Rossiyaning Ukraina bosqini boshlanishi ortidan AQShning janubiy chegaralarida Ukraina va Rossiyadan kelgan qochqinlar paydo bo’ldi. Ammo ularning AQShga kiritilishi savol ostida.
Yosh ukrainalik ayol AQShdan siyosiy boshpana olish uchun Meksika chegarasida turibdi.
“Bizga hech kim yordam bermayapti. Odamlar bizga qarab, vaziyatingizni tushunamiz, deydi, lekin hech narsa qilmaydi”, - deydi Kristina ismli ukrainalik.
Amerikalik qallig’i yordami bilan Kristina Ukrainadan Polshaga o’tishga muvaffaq bo’lgan. Ammo qochoqlar juda ko’p bo’lgani uchun yashashga biror joy topa olmadi.
“Mehmonxona va kvartiralarda joy yo’q. Hammasi band”, - deydi u.
So’ng u AQShga o’tish umidi bilan Meksikaga keldi.
Ammo San-Diyego shahriga kirish chegarasida uni to’xtatishdi.
Koronavirusning oldini olish uchun Tramp davrida qabul qilingan tartib asosida chegarachilar hanuz migrantlarni kiritmaslik huquqiga ega.
Bu tartibni bekor qilish bo’yicha sud ishi davom etar ekan, Bayden ma’muriyatiga ko’ra, ukrainaliklar bu cheklovdan istisno qilinishi mumkin.
Shu asosda yosh bolali ukrainalik oilalarning Meksikadan AQShga o’tishiga ruxsat berilyapti.
Ammo vizasiz va yolg’iz sayohat qilgani uchun Kristinaga bunday imkoniyat berilmadi.
Bu orada pandemiyaga oid cheklovlarni bekor qilish talablari kuchaymoqda.
Advokat Bleyn Buki Kristina kabi ukrainaliklarning AQShga kiritilishi uchun kurashmoqda.
“Barcha oilalar qabul qilinishidan va cheklov bekor qilinishidan umidvorman”, - deydi u.
Chegarada nafaqat ukrainaliklar, balki rossiyaliklar ham paydo bo’lgan. Ular xalqaro sanksiyalar va hukumat tazyiqidan qochib kelgan odiy fuqarolar.
Katya Yazina Rossiyada urushga qarshi namoyishlarda qatnashganini va endi hukumat ta’qibidan qo’rqayotganini aytadi. U va oilasi hozir yosh bolalari bilan Tixuanada tashqarida tunamoqda. Boradigan joyimiz yo’q, deydi ular.
Katya Sankt-Peterburgdan. Ukrainaliklar kabi u ham AQSh hududiga kirishda muammolarga duch kelmoqda.
“Ukrain va ruslar aslida do’st”, - deydi u.
U AQSh rasmiylari har ikki davlat fuqarolari uchun chegarani ochishidan umidvor. Putinning urushini biz boshlamadik, deydi Katya.
Facebook Forum