Breaking News

"Chegara bilmas muxbirlar": O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'izistonda jurnalistlar va blogerlarga bosim kuchaygan


"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Parijdagi bosh idorasi, 20-aprel, 2021
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Parijdagi bosh idorasi, 20-aprel, 2021

Parijda asoslangan nohukumat xalqaro tashkilot "Chegara bilmas muxbirlar" kuzatishicha, Markaziy Osiyo hukumatlari Ukrainadagi urushni yoritishga urinayotgan jurnalistlar va blogerlarni bosim ostida ushlab turibdi. Moskva g'azabidan qo'rqqan rahbariyatlar ommaviy axborot vositalari imkon qadar bu mavzuga tegmasligini ta'minlashga harakat qilmoqda, deya xulosa qiladi media huquqlari himoyasi bilan shug'ullanadigan uyushma.

Qirg'istonda Next TV kanali direktori Taalay Duyshenbiyev yolg'on xabar berib, etnik nafrat tarqatganlikda ayblanib, yetti yilga qamalishi mumkin. Next TV mart oyi boshida Bishkek Rossiyaga maxfiy tarzda harbiy yordam ko'rsatayotgan bo'lishi mumkin, degan taxminni efirga bergan. Mamlakat sudi bu ishni ekstremistik harakat deb topgan.

O'zbekistonda Kun.uz va Daryo.uz kabi katta auditoriyaga ega axborot saytlari xavfsizlik organlari tomonidan siquvga olingan, deya xavotir bildiradi xalqaro tashkilot. Uning aniqlashicha, 26-fevral kuni xususan Kun.uz rahbari Umid Shermukhammedov va uning hamkasblari Davlat Xavfsizlik Xizmati idorasida uzoq so'roq qilingan. Ularga Ukraina mavzusini "neytral" yoritish buyurilgan.

Shu oy Rost24.uz sayti bosh muharriri Anora Sodiqova O'zbekistonning nufuzli oilalaridan birini korrupsiyada gumon qiluvchi tahliliy material bergani uchun tahdidga uchrab, maqolani platformadan olib tashlagan.

O'zbekistonda, deydi "Chegara bilmas muxbirlar", ommaviy axborot vositalari Rossiyaning Ukrainadagi urushini bosqinchilik deb atashi man etilgan.

Qozog'istonda ham shu kabi taqiqlar kuzatiladi. Rossiyani tanqid qilgan media reklamachilar bosimi bilan yuzlashib, mutasaddilar ham bu borada jurnalistlarga talablar qo'yayotgani qayd etiladi.

Tojikistonda davlat axborot vositalari urushni yoritmayapti. Turkmanistonda bu mojaro haqida umuman eshitmaysiz.

Markaziy Osiyo respublikalari "Chegara bilmas muxbirlar" matbuot erkinligi reytingida eng oxirgi o'rinlarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG