Breaking News

AQSh fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning ishlash huquqini uzaytirmoqda


AQSh hududida ishlash huquqini uzaytirishga ariza bergan barcha immigrantlarning qonuniy mehnat qilish muddati avtomatik ravishda 360 kunga uzaytirildi. Bu haqda AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) 3-may kuni bayonot berdi.

Bunday qaror ko’p sonli murojaatlarni ko’rib chiqish jarayonining sekinlashib ketgani ortidan berilgan.

Fuqarolik va immigratsiya xizmati o’tgan yilning noyabr oyida ham shunday chora qo’llashga majbur bo’lib, muddatni olti oyga uzaytirgan edi. Shu tariqa, mamlakatda qariyb 260 ming nafar immigrantlarning umumiy 18 oy mobaynida ishsiz qolishining oldi olinmoqda.

Qolaversa, xizmat bunday qaror ortidan pandemiya davrida to’planib qolgan va navbat kutayotgan boshqa ishlarni ko’rib chiqib, odatiy ish rejimiga qaytishga intilmoqda.

Muhlatning uzaytirilishi AQSh ish beruvchilari uchun operatsiyalarni barqarorlashtirish hamda mamlakatda mehnat qilayotgan immigrantlar uchun qonuniy ro’zg’or tebratish imkonini bermoqda.

So’nggi yillarda immigratsion murojaatlar sonining keskin oshishi, COVID-19 pamdemiyasi davrida ish jarayonlarining sekinlashgani hamda byudjet taqchilligi ortidan Fuqarolik va immigratsiya xizmati bo’limlarida yirik hajmli ish to’planib qolgan.

Xizmat direktori Ur Jaddu aprel oyida AQSh Kongressida so’zlar ekan, agentlikda ko’rib chiqilishi kutilayotgan 8,5 million murojaat to’planib qolganini ma’lum qilgan. Xususan, ularning orasida AQSh fuqaroligi yoki doimiy rezidentlik maqomini olish uchun berilgan arizalar va hujjat paketlari ham bor.

Rasmiyning ta’kidlashicha, murojaatlarning yarmi allaqachon normal ko’rib chiqish muddatidan kechikib ulgurgan.

AQShdan boshpana so’rab murojaat qilganlar, “grin-karta” olish uchun hujjat topshirgan immigrantlar va immigratsiya jarayonlaridan o’tayotgan xorij fuqarolariga arizasi ko’rib chiqilgunga qadar mamlakatda qonuniy ishlash huquqi beriladi. Endi ularning bu huquqi avtomatik tarzda yana 360 kun amal qiladi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, boshpana so’ragan qochqinlarning ishlash huquqini uzaytirishni ko’rib chiqish 2017-yilda yetti oy olgan. 2021-yilda bu ko’rsatkich 11 oyga cho’zilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG