Breaking News

G'arbiy Sohilda "Al-Jazira"muxbiri o'ldirildi


Shirin Abu Aqla 11-may kuni Jeninda halok bo'lgan
Shirin Abu Aqla 11-may kuni Jeninda halok bo'lgan

Bugun Falastinning Isroil istilosidagi G’arbiy Sohil hududida Isroil armiyasi reydi paytida “Al-Jazira” telekanalining muxbiri otib o’ldirildi.

Voqea Jenin shahrida ro’y berdi. 51 yashar falastinlik-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqlaning egnida zirhli kiyim, ustiga esa “matbuot” deb yozilganiga qaramay, o’q yedi. “Al-Jazira” bosh qarorgohi Qatarda joylashgan, ingliz va arab tillarida axborot uzatuvchi tashkilot.

Reyd paytida yana bir jurnalist yaralangan.

Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet o’q falastinliklar tomonidan tartibsiz uzilganini da’vo qilarkan, Falastin tarafi tergov o’tkazish taklifiga rad javobini berganini aytdi.

Yaralangan muxbir Ali al-Samudiy sababsiz o’qqa tutilganini bildirdi:

"Ataylab harbiy patrul yonidan o’tdik. Bizni ko’rishsin deb va ko’rishdi ham. So’ng yo’lga chiqdik. U yerda qurollangan odamlar ham, aholi ham yo’q edi, otishma bo’lmayotgan edi. Birinchi o’q orqamga tegdi. Ikkinchisi bilan Shirinni o’ldirishdi. Meni ham o’ldirishmoqchi bo’lishgan. Isroil armiyasi yolg’on so’zlayapti, jinoyatchilar”, - dedi Samudiy.

Falastin Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, o’q muxbirning boshiga tekkan. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroil kuchlarini sovuqqon qotillikda aybladi. Qatar hukumati ham aybni Isroilga qo’ydi.

Sun’iy yo’ldosh orqali efirga chiquvchi “Al-Jazira” kanali bayonot chiqarib, fojiada Isroil armiyasini aybladi.

Isroillik arab qonunchisi Ahmad Tibi Quddusda o’ldirilgan muxbirning ota-onasi turgan uyda bo’lib, bo’lgan voqeada Bennet hukumatini aybladi.

Bugun, shuningdek, Ramalloh shahrida ham otishmada bir falastinlik o’lgan. Mahalliy rasmiylarga ko’ra, uni yahudiy askarlar o’ldirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG