AQShda ba’zi kompaniyalar oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa muhim tovarlarni mijozlarning uyiga dronlar orqali yetkazishni boshladi.
Ekspertlarning aytishicha, odamlarga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa muhim tovarlarni dron orqali yetkazish tez orada oddiy holga aylanadi. Uchish bo’yicha xavfsizlik qoidalarini Federal Aviatsiya boshqarmasi belgilab beradi.
“Osmonda uchadigan texnikalar soni yanada ko’payishiga guvoh bo’lamiz”, - deydi futurolog Eymi Veb.
AQSh shahar va qishloqlarida yetkazish xizmatlariga talab oshar ekan, dronlardan chekka hududlarda yashovchilar ko’proq foyda topishi mumkin.
“Sizning manzilingizni topib, kerakli dorini olib, so’ng uyingizga tashlab ketadigan dronlar bo’ladi bu”, - deydi Veb.
“Flytrex” nomli Isroil kompaniyasi restoranlardan odamlar uyiga ovqat tashuvchi dronlar ishlab chiqarmoqda.
“Mijoz sifatida ilovani saqlab olishingiz va yemoqchi bo’lgan taomingizni tanlab, uy manzilingiz va albatta, kredit karta ma’lumotingizni kiritsangiz kifoya. Qolganini biz qilamiz”, - deydi kompaniya rahbari Yariv Bash.
Uning aytishicha, dronlar avtomobilda yetkazishdan ko’ra xavfsizroq va odam kuryerlardan ko’ra kamxarjroqdir.
“Flytrex” kompaniyasini boshlashdan oldin Bash Oyga robot uchirgan ilk xususiy kompaniyasiga ham asos solgan.
“400 ming kilometr yo’l bosib, Oyga uchgandan ko’ra, biz 60 metr balandlikda odamlarning hovlisiga uchamiz”, - deydi u.
“Flytrex” dronlari hozir Shimoliy Karolina shtatining uch hududida ish boshlagan.
“Shu uch hududda 10 ming atrofida oila bor. Xizmatlarimizni kengaytirib, Federal Aviatsiya boshqarmasidan ko’proq ruxsatlarni qo’lga kiritsak, imkoniyatlarimizning cheki yo’q”, - deydi Bash.
Facebook Forum