AQSh Kongressiga qilgan virtual murojaatida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bosqinini qaytarish uchun yordamni oshirishni, xususan, Ukraina osmonini yopishni so’radi.
“Mamlakatimiz taqdiri, xalqimiz ozodligi ustida gap ketmoqda”, - dedi Zelenskiy ukrain tilida qilgan nutqida.
Ukraina rahbarining AQSh Kongressiga virtual murojaati (ingliz tilida):
Ukraina rahbari AQShga 2001-yilning sentabrida qilingan terror hujumi, shuningdek, 1941-yilda Gavayidagi Perl-Xarbor harbiy bazasiga qilingan hujumni tilga olib, Ukraina uch haftadan buyon xuddi shunday dahshatni boshdan kechirayotganini ta’kidladi.
“Buyuk tarixingizda Ukraina tarixini tushunishga imkon beradigan sahifalar bor. Bizni tushuning”, - deya murojaat qildi Zelenskiy amerikalik qonunchilarga.
Zelenskiy Ukraina havo sarhadlarini yopish uchun yordam so’ramoqda. Agar buning imkoni bo’lmasa, qo’shimcha qurollar bilan bizga madad bering, deydi u.
“Bir orzum bor, degan so’zlar har biringizga tanish. Bizning esa ehtiyojimiz bor. Osmonimizni himoya qilishim kerak”, - dedi Ukraina prezidenti, AQShda tenglik va adolat kurashchisi Martin Lyuter King so’zlarini keltirib.
Zelenskiy AQShga, xususan Prezident Jo Baydenga, hozirgacha ko’rsatilgan ko’mak va quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirar ekan, unga ko’ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirish lozim.
“Barcha AQSh kompaniyalari Rossiya bozorini tark etishi kerak, chunki [bu bozor] bizning qonimizga belangan”, - deydi u.
Volodimir Zelenskiyga ko’ra, Rossiya amalga oshirgani kabi bosqinlarga iqtisodiy sanksiyalar va harbiy yordam orqali qarshi tura oladigan davlatlar uyushmasini yaratish vaqti kelgan.
Xalqaro hamjamiyatdan ko’proq harbiy va gumanitar madad so’rayotgan Zelenskiy avvalroq Britaniya, Kanada va Yevropa parlamentlariga ham o’xshash murojaat bilan chiqqan.
"Biz ayni damda nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa va dunyo ozodligi uchun kurashmoqdamiz", - dedi u.
Prezident Jo Bayden bugun Ukraina uchun qo’shimcha 800 million dollarlik yordam paketini e’lon qilishi kutilmoqda.
AQSh rahbari kuni kecha imzolagan yangi byudjetda Ukrainaga 13,6 milliard dollarlik ko'mak ajratilgan. Ushbu mablag’ Ukraina mudofaasini mustahkamlash, uni qurol-aslaha bilan ta’minlash, shuningdek, ukrainalik qochqinlarning ehtiyojlari uchun sarflanadi.
Bayden NATO yetakchilari bilan uchrashish uchun kelasi hafta Yevropaga otlanmoqda. AQSh rahbari Zelenskiy bilan yuzma-yuz ko’rishishi mumkin degan xabarlarni Oq uy hozircha tasdiqlagani yo’q.
NATOning favqulodda majlisi 24-mart kuni Bryusselda o'tadi.
Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenbergga ko’ra, yig’inda “Rossiya bosqinining oqibatlari” va NATOning kollektiv mudofaasini kuchaytirish bo’yicha uzoq muddatli rejalar muhokama qilinadi.
Ukraina rahbarining AQSh Kongressiga virtual murojaati (rus tilida):
Facebook Forum