Nyu-York shahrining Bruklin tumanida istiqomat qilgan 43 yashar o’zbekistonlik Shehroz Tohirov 26-iyun kuni uyidan chiqib ketib, qaytmagan.
Xavotirga tushgan oila a’zolari politsiyasiga murojaat qilgan. Tohirov oxirgi marta ko'ringanida qizil futbolka va ko’k jinsi shimda bo'lgan. Yaqinlarining aytishicha, uning ruhiy holati joyida bo’lgan.
Ammo Tohirov qand kasali bilan kurashgani bois muntazam tabletka va ukol olib kelgan.
Dastlabki qidiruv-surishtiruv natijalaridan ma'lumki, Tohirovga tegishli mobil telefon sim-kartasi Bruklindagi “Best Buy” savdo majmuasi yonidan topilgan. Uning avtomobili esa Long-Aylend tumanida birovning nomiga ishonchnoma orqali rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Tohirovni politsiya qatori o'zbekistonliklar jamoasi vakillari ham qidirmoqda. Nyu-York shahar ma’muriyati ham jarayonni nazoratga olgan.
28-iyun kuni Bruklindagi Imom Abu Hanifa masjidida Nyu-York shahar meri maslahatchisi Ahsan Chugtay va 66-son politsiya bo’linmasi vakili Maykl Riomao bedarak ketgan o'zbekistonlikning vatandoshlari bilan muloqot qildi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashar ekan, politsiya vakili shunday dedi: “Tohirov biror jinoyat qurboni bo’lgan-bo’lmaganligi haqida hozircha bir nima deyolmaymiz, ammo uning qidiruviga barcha imkoniyatlar ishga solingan”.
Vatandoshi taqdiriga befarq bo’lmagan o’nlab ko’ngilli immigrantlar guruhlarga bo’linib, Bruklin va Long-Aylend tumanlarida qidiruv ishlariga kirishgan.
Ular shahar bo’ylab Tohirovning suratlarini yopishtirmoqda, shuningdek, uni topishda yordam berishi mumkin bo'lgan ma’lumotlar to’plashyapti.
Facebook Forum