Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. Olti oylik mojaro oqibatlari, AQShning qo'shimcha harbiy yordami


Ukrainada urush yettinchi oyga kirdi. Rossiya yarim yilda hamon Donbassni qo’lga kiritishga urinmoqda, millionlab odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi, mamlakatda oziq-ovqat, yogilg’i tanqislashyapti.

Xalqaro hayot - 25-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:22 0:00

G’arb Ukrainani qurol bilan ta’minlashda davom etarkan, urushning keti ko’rinmayapti.

“Urush qanday yakunlanishini istaymiz? Oldin tinchlik bo’lishini xohlardik, endi esa g’alaba deymiz. Terrorchilar bilan murosa qilmaymiz”, - dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mustaqillik bayrami munosabati bilan qilgan kechagi murojaatida.

G’arb tahlilchilariga ko’ra, Ukrainadagi urush nafaqat Yevropa, balki boshqa mintaqalarda ham aks-sado bermoqda. Qurg’oqchilik bilan yuzlashayotgan hududlarda vaziyat ayniqsa og’ir. Rossiya sanksiyalar sabab, Ukraina esa urush sabab qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport qilishda qiynalmoqda. Jahon bozorida bug’doy, makkajo’xori, arpa, kungaboqar yog’i tanqis.

“24-fevraldan oldin ham vaziyat dunyoda ancha og’ir edi, urush esa ortiqcha bo’ldi. Dunyo bo’ylab oziq-ovqat narxi osmonga chiqib ketdi. Bosqin ketidan inflyatsiya ko’tarilganini va ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarga og’ir tushganini ko’rdik”, - deydi AQSh hukumatining global oziq-ovqat xavfsizligi bo’yicha maxsus vakili Keri Fauler.

Uning aytishicha, Rossiya boshlagan urush millionlab odamlarni ochlik bilan yuzlashtirdi, dunyoda oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetkazdi.

Xalqaro hamjamiyat muntazam ravishda o’qqa tutilayotgan Zaporojye atom elektrostansiyasida yadroviy fojia ehtimolidan xavotirda.

Inshootga bugungi hujumda yong’in kelib chiqqan. Ikki mamlakat bir-birini Rossiya nazoratiga o’tgan stansiyaga zarbalarda ayblayapti.

BMT rahbari va Qo’shma Shtatlar zavodni demilitarizatsiyalashtirishga chaqirmoqda. Rossiya korxona hududida qurol va harbiy texnika yo’qligini bildiryapti.

"Atom elektrostansiyasi atrofida harbiy faoliyat bo’lmasligi kerak. Bu o’ta xavflidir. Rossiyaning harakatlarini qattiq qoralaymiz. Ulardan zavod boshqaruvini Ukrainaga qaytarishni talab qilamiz”, - deydi AQSh Energetika vazirasi Jennifer Grenholm.

BMT hisobiga ko’ra, fevral oxiridan beri davom etayotgan mojaro 5500 dan ortiq tinch aholini nobud qildi, olti million odam Ukraina tashqarisida qochqin, yana olti millioni mamlakat ichida sarson.

Ukraina urushda 9000 harbiysi o’lganini bildirmoqda, Rossiya harbiy talafotlarini oshkor etgani yo’q. Pentagon Rossiyaning yarador va o’lgan askarlari 70000-80000 atrofida ekanini da’vo qilyapti.

Urush yana qancha davom etishi aniq emas. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, qish kelishi bilan G’arbning Ukrainaga yordami susayishi mumkin, chunki Rossiyadan gaz ta’minoti keskin qisqarishi oqibatida yoqilg’i inqirozi bilan yuzlashayotgan Yevropa qish mavsumida jiddiy muammolarga duch kelishi, bu esa qit’a mamlakatlarida aholi noroziligiga sabab bo’lishi aytilmoqda.

Ukrainaga yordam berayotgan mamlakatlar orasida AQSh va Britaniya ayniqsa faol. Qo’shma Shtatlar kuni kecha salkam 3 milliard dollarlik yangi yordam paketi ajratilishi haqida ma’lum qildi. Bu urush boshidan beri berilgan va sarflangan 10 milliard dollarga qo’shimcha ravishda.

Kichik hajmdagi “Puma” dronlari, artilleriyaga qarshi radarlar, AQSh poytaxti Vashington shahri osmonini qo’riqlayotgan havo mudofaasi tizimidan oltitasi va boshqa anjomlar 3 milliard dollarlik eng so’nggi paketga kiritilgan. Pul, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish va qurollarini yaroqli holatda saqlash uchun ham sarflanadi.

"Bu kabi yordam paketlari Ukrainaga muntazam ravishda ko’maklashishimizdan dalolatdir. Bir necha oy va hatto bir necha yilga mo’ljallangan yordamimiz Ukrainani maydalab qo’lga kiritishga umid qilayotgan Putin xato qilganini ko’rsatishga qaratilgan”, - deydi AQSh mudofaa vazirining o’rinbosari Kolin Kal.

Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mojaroni tinch yo’l bilan hal qilish tarafdori. Amerikaning yordami urush qancha davom etishidan qat’i nazar Ukraina mudofaa salohiyatini kuchaytirishni nazarda tutadi, deydi u.

“Urush yillab davom etsa, hozirgi yordamimiz asqatadi. Sulh yoki tinchlik bitimiga kelishishsa, biz ajratayotgan pul Ukrainaga o’zini himoya qilishga va bo’lajak bosqinning oldini olishga imkon beradi”, - deydi rasmiy.

AQSh urush boshidan beri Ukraina uchun 13 milliard dollar ajratdi.

“Bu bizning ham urushimiz. Ukraina biz uchun ham jang qilmoqda. Bu avtoritar tuzumning demokratiyaga qarshi urushi”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti” tahlilchisi Ivana Stradner.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG