Breaking News

Baydenning yillik murojaati: kutilayotgan mavzular va munosabat


Bayden yillik murojaatida nimalar haqida gapiradi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

Bayden yillik murojaatida nimalar haqida gapiradi?

Prezident Jo Bayden mamlakatga qiladigan ikkinchi yillik murojaatida qanday yangi mavzularni tilga oladi? Davlat rahbari Kongress oldida xalqqa hisobot berishi kutilar ekan, tahlilchilar Bayden uchun bu vazifa oson bo’lmasligini ta’kidlamoqda.

Prezident Jo Bayden yangi saylangan AQSh Kongressi huzurida o’z rejalari xususida hisobot beradi.

Seshanba oqshomida bo’lib o’tadigan bu tadbir oldidan Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer so’nggi daqiqagacha murojaat matni o’zgarishi mumkinligini, ammo ba’zi mavzular shubhasiz tilga olinishini bildirdi.

“Uning rahbarligi ostida biz ko'rayotgan muhim iqtisodiy taraqqiyot, iqtisodiyotimizni pastdan tepaga qarab qurib borish haqidagi qarashlar tilga olinadi. Oxirgi ikki yil ichida qabul qilingan tarixiy qonun hujjatlari yaxshi maoshli o‘rta sinf ish o‘rinlarini yaratib, yo‘llarimizni, ko‘priklarimizni, tunnellarimizni ta’mirlash, kundalik tovarlar narxini pasaytirish orqali odamlar uchun real natijalar bermoqda”, - dedi u.

Lekin, deydi tarixchi Jeremi Suri, bu murojaat, doimgidek, siyosiy maqsadlarni ham ko’zlaydi.

Bayden maxfiy hujjatlar bo'yicha tekshiruv ostida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:46 0:00

“Qilinadigan ishlar uchun siyosat muhim. Bu murojaat prezidentga har yili muhim masalalar kun tartibini belgilash va jamoatchilik muhokamasini unga hamda uning partiyasiga foyda keltiradigan tomonga yo’naltirish imkoniyatini beradi. Ayni paytda unga nisbatan jamoatchilik bosimi ham oshadi”, - deydi u.

Suri Baydenning o'ta o'ng guruhlardan demokratiyaga bo’layotgan tahdid mavzusiga yana qaytishini kutmoqda.

Ukrainadagi urush masalasiga ham e’tibor qaratilishi kutilyapti. O’tgan yilgi murojaatda Bayden endi boshlagan Rossiya bosqinini qoralab, G’arbni Ukrainaga yordam berishga chaqirgan edi.

Bayden, shuningdek, abort, qurolli zo'ravonlik va politsiya islohotiga oid yangi qonunlarni qabul qilish zaruratiga to’xtalishi mumkin.

Ammo bularning ijrosi oson bo’lmaydi. Qonunlar Kongress tomonidan qabul qilinadi. Vakillar palatasi nazorati esa so’nggi saylov ortidan muxolif respublikachilar qo’liga o’tdi.

Seshanba kuni Vakillar palatasining yangi Spikeri Kevin Makkarti nutq paytida Baydenning orqasida o’tadi. U soliq to'lovchilarning puli qanday sarflanayotgani haqida Bayden ma’muriyatini tinimsiz so’roqqa tutmoqda. Respublikachilar, shuningdek, hukumat xarajatlarini keskin qisqartirish tarafdori.

"Mening qarashim aniq. Hozirgi yo'lni davom ettira olmaymiz. Muvozanat yo'liga o'tish uchun yo’nalishni o'zgartirishimiz kerak. Bunga qanday erishish haqida gaplashamiz", - deydi Makkarti.

Surining aytishicha, nutq paytida odamlar Makkartining reaksiyasini ham kuzatib o’tiradi.

“Agar qovog'ini chimirsa, noroziligini bildirsa, u hamkorlik qila olmaydigan, ekstremist siyosatchidek ko’rinadi. Agar prezident Bayden bilan muloqot qilishdan juda mamnundek ko’rinsa, u holda u o'z partiyasidagi o'ta o'ng guruhni, prezidentga qarshi chiqishni talab qilayotgan partiyadoshlarini norozi qiladi”, - deydi Suri.

Bayden mamlakatning oliy minbaridan xalqqa murojaat qilar ekan, siyosat, dabdaba va shaxslar to’qnashuvi yaqqol namoyon bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG