Pandemiya tufayli yuz bergan ikki yillik tanaffus ortidan antikvar mashinalar ko’rgazmasi yana Kaliforniyaning Glendeyl shahri ko’chalariga qaytdi. Klassik avtomobillarni tomosha qilish uchun minglab odam keldi.
Turli rusum va rangdagi ko’hna hamda klassik avtomobillar ko’rgazmaga qo’yilgan. Ba’zilarining yoshi hatto 100 yildan oshadi.
Kaliforniya shtatining Glendeyl sharida ular ishtirokida o’tadigan ko’rgazma har yili beshta ko’chani egallaydi. Avtomobilsozlik tarixini tomosha qilish uchun 60 mingga yaqin odam keladi.
“Arizona, Santa-Barbara, turli joylardan kelishadi. Yildan yilga dovrug’i oshib boryapti”, - deydi Glendeyl shahri rasmiylaridan biri Petti Betankort.
Betankort bu ko’rgazmani o’tkazish an’anasi qanday boshlanganini so’zlab berdi.
“Hammasi 1994-yil Kaliforniyaning Pasadina shahri Jahon kubogiga mezbonlik qilishidan boshlangan. Ishqibozlarni Glendeylga jalb qilishga uringan edik”, - deydi u.
Bu ish berdi. O’z bisotidagi antikvar va qimmatbaho mashinalarni ko’z-ko’z qiilishni istagan avtomobil egalari shaharga yopirilib keldi.
Bu Jorj Chavesga qarashli 1936-yilgi Shevrole.
Sotib olinganda xarob ahvolda edi. Chaves 20 ming dollar va yuzlab soat mehnat sarflab, uni san’at asariga aylantirdi.
“Bu doim mening orzuim bo’lgan. Biz shunday madaniyatda o’sganmiz. Bunday mashinaga ega bo’lish men qilishim kerak bo’lgan narsalar ro’yxatida edi”, - deydi u.
Chaves uchun mashinaga ega bo’lish oilaviy qadriyat.
“Bu mening birinchi ishim va uni qattiq ardoqlayman. Uni keyinroq o’g’limga topshirishni, shu tariqa avloddan-avlodga o’tkazishni umid qilaman”, - deydi Chaves.
Ba’zi mashinalar yoshi va ko’rinishi juda antiqa. Masalan, 1935-yilgi Mersedes, 50-yilning Pontiaki yoki 1956-yilgi Korvet.
Ko’hna Shevi, Kamaro, Folksvagenning mashhur qo’ng’iz mashinalari, hatto qimmatbaho Rolls-Roys ham bor.
Lona Aguire ko’rgazmaga antiqa ko’rinishdagi mashinasi bilan keldi.
“Bu tasvirlar menga yoqadi, chunki u Meksika madaniyatini aks ettiradi. U o’tib ketgan odamlarni, avvalgi shirin va baxtli hayotimizni yodga soladi. Buni boshqalar bilan baham ko’rishdan mamnunman”, - deydi u.
Ko’rgazmaga modifikatsiya qilingan avtomobillar ham olib kelingan. 70-yillarda chiqqan universal rusumdagi mashina, xalqaro antikvarlar, antiqa shakl va ko’rinish bilan ishlov berilgan avtoulovlar, xullas, har qanday turdagisini topish mumkin. Mashhur kinofilmlarni suratga olishda ishlatilgan ba’zi mashinalar ham bor.
Hammasi go’zal va ko’zni quvontiradi, deydi ko’rgazmaga kelgan avtomobil shaydolari.
Facebook Forum