini isbotlovchi qanday faktlar bor?
“Sizga biror fakt bera olmayman. Bu faktlar butun vujudimda - Qarshi-Xonoboddagi xizmatim asoratlaridir. U yerdagi xizmatdan keyin turli xastaliklardan o’lganlarning go’rlarini ko’rsatishim mumkin. 20 yil hukumatimiz bizning dardimizga ko’z yumdi. Vaholanki, mutasaddilar Qarshi-Xonobod xavfli zona ekanini bilishgan, ammo hech qanday chora ko’rishmagan”, - deydi Jekson.
“Biz harbiymiz va safarbar etilsak, har qanday hududga yana boramiz. AQShning biror zobiti vazifadan bosh tortmaydi. Lekin hukumatimiz bizni qanday joylarga yuborayotganini aniq bilib, zarur choralarni ham ko’rishi kerak”.
Mark Jekson yuritadigan tashkilotga minglab faxriylar a’zo. Bu uyushma o’tkazgan so’rovda Qarshi-Xonobodda xizmat qilgan qariyb 15 ming amerikalikdan 4500 ga yaqini qatnashgan. Ularning uchdan biri og’ir va o’xshash kasalliklarga chalingan.
Bu faxriylarning shikoyati O’zbekistonga qaratilgan emas, deydi Jekson, garchi O’zbekiston ham bu insonlarning ahvolidan kelib chiqib, o’z aholisi salomatligi uchun joy kuydirishi kerak. Hudud izchil o’rganilishi, kasalliklar ortidagi omillar ilmiy jihatdan tahlil qilinishi lozim.
“Sovet davridan qolgan zaharli chiqindilar hammaga birdek ta’sir qilmasligi aniq, ammo ta’sir qilganlarning taqdiri e’tibordan chetda. Biz shu qadar bilamiz. Bizda bunday muammo yo’q deyish, barcha tarixiy omillarni e’tiborga olsak, vijdonsizlikdir”, - deydi Jekson.
“Amerika Ovozi” hozirda O’zbekistonning minglab havo kuchlari zobitlari xizmat qiladigan bu inshoot bilan yaqindan tanisha olmadi, chunki kirishga ruxsat yo’q. Biroq hududni aylanib, jamoatchilik va mutasaddilar bilan muloqot qildi. Ular Qarshi-Xonobod toksik, radioaktiv moddalar ta’sirida bo’lgani yoki bo’lishi mumkinligini inkor etdi. Amerikaliklarning iddaolari, bu o’zbekistonliklar nazarida, asossiz. Qarshi-Xonobodda ishlaganlar, jumladan iste’fodagi harbiylar va amerikaliklar bilan hamkorlik qilgan tadbirkorlar ham AQShning minglab faxriylari nimadan noliyotganini tushunmaydi va hududni ekologik jihatdan talabga javob beruvchi zona deb biladi.
“Amerika Ovozi” Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zoyir Mirzayevdan, Toshkentda Oliy Majlis a’zolaridan, xususan bu masalani o’rganganini da’vo qilgan senator va mutasaddilardan ham shu singari xulosalarni eshitdi. Ya’ni, Amerikada Qarshi-Xonobod xususida yangrayotgan salbiy nazariyalar, xususan bu yerda odamlar aynan radioaktiv moddalar sabab o’limga yetaklovchi kasalliklarga chalinishi mumkin, degan iddao ortida isbot-dalil yo’q.
Bu masala nega endi ko’tarilmoqda? Bu savol har ikki mamlakatda o’rtaga tashlanadi.
“Sog’lig’imiz og’irlashdi. Vaqt o’tib, Qarshi-Xonobod aviabazasida xizmat qilganlar orasida o’xshash holatlarni aniqlay boshladik. Hukumat va qonunchilarimizga buni bildirishga qaror qildik. Afsuski, shu paytgacha O’zbekistondagi xizmatimiz zarur hujjatlarda to’g’ri va aniq qayd etilmagan edi”.
