Breaking News

AQShda saylov oldidan qo'shimcha xavfsizlik choralari


Neshvill, Tennessi shtati
Neshvill, Tennessi shtati

Kongressda kelasi ikki yilda kim hukmronlik qilishini hal etuvchi saylovlar yaqinlashar ekan, AQShda federal, shtat va mahalliy organlar xavfsizlik choralarini mustahkamlash bilan band.

Saylov uchrastkalarining xodimlariga nisbatan ayrim shtatlarda tahdidlar kuzatilgan.

“Ovoz berishimiz uchun sharoit yaratish bilan band insonlar biror xavf bilan yuzlashmasligi kerak”, - deydi Liza Votkins, Virjiniya shtatidan.

“Ishqilib, jarayon tinch o'tsin, zo'ravonliksiz".

8-noyabr kuni o'tadigan saylovda qo'shimcha choralar ko'riladi, deya bildiradi Adliya vazirligi. Diskriminatsiyaga yo'l qo'yilmaydi, deydi mutasaddilar.

Adliya vaziri muovini Kristen Klark deydiki, ovoz berish huquqiga ega har bir shaxs buni bemalol qila olishi, uning ovozi hisobga olinishi, u kamsitilmasligi va bosimga olinmasligi shart.

Rasmiylarning aytishicha, 2020-yildagi prezident saylovlarining natijasi bahs-munozaralarga sabab bo'lgan shtatlarda janjal chiqish ehtimoli bor.

Saylov xizmatchilariga tahdidlarning yarmidan ko'pi Arizona, Jorjiya, Kolorado, Michigan, Pensilvaniya, Nevada va Viskonsin shtatlarida qayd etilgan. Aynan shu hududlarda 2020-yildagi ovozlar qayta sanalgan va norozilik chiqishlari qilingan.

Xavfsiz va ishonchli saylovlarni targ'ib qiluvchi nohukumat tashkilotdan Nil Kelli ta'kidlashicha, so'rovlarda ovoz berish markazlarida ishlaydigan har besh kishidan uch nafari o'zini tahdid ostida deb hisoblashini aytgan.

Lekin o'zi Kaliforniya shtatida yashaydigan Kelli fikricha, vahimaga hojat yo'q. Amerika tajribali demokratiya, deya eslatadi u, odamlarga va tizimga tayanish kerak.

Kelli saylov kuni atrofida fuqarolar qurolli kuchlarni ko'rishni istamaydi. Hukumat uchastkalarni puxta tayyorlasin, shuning o'zi yetadi, deydi u.

"Ovoz berish tizimimiz ishonchli, buni xalqimiz bilishi lozim".

Amerikada saylovchi erta ovoz berishi mumkin. Millionlab odamlar bu imkoniyatdan foydalanadi.
Amerikada saylovchi erta ovoz berishi mumkin. Millionlab odamlar bu imkoniyatdan foydalanadi.

AQShda ovoz berish markazlaridan ishlaydiganlarning aksariyati ko'ngillilar p- nafaqaxo'rlar yoki bu ezgu ishga vaqt ajratadigan yoshlar.

Tizimni o'rgangan tadqiqotchi Lorens Norden deydiki, ko'ngillilar qocha boshlashi demokratiyaga yaqqol zarar.

So'rovlarda hozir ishlayotganlarning beshdan biri keyingi saylovda hissa qo'shmaslikka qaror qilganini aytgan.

“Ketmang, deyman, chunki xizmatingiz buyuk", - deydi Kelli ularga qarata.

"Saylovga chiqqanlar sizning mehnatingiz samarasi o'laroq jarayondan maroq oladi, faxrlanib uyiga yoki ishiga qaytadi. Demokratik jarayonning bir muhim qismini siz tashkillashtirayapsiz".

Federal hukumat xizmatchilarni maxsus treninglardan o'tkazmoqda.

“Yoshlarni yollayapmiz", - deydi Umar Sobir, Filadelfiya shahar rasmiysi.

Bu hududda qora tanlilar aholining deyarli yarmi va ular doimiy ravishda diskriminatsiyadan noliydi.

Bu safar kamroq shikoyatlar tushadi, deya umid qilayotgan Sobirning tushuntirishicha, saylov uchrastkalaridan ishlaydiganlarga maosh va imtiyozlar oshirilmoqda.

"Keling, ishlang, qo'rqmang. Keling, ovoz bering, ishoning".

To'rt shtat yaqinda qonunlar qabul qilib, ovoz berish markazlarida tartibni buzganlarni qattiqroq jazolashni yo'lga qo'ymoqda, xususan Kolorado va Kaliforniyada.

Ovoz berish mashinalari va ular bilan bog'liq texnologiya xavfsizligi uchun ham qo'shimcha mablag', millionlab dollar ajratilgan. Kiber ehtiyotkorlik - zamon talabi, deydi treningdan o'tayotgan amerikaliklar.Bu ishlarga AQSh internet va infrastruktura xavfsizligi agentligi bosh-qosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG