Fransiyada prezident saylovlari ketidan o’tkazilgan parlament saylovlarida Prezident Emmanuel Makron koalitsiyasi qonunchilik organida 100 ta o’rindan ayrilib, Milliy majlisda mutlaq ko’pchilikni boy berdi.
Makron tarafdorlaridan iborat “Birgalikda!” (Ensemble!) deb nomlanuvchi koalitsiyadan nomzodlarning atigi 245 nafari deputatlik mandatini qo’lga kiritdi. Koalitsiyaga 7 ta partiya va harakat kirgan.
577 o’rinlik parlamentda ko’pchilikni tashkil etish uchun 289 ta o’ringa ega bo’lish kerak.
Apreldagi prezident saylovlarida marraga uchinchi bo’lib kelgan Jan-Lyuk Melanshon boshchiligidagi so’lchi partiyalar va yashillar ittifoqidan iborat guruh (NUPES) parlament saylovida kutilmaganda 131 ta o’rinni va shu bilan birga asosiy muxolifat maqomini qo’lga kiritdi. Guruhda ultra so'lchilar, yashillar, sotsialistlar va kommunistlar birlashgan.
Bungacha 100 nafar deputati bo’lgan respublikachilar (Les Républicains) esa 39 ta o’rinni boy berdi.
Marin Le Pen boshchiligidagi millatchi partiyasining natijasi ko’plar uchun shok bo’ldi. Bungacha parlamentda atigi 8 ta vakili bo’lgan “Milliy uyushma” (Rassemblement national) bu gal 89 ta o’rinni qo’lga kiritib, yanada jiddiy kuchga aylanmoqda.
G’arb matbuotiga ko’ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va uning javob choralari AQSh va Yevropada narx-navoning oshishiga olib kelishi natijasida amaldagi hukumatdan ko’ngli qolgan saylovchi kuchlar muvozanatining o’zgarishiga turtki beradi. Fransiyadagi saylov natijalari ushbu nazariyani amalda isbotladi.
So’lchilar bloki kutilmagan yutug’ini nishonlamoqda.
"Makron mutlaq ko’pchilikka erisha olmaganidan xursandman”, - deydi 17 yashar saylovchilardan biri.
Tahlilchilar Melanshon yangi bosh vazir bo’lishini bashorat qilyapti.
Facebook Forum