“Prezident Bayden Rossiyaning Ukrainaga qarshi beayov urushi oqibatlari, global maydonda oziq-ovqat va xomashyo yetkazib berish jarayonlarining izdan chiqishining oldini olish borasida muzokaralarni davom ettiradi”, - deya bayonot berdi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki 10-aprel kuni.
Yaqinda Hindistonda bo’lib qaytgan AQSh prezidentining xalqaro iqtisod bo’yicha maslahatchisi o’rinbosari Dalip Singxning izohlashicha, Vashington Hindistonning Rossiya neftini import qilishiga qarshilik ko’rsatmoqchi emas. Biroq xarid hajmining keskin oshirilishiga yo’l qo’ymaslik tarafdori.
Oq uy bayonotida qayd etilishicha, AQSh va Hindiston rahbarlari Hind-Tinch okeani iqtisodiy dasturi va yuqori sifatli infrastrukturani barpo qilish yuzasidan muzokara olib boradi.
Moskvaning Ukrainaga bosqini ortidan G’arb joriy etgan sanksiyalar tufayli Rossiya o’z nefti narxlariga chegirma e’lon qilishga majbur bo’ldi. Hindiston qulay fursatdan foydalanib, kamida 13 million barrel neftni xarid qilib ulgurdi.
“Reuters” agentligining bildirishicha, Hindiston 2021-yilda jami 16 million barrel neft import qilgan edi.
Oq uyning ma’lum qilishicha, joriy muloqot AQSh va Hindiston o’rtasida vazirlar darajasida o’tajak muzokaralar oldidan amalga oshirilmoqda. Ikki tomonlama uchrashuvda AQShdan davlat kotibi Entoni Blinken hamda mudofaa vaziri Lloyd Ostin, Hindistondan esa tashqi ishlar vaziri Subramanyama Jayshankar hamda mudofaa vaziri Rajnatx Singx ishtirok etadi.
Bayden va Modi o’rtasida so’nggi muloqot mart oyida bo’lib o’tgan edi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, Hindiston Rossiyaning Ukrainaga bosqini yuzasidan “yumshoq” pozitsiyada turibdi. Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilmagan.
Garchi Hindiston so’nggi o’n yillikda AQSh mollari importini oshirgan bo’lsa-da, asosiy harbiy uskuna, qurol va texnikani azaldan Rossiyadan sotib oladi.
Tahlilchilarga ko’ra, Rossiya qurollari Hindistonning o’zidan harbiy salohiyati ustun bo’lgan Xitoy tahdidiga qarshi munosib javob bera olishi uchun nihoyatda muhim.
Hindistonga safari chog’ida Dalip Singx AQSh energetika va mudofaa yo’nalishida savdo aloqalarini shakllantirib, tovarlar diversifikatsiyasini ta’minlashga tayyor ekanini bildirgan.
Facebook Forum