Mark Jeksonning tashkiloti nafaqat Qarshi-Xonobod, hatto Qirg’izistondagi Manas aviabazasi bilan bog’liq ma’lumotlar ham Pentagon tomonidan to’liq bayon etilmaganini fosh qilgan. Vaholanki, deydi Jekson, AQSh Havo kuchlari Qirg’izistonda O’zbekistonga qaraganda ikki karra uzoqroq xizmatda bo'lgan.
“Biz O’zbekistonda xizmat qilganimiz uchun u yerdagi vaziyatga e’tibor qaratyapmiz. Nafaqat harbiylarimiz, balki noharbiy amerikaliklar va boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek, mahalliy mutaxassislar va tadbirkorlar ham u yerda ishlagan”.
Jekson O’zbekistonda bu faxriylarning taxminlari jiddiy qabul qilinmayotganini ichki qo’rqinchdan deb biladi. Ekologik muammolarga tik ko’z bilan qarash qiyin, deydi u, ayniqsa aholi zich yashaydigan hududlarda. Qarshi-Xonobodda radioaktiv moddalar yo’q deb ishontirish uchun hukumat ilmiy tadqiqotlar o’tkazib, isbot-dalillarni birinchi navbatda o’z xalqiga taqdim etishi kerak. Hozirgacha, deydi Mark Jekson, O’zbekistonda bunday ishlar qilinmagan, agar qilingan bo’lsa, qani natijalari?
Lekin bu faxriylarning tanqidi Amerika tizimiga qaratilgan. AQSh hukumati shu kungacha masalani ilmiy jihatdan o’rganmagan. Jons Xopkins universitetida ayni damda ketayotgan izlanishlar birinchisidir.
“Hukumatimiz bizga sabr qiling, barcha choralarni ko’ramiz, talablaringizni qondiramiz, deydi. 20 yildan beri nima qilishayotgan edi? Xavfli zonada xizmat qilganimizni tan olish boshi urushdan chiqmaydigan davlat uchun nega shu qadar qiyin? Biz xizmatni qildik, ayrimlarimiz xavfli hududlarga qayta-qayta safarbar etilganmiz. Burchimizni ado etdik, lekin davlatimiz o’z burchini ado etmayapti, ya’ni salomatligimizga befarq. Biz shundan noliyapmiz”.
Mark Jekson va uning tashkiloti Kongressda bu masala yuzasidan bir necha bor gapirgan, qonunchilar bilan ishlayapti. Qonunchilar va Pentagondagi mutasaddilar orasida ham Qarshi-Xonobodda xizmat qilganlar bor. Qarshi-Xonobod xavfli zona bo’lgani ochiq qayd etilmagan va buni qonunan to’g’rilash kerak, deya talab qilmoqda Jeksonning tashkiloti, toki faxriylarga shunga yarasha yordam berilsin.
Jekson safdoshlari nomidan gapirar ekan, O’zbekiston pozitsiyasini tushunishini aytadi. Hech kim o’z davlati biror jihatdan qoralanishini istamaydi.
“Ammo biz O’zbekistonni qoralayotganimiz yo’q”, - deydi Jekson. “Biz uzoq davr mobaynida salomatlikka salbiy ta’sir qiladigan omillarga ahamiyat qaratayapmiz”.
Ekologik muammolar har yerda bor, deydi Jekson. Aslida AQSh qayerda harbiy bazaga ega bo’lsa, o’sha yer sog’liq uchun xavfli zona hisoblanishi kerak, u yerda yer kavlanadi, turli moddalar sochiladi va yoqiladi, qurol-aslaha va vositalardan tabiatga zarar yetadi. AQShda faxriylar shunday targ’ibot olib bormoqda.
“Farzandlarimiz ham biz orqali zarar ko’radi, ko’plarimiz aslida xavfli joylarda xizmat qilganimiz bois farzand ko’ra olmaganmiz, bu ham haqiqat. Sizga o’q tegsa, o’sha zahotiyoq ta’siri bilinadi. Lekin harbiy xizmat paytidagi ekologik effekt ta’siri uzoq vaqt o’tib ko’rina boshlaydi”, - deydi Jekson.
