Urushning 12-kuni. Ukraina armiyasi mamlakat mudofaasida qat’iy turibdi. Rossiya armiyasi hujumiga uchragan ayrim hududlardagi janglar Ukraina foydasiga hal bo’lgani haqidagi xabarlar ham kuzatilayapti.
7-mart kuni Ukraina Nikolovye shahridagi aeroport ustidan nazoratni qayta o’rnatdi. Shahar hokimi Vitaliy Kim shiddatli janglar ortidan rus qo’shinlari chekinishga majbur bo’lgani, Ukraina armiyasi aeroport ustidan nazoratni qo’lga kiritganini xabar qildi.
Ammo bu xabar Rossiya armiyasining Ukraina bo’ylab siljiyotganini, ayniqsa, poytaxt Kiyevning qamal halqasi tobora torayib borayotganini inkor etmaydi.
Urush tinch aholidan qurbonlar soni tobora oshib borayotgani bilan kuzatilmoqda. Ayniqsa, so’nggi kunlar bu boradagi vaziyat jiddiy og’irlashganini ko’rsatdi.
Ukrainaning bir necha shaharlari raketa zarbalari ostida qoldi, jamoatchilik binolari, aholi yashaydigan uylar vayron qilindi, tinch aholidan qurbonlar soni keskin oshdi.
Ukraina va Rossiya o’rtasida avvalgi muzokaralar paytida kelishilgan aholi evakuatsiyasi uchun xavfsiz yo’lak tashkil qilish rejasi amalga oshmadi.
Xalqaro Qizil xoch, ayniqsa, Rossiya kuchlari nazorati ostidagi Mariupol shahridagi vaziyat o’ta ayanchli ekanligi, infratuzilma butunlay yakson qilingan shaharda odamlar bir necha kundan buyon suvsiz, gazsiz, tibbiy yordamsiz qolayotgani, aholini xavfsiz joyga olib chiqish uchun tomonlar zudlik bilan o’zaro kelishuvga borishi lozimligini bildirmoqda.
Qaqshatqich janglar davom etayotgan, deyarli vayronaga aylangan Ukrainadagi ikkinchi yirik shahar Xarkovdagi vaziyat ham o’ta tarang. Shahar atrofida og’ir janglar ketayotgani, raketa zarbalari tinmayotgani uchun aholi evakuatsiyasi bir necha bor qoldirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan lavhalar, suratlar minglab aholi shahar vokzalida evakuatsiya poyezdlarini kutib, tun va kunni o’tkazayotganini ko’rsatadi.
Har ikki tomon uchun ham og’ir talafotlar, yuzlab qurbonlar bilan kechayotgan bu urush manzarasida muzokaralar rad etilmayapti.
7-mart kuni Ukraina va Rossiya ishtirokidagi delegatsiya Belarusda muzokaraning uchinchi doirasini o’tkazish uchun yig’ildi, Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov boshchilik qilmoqda.
Belarusda muzokaralar boshlanar ekan, matbuotda Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga tegishli samolyot Minskka qo’ngani, Rossiya tomoni muzokaralarga sobiq prezidentni jalb qilishni niyat qilayotganiga doir xabarlar paydo bo’ldi.
Ukrainada, hatto mamlakat sharqida, ayirmachi hududlarda ham sobiq prezident Yanukovichga nisbatan munosabat o’ta salbiy. Shu bois Yanukovich jalb qilinishi mumkin har qanday muloqot jiddiy norozilik bilan kutib olinadi.
Bu xabarlar ortidan Ukraina tomoni Yanukovich jalb qilingan biror delegatsiya bilan muzokaraga kirishmasligi, sobiq prezidentning muzokarada qatnashishiga doir xabarlar asossizligini bildirdi.
Hozirgacha biror aniq natijalar bilan kuzatilmagan bu muzokaralar soyasida Ukraina, Rossiya, Turkiya tashqi ishlar vazirlari ishtirokida Turkiyada muloqot o’tishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo’ldi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Murod Chovusho’g’lu buning uchun Turkiya tomoni jiddiy ish olib borgani, uch tomonlama formatdagi bu muloqotning asosiy maqsadi urushni, otishmalarni to’xtatish ekanligi aytgan.
Rossiya-Ukraina-Turkiya diplomatlari ishtirokidagi muzokara 10-mart kuni Antalyada o’tishi kutilmoqda.
Hozircha Ukraina-Rossiya urushini to’xtatishi mumkin bo’lgan yagona muzokaralar bevosita urushayotgan tomonlar ishtirokida Belarusda davom etmoqda.
Ammo navbatdagi uchinchi doira muzokaralaridan aniq natijalar bo’lishiga ishonch kam. Rossiya ham, Ukraina ham o’z talablarida qat’iy turibdi.
Facebook Forum