Joriy haftada AQSh diplomatlari Ukrainaga qaytishi kutilmoqda. Urush boshlanishi bilan mamlakatni tark etgan diplomatlar avval g'arbdagi Lvov shahriga, so'ng Kiyevga qaytishi rejalangan.
Prezident Jo Bayden 25-aprel kuni AQShning Ukrainadagi elchisi lavozimiga Bridjet Brink nomzodini ilgari surdi.
Brink ayni damda mamlakatning Slovakiyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning nomzodini AQSh Senati ma’qullashi lozim.
Amerika diplomatlari Rossiyaning Ukrainaga hujumlari boshlangan 24-fevral sanasidan taxminan ikki hafta avval Ukraina poytaxtini tark etgan edi.
Diplomatik missiya avvaliga Lvov shahriga, so’ng Polsha hududiga ko’chirilgan edi.
AQSh rasmiylari, shuningdek, Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi urushda yordam berish maqsadida qo’shimcha harbiy ko’mak yetkazilishini, dunyo mamlakatlarini Kiyevni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga chaqirishda davom etishini bildirgan.
Kiyevda Ukraina rahbari bilan uchrashib qaytgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Polshada muxbirlar bilan so’zlashar ekan, Rossiyaning qaqshatqich zarbalariga qaramay, ukrain xalqi mardonavor kurashayotganini aytgan. Bu kurashda AQSh chaqiriqlari bilan dunyo mamlakatlari yetkazib berayotgan yordam muhim rol o’ynayotganini ta’kidlagan.
Diplomatning Kiyev safariga AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin hamrohlik qilgan. Blinkenning bildirishicha, tomonlar qariyb uch soat davomida Vashingtonning Kiyevga yordami va o’zaro hamkorlikning yaqin kelajakdagi istiqbollarini muhokama qilgan. Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy mamlakatdagi joriy vaziyat, Kiyev ehtiyojlari va mudofaa masalalarini tushuntirgan.
“Biz Ukraina xalqiga urushni tezroq va imkon qadar eng yaxshi natijalar bilan yakunlash uchun qo’limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda yordam berishni istaymiz”, - dedi Blinken.
Diplomatning ta’kidlashicha, Vashington Ukrainaga yana 713 million dollarlik yordam ko’rsatish uchun hozirlik ko’rmoqda.
AQShning bu yordam paketi ham yetkazilsa, Vashington Rossiya bosqini boshlangandan beri Kiyevga jami 3,4 milliard dollarlik ko’mak bergan bo’ladi. Jo Bayden prezidentligi davrida esa umumiy yordam qiymati 4,3 milliard dollardan oshgan bo’ladi.
Facebook Forum