Bitkoin singari kriptovalyutalarni “qazib olish” katta miqdorda elektr energiyasi talab qiladi. Nyu-Yorkda “Blockfusion” kompaniyasi yangilanuvchi manbalarga tayanib, faoliyat yuritmoqda.
“Bu bizning Nyu-Yorkdagi, Niagara Folz shahridagi inshootimiz. Uni kriptomayning bilan shug’ullanuvchi ma’lumot markaziga aylantiryapmiz”, - deydi kompaniya rahbari Kant Trivedi.
“Bu inshootni buzib, metallolomga topshirib yubormoqchi bo’lishgan. Undan oldin esa elektrostansiya bo’lgan. Lekin, afsuski, ko’mir va qazib olinadigan yoqilg’ida ishlagan”.
Bitkoin “qazib olish” bilan shug’ullanamiz deganda, ayrimlar juda qimmat uskunalar bilan yer tagidan resurslarni qazib olayotgan, kaskali odamlarni tasavvur qilayotgan bo’lsa ajab emas, deydi u.
“Oddiy qilib tushuntirganda, to’g’ri, bitkoin yaratish uchun biz ham qimmat uskunalardan foydalanamiz. Mahsulotimiz har bir bitkoinni yaratish uchun muayyan algoritmni, matematik tenglamani blockcheynda qanchalik tez yechish bilan bog’liq”.
“Bir narsani aniq aytishim kerak: bu kompyuterlarning har biri alohida ishlamaydi. Algoritmlarni bajarish va bitkoin yaratish uchun ular superkompyuter kabi birgalikda ishlaydi, butun quvvatini ishga soladi. Bu xonada maynerlarimiz taxminan 2600 ta. Inshootimiz qurib bitkazilgach, bu yerda 12,5 mingdan 15 mingtagacha kompyuter joylashtiramiz”, - deya tushuntiradi Trivedi.
“Blockfusion” korxonasi Robert Mouzez gidroelektrostansiyasidan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan.
“Elektr quvvatidan foydalanar ekanmiz, uning toza manbadan bo’lishi biz uchun o’ta muhim. Bu inshoot yirik ma’lumot markaziga aylanadi, shuning uchun aynan shu joyni tanlaganmiz. Elektr energiyamizni deyarli butunlay o’sha gidrostansiyadan olamiz. O’rtada maxsus kelishuv ham bor. Agar gidrostansiyaga ko’proq quvvat kerak bo’lsa, biz kompyuterlarni o’chirib, faoliyatimizni qisqartirib, shu rayondagi xonadonlarga elektrni talab qilingan darajada qayta uzatamiz”, - deydi suhbatdosh.
Facebook Forum