Ukraina chorshanba kuni G’arbdagi ittifoqchilarini Rossiyanng "anneksiya urinishlari, shantaj va ultimatumlari" Ukrainaga beriladigan yordam miqdorini faqat oshirishini Kremlga tushuntirib qo’yishga chaqirdi.
“Ukraina Yevropa Ittifoqi, NATO va “Katta Yettilik” guruhini Rossiyaga bosimni zudlik bilan va sezilarli darajada oshirishga, jumladan, yangi keskin sanksiyalar qoʻllashga hamda Ukrainaga harbiy yordamni salmoqli ravishda oshirishga, jumladan, tanklar, jangovar samolyotlar, zirhli texnikalar, uzoq masofaga uchuvchi artilleriya, zenit va raketaga qarshi mudofaa uskunalari yetkazib berishga chaqiradi”, — deyiladi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Murojaat Lugansk va Xerson viloyatlarida Kreml tomonidan qo’yilgan rahbarlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ushbu hududlarni Rossiya hududiga qo’shib olishni soʻrab murojaat qilishi ortidan yangradi.
Bu rasmiylarning aytishicha, besh kunlik referendum natijasida Zaporojyeda ovoz berganlarning 93 foizi, Xersonda 87 foizi, Luganskda 98 foizi va Donetskda 99 foizi Rossiyaga qo’shilishni ma’qullagan. Mintaqalar birgalikda Ukraina hududining taxminan 15 foizini tashkil qiladi.
Referendum natijalari tan olinmaydi
Ukraina, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari o’tkazilgan referendumlarni noqonuniy deb hisoblaydi. Ularning xalqaro miqyosda tan olinishi kutilmayapti.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy seshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashidagi chiqishida Rossiyani bu soxta referendumlar uchun xalqaro miqyosda izolyatsiya qilishga chaqirdi.
"Bularning barchasini to'xtatishning yagona yo'li bor, - dedi u videomurojaat orqali. - Birinchidan, Rossiyaning bu harakatlariga javoban uni butunlay yakkalab qo’yish kerak”.
Zelenskiy, shuningdek, Moskvaga nisbatan koʻproq sanksiyalar qoʻyishga, uni BMT Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqidan mahrum qilishga va barcha xalqaro institutlardagi ishtirokini to’xtatishga chaqirdi.
“Egallab olingan hududlarning anneksiya qilinishi BMT Nizomining eng shafqatsiz buzilishidir, - dedi Ukraina prezidenti. - Bu boshqa davlat hududini o'g'irlashga urinish. Bu xalqaro huquq normalarini o'chirishga urinish".
Agar Moskva bu hududlarni anneksiya qilsa, dedi Zelenskiy, bu “Rossiya prezidenti bilan gaplashadigan hech narsa yo‘qligini anglatadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining siyosiy rahbari Rozmari DiKarlo kengash a'zolariga bu referendumlar "xalq irodasining haqiqiy ifodasi" emasligini aytdi.
“Bir davlatning boshqa bir davlat hududini kuch bilan egallab olish urinishlariga qonuniylik niqobini ta’minlashga qaratilgan bir tomonlama harakatlarni xalqaro huquqda qonuniy va xalq irodasini ifodalash deb bo’lmaydi”, - dedi u.
“Endi Kiyevni nafaqat Qrim va Donbas aholisi, balki Xerson va Zaporojye viloyatlari ham rad etmoqda”, - dedi Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzya kengash aʼzolariga. - Agar Kiyev oʻz xatosi va strategik nuqsonlarini tan olmasa va oʻz xalqi manfaatlaridan kelib chiqib, ularni oʻyin qilayotgan odamlarning irodasini koʻr-koʻrona amalga oshirmasa, bu jarayon davom etadi”.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin endi anneksiya ortidan Ukraina harbiy kuchlarining bu hududlarni qaytarib olishga bo'lgan har qanday urinishini Rossiyaning o'ziga qarshi qaratilgan hujum sifatida da'vo qilishi mumkin.
Diplomatik harakatlar
Qo'shma Shtatlar va Albaniya Xavfsizlik Kengashi a'zolariga referendumlarni qoralab, mamlakatlarni Ukrainaning o'zgartirilgan statusini tan olmaslikka chaqiruvchi va Rossiyani o'z qo'shinlarini mamlakatdan olib chiqishga majburlovchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi.
"Agar Rossiya bu yerda kengashdagi javobgarlikdan o’zini to’sib olsa, biz Moskvaga shubhasiz ogohlantiruvchi xabar yuborishini so’rab BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilamiz, - dedi AQSh elchisi Linda Tomas-Grinfild. - Dunyo birgalikda turishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini himoya qilishi kerak".
U yig'ilishdan so'ng jurnalistlarga shu hafta oxiri yoki kelasi hafta boshida Xavfsizlik Kengashida rezolyutsiya ovozga qo’yilishiga umid qilishini aytdi.
“Biz BMTning barcha aʼzolarini – suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligi tamoyillarini maʼnoga ega deb hisoblovchi barchani Rossiya harakatlariga qarshi chiqishga, referendumlar va ularning kutilayotgan natijalarini qoralashga va zoʻravonlik va terror yoʻli bilan Ukraina yerlarini oʻgʻirlashga urinishlarni hech qachon tan olmaslikka chaqiramiz”, - dedi Albaniya elchisi Ferit Xoja.
Facebook Forum