Prezident Shavkat Mirziyoyev 66 nafar diniy mahbusni afv etdi. Prezident imzolagan farmonga muvofiq, ularning 44 nafari qamoqdan chiqqan, 19 nafarining esa jazo muddati qisqartirilgan.
Odatda afv yoki amnistiya haqidagi farmon va qarorlar biror munosabat bilan imzolanadi. 30 yoki 31-yanvar kungi bu hujjat Toshkentda, viloyatlarda va hatto Moskvada ham oldingi rahbar Islom Karimovning tavallud kuni xotirlanishiga to'g'ri kelgan.
Faollarga ko’ra, kutilmaganda e'lon qilingan afv mamlakatda Karimov xotirasiga ehtirom ko’rsatilayotgan bir manzarada kuzatilayotganini tasodifga yo’yish qiyin.
Karimov tomonidan qamalgan va Mirziyoyev tomonidan ozodlikka chiqarilayotgan dindorlarning aksariyati Karimov davrida ekstremizm va radikalizmda ayblanib qamalgan. Mirziyoyev davrida esa ular “qilmishiga chin dildan pushaymonlik” bildirganlari va islohotlar isboti o’laroq ozod etilmoqda.
E’tiqod erkinligi kafolatlari hozir ham kun tartibida emas, deydi vaziyatni kuzatib turgan faollar.
Mirziyoyevning afv farmonidan biroz oldin, Andijonda bir guruh ayollar “Islomiy davlat” orzusida yurganlikda gumon qilinib, organlar tomonidan olib ketilgan.
Sal o’tib, Toshkentda “Tahvid va Jihod katibasi” degan guruhga aloqadorlikda ayblanib, 30 nafar yigit hibsga olingan.
Ekstremizm va radikalizmga doir hibslar statistikasini o’rgangan huquq himoyachilari Mirziyovev davrida qamoqqa tashlangan dindorlar soni Karimov paytidagidan kam emas, degan xulosa qiladi.
Ta’qiblar bois O’zbekistonni tark etgan diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov fikricha, afvlarga qaramay diniy siyosat o’zgarmadi.
Facebook Forum