“44 yoshdaman, lekin suyaklarim 80 yoshli odamniki kabi, doktorlarimning aytishicha. Oshqozonim kasal, nafas olish yo’llarim kasal. Ular bilan bog’liq yana qator muammolar bilan kurashaman, har kuni”.
“Men ta’g’inam omadliman, ishlay olaman. Qancha-qancha tanishlarim o’ta og’ir kasalliklardan jon berdi. Hozir olib borilayotgan tadqiqotlar kasalmand faxriylar orasidagi bog’liqlikni ochib berishi kerak. Hukumat hamisha shunga urg’u berib, qani bog’liqlik deb so’raydi. Mana, ilmiy izlanishlar boshlandi”.
“Agar O’zbekiston hukumati allaqachon shunday izlanishlarni o’tkazib, vaqt oraliqlari, epidemiologik holatni tahlil qilib, Qarshi-Xonobod hududi va muhitini obdan o’rganib, yer tarkibini sinchiklab xususan, asosli xulosalarga kelgan bo’lsa, berishsin, ko’raylik. Aniqlashimizcha, bunday xulosalar ularda ham yo’q”.
“Biz O’zbekiston xalqidan yoki u mamlakatdagi vaqtimizdan biror jihatdan norozi emasmiz. Har kuni bazadan chiqib, issiq non sotib olardim. O’zbekistonni kezib chiqqanman. Uning tarixi, mustaqillik yillaridagi ahvoli va buguni bilan ancha tanishman. Ko’pchilik amerikaliklardan ko’proq bilaman bu yurtni. O’zbekistonliklarga bizning shikoyatlarimiz yoqmayotgan bo’lsa, buni ham tushunaman. Lekin ular ham tushunishi kerakki, biz qilayotgan nolalar global ahamiyatga ega. Harbiylar qayerda xizmat qilmasin, u yerdagi ekologik muammolardan aziyat chekadi va bunga ularning hukumatlari befarq”, - deydi Jekson.
“Ishonchim komil, xonobodliklar orasida saratonning turli ko’rinishlaridan yoki nafas olish bilan bog’liq xastaliklardan o’lgan odamlar bor. G’alati kasalliklardan qiynalayotgan insonlar bor. Bu haqda odamlar qanchalik erkin gapira oladi, bu boshqa masala. “Facebook” da sahifamiz bor. O’zbekistonliklar xohlasa, a’zo bo’lishsin va o’z tarijabalarini ulashishsin”.
“Biz buni pul uchun qilamayapmiz. Lekin hukumat biz kurashayotgan kasalliklar bilan bog’liq muolajalarni qoplashi kerak. Yuqorida aytganimdek, biz xizmatni qildik, endi esa azobdamiz. Davlat bizga qarashi kerak”.
“Faxriylar pul uchun shikoyat qilmoqda, deb o’ylasangiz, xató qilasiz. Biz xizmat qilgan hudud salomatlik uchun xavfli bo’lgani tan olinishini talab qilayapmiz. 20 yildan beri hukumat bundan bosh tortib keldi va hozirga kelibgina, biz bilan konstruktiv muloqotda”.
Kongressda bu masala yuzasidan partiyaviy ziddiyat yo’q. Senatda va Vakillar palatasida demokratlar va respublikachilar orasida Qarshi-Xonobodda xizmat qilgan faxriylarga zarur imkoniyatlar yaratilishi kerak degan yakdillik bor. Shu bois ham Pentagon oldin yashirgan hisobotlarini oshkor etgan. AQSh bazalaridagi ekologik vaziyat dunyo bo’ylab o’rganilishi shart, degan talablar qo’yilishi kutilmoqda.
