Ukrainada urush boshlanishi xavfi kuchaygan bir pallada AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin o’zaro uchrashishga rozi bo’lgan. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron idorasi xabar berdi.
Oq uy bu xabarni tasdiqladi, ammo uchrashuv Rossiya Ukrainaga bostirib kirmagan taqdirdagina yuz berishini qayd etdi.
Yelisey saroyi dushanba kuni ertalab e'lon qilgan bayonotda Makron ikkala yetakchini "Yevropada xavfsizlik va strategik barqarorlik" mavzusidagi sammitga taklif qilgani aytiladi.
“Prezidentlar Bayden ham, Putin ham bunday sammit o’tkazish tamoyilini qabul qilishdi”, deyiladi bayonotda. Unda yana qo’shimcha qilishinishica, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bunday uchrashuv imkonsiz narsaga aylanadi.
Makron va Atlantika okeanining har ikki tomonidagi yetakchilar oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon qoʻngʻiroqlaridan soʻng eʼlon qilingan bu bayonot Rossiya Ukraina chegarasida harbiy mashg’ulotlarni kuchaytirgan bir pallada yangradi.
Bu orada Rossiya Belarusda yakshanba kuni yakunlanishi kerak bo'lgan harbiy mashg'ulotlarni yana davom ettirishini ma’lum qildi. Bu haqda Belarus mudofaa vazirligi xabar berdi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, mashg'ulotlarning davom etayotgani Rossiya yaqin orada Ukrainaga bostirib kirishiga oid xavotirlarni kuchaytiradi. Ukraina kuchlari va Donbassdagi Rossiya tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan bo'lginchilar o’rtasida otishmalar boshlangani vaziyatni yanada taranglashtirgan.
O'tgan hafta AQSh Moskvani hujum boshlash uchun chegara hududlarda bahona yaratishga urinayotganlikda ayblagan edi. Rossiya bu da’voni inkor etadi.
Kremlning aytishicha, aslida NATOning Sharqiy Yevropaga qoʻshimcha kuchlarni kiritgani keskinlik oshishining asosiy sababidir.
G'arb davlatlari bosqin sodir bo'lgan taqdirda Rossiya kompaniyalari va shaxslariga qarshi keskin sanksiyalar qo’llanilishi haqida ogohlantirmoqda.
AQShning “Maksar” kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslanib e’lon qilgan so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Rossiya Ukraina bilan chegarasi yaqiniga ko’plab yangi zirhli texnika va qo’shimcha kuchlarini joylashtirgan.
Rasmlarda Rossiya harbiy bo‘linmalarining o‘rmonlar, fermer xo‘jaliklari va sanoat hududlarida Ukraina chegarasidan bor-yo’g’i 15 km.lik masofada turgani aks etgan.
"Ushbu tasvirlar tanklar, zirhli transport vositalari, artilleriya va yordamchi texnikalarning ilgari kuzatilgan joylashuv sxemasida o'zgarishlar yuz berganini anglatadi", deyiladi tahlil markazi e’lon qilgan bayonotda.
Kuzatuvchilarga ko’ra, bu narsa harbiy kuchlarning hujumga shay holda turganini anglatadi.
Facebook Forum