Breaking News

Kovidni ham davolaydigan, ham oldini oladigan dori yaratilyapti


Illinoys shtatidagi Shimoli-g’arbiy universitet olimlari koronavirusga qarshi burunga sepiladigan dorini sinovdan o’tkazmoqda.

Kelli Kalahan o’nlab yildan buyon Karter markazi degan tashkilotda ishlaydi. Sayyoramizning eng chekka va issiq joylarida tropik kasalliklardan aziyat chekayotgan odamlarni davolash, dori yetkazish dasturlarini boshqaradi.

“Vaksina va dorilarni shahar-qishloqlardan ham olisroq nuqtalarga yetkazib berish kerak. Eng qiyini – dorini sovuq haroratda saqlash”, - deydi u.

Koronavirusga qarshi sprey-dori yaratilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Kalahan so’zlariga ko’ra, murakkab logistika yagona to’siq emas. Terapiyalarni ishlab chiqish ham qiyin va qimmat. Ularni ko’pincha tibbiyot xodimlarining o’zi o’tkazishi talab qilinadi.

Ignali inyeksiyani xohlamaydigan bemorlar ham talay. Sog’liqni saqlash sohasi mutaxassislari buni yaxshi biladi. Xullas, dunyo bo’ylab odamlarni kovidga qarshi emlashda o’zi xos qiyinchiliklar bor.

“Vaksinani olis joylarga osonroq yetkazish, odamlarni og’riqsiz emlash yo’llari topilsa, ishimiz ancha osonlashgan bo’lardi”, - deydi Kalahan.

Shimoli-g’arbiy universitet professori Maykl Juit aynan shu ish bilan band.

“Bu terapiyalarni yetkazish usullarida inqilob yasashi mumkin”, - deydi u.

Shimoli-g’arbiy universitet qoshidagi sintetik biologiya laboratoriyasi, Vashington universiteti va Sent-Luis shahridagi Vashington universiteti loyihani hamkorlikda olib bormoqda. Avvaliga superkompyuterlar yordamida oqsilga asoslangan sprey yaratilib, sichqonlarda sinab ko’rildi. Kovid-19 ga qarshi dastlabki natijalar ijobiy.

“Biz yaratgan dori sichqonlarda kovidning barcha variantlariga qarshi samarali bo’lib chiqdi”, - deydi professor.

Sinovlar shuni ko’rsatmoqdaki, universitetlar yaratgan burunga purkaladigan dori hozirda AQShda favqulodda foydalanishga ruxsat berilgan boshqa dorilardan ko’ra samaraliroq. Sprey uzoqroq vaqt davomida o’z ta’sirini saqlab qoladi, infeksiyaning umumiy darajasini pasaytiradi.

“Muhim xususiyati shuki, ham davolaydi, ham oldini oladi”, - deydi Juit.

Uni ishlab chiqarish arzonroq, sovuqda saqlash talab qilinmaydi, bemor o’zi ishlata oladi. Keyingi vazifa – uni odamlarda sinab ko’rish va samaradorligini aniqlash.

“Biokompaniya bilan hamkorlik qilayapmiz. Yaqin orada klinik sinovlarning birinchi bosqichi boshlanadi”, - deydi biolog olim.

Terapiya kelajakdagi pandemiyalarga qarshi kurashda ham qo’l kelishi mumkin.

“Biz yaratgan ilmiy platforma elementlarini bo’lajak viruslarga qarshi qo’llash mumkin”, - deydi Juit.

“Faqat bitta kasallik uchun emas, balki turli xil kasalliklarni davolashda qo’l keladi bu terapiya”, - deydi Kelli Kalahan.

Kovid-19 ga qarshi sprey sinovlari yil oxirida boshlanishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG