Breaking News

Bag'dod Turkiyani Iroqdan askarlarini olib chiqishga chaqirdi


Iroq askari, Daxuk, Iroq, 2022-yil, 22-iyul
Iroq askari, Daxuk, Iroq, 2022-yil, 22-iyul

Iroq tashqi ishlar vaziri BMT Xavfsizlik Kengashi yig’inida Iroqning Turkiya chegarasiga yaqin hududida yuz bergan xuruj uchun Turkiya kuchlarini aybladi va Anqarani o’z qoʻshinlarini Iroq hududidan olib chiqib ketishga chaqirdi.

“Biz turk harbiy kuchlarining Iroq hududida noqonuniy turganini qoralaymiz”, - dedi Iroq Tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn.

Tashqi ishlar vaziri favqulodda kengash yig'ilishida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka kelgan. 20-iyul kuni Iroqning kurdlar yashovchi Daxuk gubernatorligidagi kurort zonasiga uyushtirilgan raketa zarbasi natijasida to‘qqiz nafar tinch aholi, jumladan, uch bola halok bo‘lgan.

Bag‘dod bu xurujda Anqarani ayblab, qurbonlar uchun tovon puli berilishini va xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qildi.

Turkiya Iroqning Kurdiston mintaqasi bilan chegarada sodir etilgan bu hujumga aloqador ekanini rad etdi. Anqaraga ko’ra, bu ish ortida Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) terrorchi guruhi turibdi.

"Shuni aniq ma’lum qilaylik: Iroqning suvereniteti va hududiy yaxlitligi Turkiya tomonidan emas, terrorchi tashkilotlar tomonidan buzilmoqda", - dedi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi Turkiya elchisi o'rinbosari O'nju Kecheli.

PKKning harbiy qanoti hujumni sodir etganini rad etib, unda Turkiyani aybladi.

Iroq tashqi ishlar vaziri hujumni tergov qilish uchun milliy qo'mita tuzilganini aytdi. To’plangan dalillarning ko’rsatishicha, deydi Iroq rasmiysi, topilgan parchalari bu hududda faoliyat yuritayotgan turk kuchlariga tegishli qurollarga mansub.

Husayn Xavfsizlik Kengashini Turkiyani Iroqdan barcha harbiy kuchlarini olib chiqishga majburlovchi rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdi. Uning jurnalistlarga aytishicha, Bag'dod roziligisiz 4000 ga yaqin Turkiya askari Iroq hududida faoliyat yuritmoqda.

“Agar Turkiya rad etsa, javobgarlikka tortilishi kerak. Turkiya Iroq xalqiga azob-uqubat keltirishni bas qilishi kerak”, - deya qo’shimcha qildi u.

Anqara Turkiya janubi-sharqida va Iroq shimolida o‘n yillar davomida PKKga qarshi kurashib keladi. 1984-yilda kurd separatistlari qo‘liga qurol olganidan beri mojaroda 40 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.

Turkiya elchisining aytishicha, muammoning bir qismi Iroq hukumati o’z hududini nazorat qila olmayotgani va shimoldagi yuzlab qishloqlar terrorchilar uchun xavfsiz boshpanaga aylangani bilan bog’liq.

“PKK Iroqda kamida 10 ming kvadrat kilometrlik hududni nazorat qilishini taxmin qilamiz”, dedi Kecheli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod terrorchilarga qarshi kurashishni istamayapti yoki bunga qodir emas.

"Siz qo'shningizni o'zini himoya qilish huquqidan foydalangani uchun jazolay olmaysiz", - deydi Turkiya elchisi.

BMT Xavfsizlik kengashi yig’ini ortidan Kecheli Iroq shimolidagi Mosul shahrida joylashgan Turkiya konsulligi yaqiniga to'rtta raketa zarbasi berilgani haqida xabar olganini aytdi. Uning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.

“Bu yana bir oshkora hujum va Iroq hukumati oʻz hududida nazorat o’rnata olmaganining bir misoli, - dedi Turkiya vakili. - Biz yana bir bor Iroq hukumatini vaziyatni murakkablashtiruvchi so’zlardan tiyilishga va barcha terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashda hamkorlik qilishga chaqiramiz”.

Turkiya million nafar suriyalikni vataniga qaytarmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

Iroq tashqi ishlar vaziri nima boʻlganini tekshirib koʻrishini va agar bu rost boʻlsa, uning hukumati buni keskin qoralashini aytdi.

O'z navbatida, Xavfsizlik kengashi dushanba kungi bayonotida Daxukdagi hujumni keskin qoraladi, biroq xuruj uchun hech kimni ayblamadi.

Kengash hujumni tergov qilishda Iroq hukumati va boshqa tegishli idoralarni o’zaro hamkorlik qilishga chaqirdi. Shuningdek, u Iroqning mustaqilligi, suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG