Urush tufayli mamlakatni tark etayotgan ukrainaliklarning bir qismi AQShdagi qarindoshlari bilan qovushishga harakat qilmoqda, biroq Amerikaning immigratsiya tizimi hujjatlarni tez rasmiylashtirishga imkon bermayapti. Inson huquqlari faollari Bayden ma’muriyatidan jarayonni tezlashtirishda yordam so’ramoqda.
BMT hisobiga ko’ra, 24-fevraldan beri Ukrainani 3,5 milliondan ziyod odam tark etdi. Deyarli yarmi bolalar. Aksariyat qochqinlar Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qo’nim topmoqda. Ba’zilar Amerikadagi qarindoshlarining yoniga borishga harakat qilyapti.
“Amerikada oila a’zolari bor ukrainaliklar “Lotenberg dasturi” doirasida qarindoshlari bilan qovushish imkoniga ega. Buning uchun ariza berish kerak. AQShda qarindoshlari yo’qlar esa qochqinlarni repatriatsiya qilish tizimi orqali mamlakatga kirishi mumkin”, - deydi muhojir va qochqinlarga yordam beruvchi tashkilot rahbari Kris Omara Vignarajah.
11-mart kungi chiqishida AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika ukrainalik qochqinlar uchun ochiq ekanini aytdi. Biroq qochqinlar repatriatsiyasi bilan bog’liq jarayon bir necha yil vaqt oladi. Mart o’rtalariga qadar AQSh bir necha yuz ukrainalik qochqinni qabul qildi, xolos.
Oq uy jarayonni yengillashtirish yo’llari muhokama etilayotganini ma’lum qildi.
“Ukrainadan kelayotgan ko’p sonli qochqinlarga yordam berishning eng samarali yo’llariga doir ichki muhokamalar davom etyapti”, - dedi prezidentning matbuot kotibasi Jennifer Psaki.
Vignarajah kabi faollarning aytishicha, jarayon isloh qilingunga qadar qochqinlar arizalarini tezroq ko’rib chiqish kerak.
“Amerikada oila a’zolari bilan qovushmoqchi bo’lgan odamlarning arizalarini ko’rib chiqishni tezlashtirishga chaqirib kelyapmiz. Ular hujjatlarini topshirib bo’lgan. Arizasi ko’rilgunga qadar Amerikaga kirilib, shu yerda kutishlari kerak degan fikrdamiz”, - deydi u.
Ukrainaliklarning ba’zilari sayyohlik vizasiga hujjat topshirgan, biroq immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi huquqshunoslarga ko’ra, bu qonunga xilofdir.
Ukrainalik qochqinlar o’z hukumati, mamlakati yoki muayyan guruhlar tomonidan ta’qib etilmayotgani sabab siyosiy boshpana olishga ham ariza berolmaydi.
Mamlakatga kirishning bir yo’li qochqinlar repatriatsiyasi dasturi yoki favqulodda vaziyatga asoslangan gumanitar sababga ko’ra vaqtincha viza olishdir.
“Sayyohlik vizasi gumanitar inqirozga javob tariqasida berilmaydi. Qochqinlar repatriatsiyasi, boshpana yoki gumanitar viza mamlakatga kirishning mavjud qonuniy yo’llari deb hisoblaymiz”, - deydi Vignarajah.
Prezident Bayden joriy yilda 125 minggacha qochqinni qabul qilishga ruxsat bergan. Yevropa va Markaziy Osiyo uchun 10 mingta joy ajratilgan. Ukraina shu toifaga kiradi. Biroq Oq uyga ko’ra, Ukraina uchun kvota oshirilishi mumkin.
AQSh ko’p sonli ukrainalik qochqinlarni qabul qilmayotgan bo’lsa-da, Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qo’nim topgan odamlarga iqtisodiy yordam ko’rsatmoqda.
Facebook Forum