Jekson va uning safdoshlarining umidi shuki, yaqin kelajakda bu yakdillik qonunga aylanadi. Bu qonun faqat Qarshi-Xonobod yuzasidan bo’lmas, unga boshqa “xavfli hududlar” ham qo’shilar, ammo maqsad faxriylar zarur muolaja olishlari uchun davlatdan mablag’ ajratilishini ta’minlash.
Jekson va boshqa faollar hukumat va qonunchilardan “pul yo’q” degan javoblar eshitgan.
“Ilg’or qiruvchi samolyotdan, masalan F-35 dan 2-3 ta kamroq chiqarsak, pul yetadi”, - deya javob qiladi Jekson.
“Yana bir bor aytaman, safdoshlarim nomidan, biz O’zbekistonni yomon ko’rmaymiz, aksincha, unga mehrimiz baland va ajoyib xotiralar bilan yashaymiz. Afg’onistonga nisbatan ham shunday. Iroqda ham xizmat qilganman. U yerdagi tarix, qadim madaniyat… tinchlik va farovonlik istagan xalqlar. Biz o’z shikoyatlarimiz bilan ularni aslo qoralayotganimiz yo’q”.
Jekson Vashingtonda katta bo’lgan. Bobosi polkovnik bo’lgan, Koreya urushida xizmat qilgan; otasi esa Vyetnamda. O’sha paytda ham, deydi Jekson, AQSh hukumati urush faxriylarining sihatiga befarq bo’lgan.
“Amerika qayerdadir harbiy amaliyot olib bormayotgan davr yo’q, tarixda ham, hozir ham. Lekin bu xizmatni qilganlar vatanga yo tobutda yo kasalmand bo’lib qaytadi”, - deydi Jekson.
AQSh hukumatiga ko’ra, Pentagon va urush faxriylari bilan ishlaydigan vazirlik bu masalaga aslo loqayd emas. Har bir faxriy alohida e’tiborda va kasaliga qarab, zarur muolaja uchun sharoit yaratib beriladi, deya qayd etadi mutadassilar.
Rasmiylar faxriylar olib borayotgan targ’ibot va ular qo’yayotgan talablar qator o’zgarishlarga yetaklayotganini ham e’tirof etadi. Lekin bu o’zgarishlar juda sekin, deydi Jekson. Oq uy, Kongress, Pentagon va boshqa vazirlik va idoralar ildamroq harakat qilishi lozim, deydi u, chunki gap inson hayoti ustida ketmoqda. Faxriylarga yordam hozir kerak, operatsiyalar va boshqa qimmat tibbiy jarayonlar vaqtida bo’lishi kerak.
“Meni g’azabga keltirgan narsa – tizimning pul yo’q deya bahona qilgani. Eng boy qatlamga soliq imtiyozlari bergan hukumat urushdan qaytgan harbiylari uchun mablag’ topa olmayotgani naqadar adolatsizlik va vijdonsizlik… Turli bahonalar bilan Kongressdagi loyihalarni o’ldirishdi. Lekin Donald Tramp prezidentlikning oxirgi soatlarida farmon berib, Qarshi-Xonobod masalasini o’rganishni buyurdi. Mana shu hujjat hamon amalda va unga ko’ra, hozir izlanishlar olib borilyapti”, - deydi Jekson.
Jekson deydiki, Qarshi-Xonoboddagi baza ahamiyatini AQSh hukumati juda tor baholagan, shu bois ham u yerda xizmat qilganlarga e’tibor past. Aslida esa, deydi u, 11-sentabrdagi terror xurujlaridan keyingi eng katta qadamlardan biri O’zbekistonda baza ochilishi bo’lgan. AQSh hudud zaharli moddalar makoni bo’lgan degan taxminlarga ko’z yumib, minglab askarlarni u yerga joylashtirgan.
“Biz mana shu fakt tan olinishini xohlaymiz, toki vatandagi tizim bizga o’sha xizmatimizga yarasha xizmat ko’rsatsin”, - deydi suhbatdosh.
Facebook Forum